Линклар

logo-print

Chorshanba kuni O‘zbekiston “Yoshlar” telekanali Toshkent viloyatida tadbirkorlarni talash bilan shug‘ullangan militsionerlar to‘g‘risida lavha efirga uzatildi. Telelavhada aytilishicha¸ militsionerlardan tarkib topgan to‘da badavlat tadbirkorlarni shantaj qilib pul undirish bilan muntazam shug‘ulllanib kelishgan.

Teledasturda aytilishicha¸ Toshkent viloyatida tadbirkorlarga nisbatan uydirma jinoyat ishlarini ochgan ichki ishlar idorasi xodimlari shu kunlarda qo‘lga olinib, so‘roq qilinmoqda.

Dasturni tomosha qilgan Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, “yomon militsionerlar” to‘g‘risidagi “fosh qiluvchi” dasturning saylov arafasida efirga uzatilishidan buyurtma ma‘rakaning hidi kelmoqda.

O‘tgan hafta Toshkent telekanali O‘zbekistondagi tibbiyot idoralarida korruptsiya va gumanitar yordamlarning o‘g‘irlanishi haqidagi dasturni efirga uzatgan edi.

Tadbirkorni yig‘latgan ko‘rsatuv

"Yoshlar" telekanalidagi “Qaroqchi militsionerlar” haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rgan Ilxombek Sanjaraliyev degan Toshkentlik tadbirkor yigitning Ozodlikka aytishicha¸ qaroqchi militsionerlarning televizorda fosh qilinganini teletomoshabinlar quvonch bilan qarshilagan.

- Bu ko‘rsatuvni dolzarb va zarur, deb hisoblayman. Militsionerlar zulmi haqida ko‘proq shunday ko‘rsatuvlar bo‘lgani ma‘qul. Odamlar bu ko‘rsatuvni ko‘rib, zolim militsionerlar ham jazoga tortilib¸ adolat qaror topishi mumkin, degan yakuniy fikrga kelishdi¸- deydi suhbatdosh.

Toshkentlik 43 yashar tadbirkor Ilxombek Sanjaraliyevning aytishicha¸ bu dasturda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani va Chirchiq shahridagi mafiya guruhlari bilan birgalikda reket bilan shug‘ullangan uch nafar militsiya xodimi ko‘rsatilgan:

- Bu qaroqchi militsionerlarning asl qiyofasi ko‘rsatildi. Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining sobiq zobitlari Ro‘zmat Mahkamov¸ Navfal Imomatov va Shuhrat Fayzullayevning odamlarni qanday talagani¸ o‘lpon bermaganlarni esa shantaj qilib, qamagani aniq faktlar bilan ko‘rsatildi. Masalan, o‘lpon bermagan bir tadbirkorni bu pogonli alvastilar besh yil qamoqqa tashlashgan. Militsionerlar tuhmati bilan besh yil qamalgan tadbirkor teleko‘rsatuvda ko‘zida yosh bilan o‘z taqdiridan hikoya qildi. Men ham militsiyadan zulm ko‘rgan tadbirkorman. Bu lavhani ko‘rib, mening ham ko‘zimga yosh keldi¸- deydi suhbatdosh.

Saylov arafasidagi supurib-sidirish?

Ozodlikning Toshkentdagi manbalarining aytishicha¸ “yomon militsionerlar” haqidagi “fosh qiluvchi” dasturning saylov arafasida efirga uzatilishidan buyurtma ma‘rakaning hidi kelmoqda.

O‘tgan hafta Toshkent telekanali O‘zbekistondagi tibbiyot idoralarida korruptsiya va gumanitar yordamlarning o‘g‘irlanishi haqidagi dasturni efirga uzatgan edi.

Yoshlar telekanali “fosh qilgan yomon militsionerlar” haqiqatdan ham yomonmi? Balki ularning o‘zlari yuqoriga bo‘nak uzatmagani uchun “jazolangandir”?

Bu savollarni Bo‘stonliq tumani Humson qishlog‘ida yashovchi oddiy o‘qituvchiga berdik.

O‘qituvchi ismi sir qolishi sharti bilan suhbatga rozi bo‘ldi:

- O‘zbekiston telekanallari yolg‘on gapiradi deyishadi¸ lekin bu safar ular haqiqatni ko‘rsatdi. Bu militsionerlarning zolimligini butun Bo‘stonliq turg‘unlari biladi. Masalan, yozda shaharliklarga uyimizni mavsumiy kiraga bersak ham bu militsionerlarga o‘lpon berib kelgan edik. Amalda esa bu g‘irt reket edi. Men oddiy o‘qituvchi bo‘lib ham shulardan aziyat chekdim. Sal baquvvatlarni esa siqib suvini ichishdi,- deydi suhbatdosh.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining sobiq zobitlari Bo‘stonliqqa dam olishga kelgan tadbirkorlarni shantaj qilib, pulini olish maqsadida ularning qizlar bilan maishatini videotasvirga olishgan.

Pirovardida mahalliy kriminal guruhlar ko‘magida bu videotasvirlar uchun tadbirkorlardan kattagina o‘lpon undirilgan.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbalarining aytishicha¸ Toshkent viloyati IIBning sobiq zobitlari Ro‘zmat Mahkamov¸ Navfal Imomatov va Shuhrat Fayzullayevlar qamoqqa olingan va ular o‘z ayblariga iqror bo‘lib ko‘rsatma berishgan.

Zobitlarning bunday iqrorliklari chorshanba kuni "Yoshlar" telekanalidagi ko‘rsatuvda ham namoyish qilindi.

O‘zbekistonda saylov arafasida bir necha pogon sohiblari sudlangan edi. Yil boshida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ibrohim Dehqonboyev 15 yilga qamalgani aytilgani bildirildi. O‘tgan yilning avgust oyida hibsga olingan MXX polkovnigi bilan birga u tashkil qilgani aytilayotgan jinoiy guruhga kirgan o‘nlab odam qamalgan.

O‘tgan yilning oktabr oyida Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov ishdan olingan edi. Ozodlik manbalari militsiya boshlig‘i Mullajonov tadbirkorlar biznesini tortib olganlik aybi bilan ishdan haydaldi, deya bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG