Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:50

Toshkent qora bozorlarida dollar 4 ming 100 so‘mga chiqdi​


Toshkent qora bozorlarida 1 AQSh dollari 1 fevral kuni 4 ming 50 - 4 ming 100 so‘mgacha qimmatladi. Bu so‘nggi 25 yil ichida O‘zbekiston qora bozorlarida qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdir. Sarroflar dollar narxining beqarorligini Rossiya rublining qadrsizlanishiyu, O‘zbekistonga AQSh dollari oqimining keskin kamaygani bilan izohlamoqda.

Toshkent shahridagi yirik va ulgurji bozorlar yon-verida yurib turgan qora bozorlarda shu kunlarda AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbati o‘ta beqaror bo‘lib qolmoqda.

1 fevral kuni AQSh dollarini so‘mga aylantirgan toshkentlik Hakimjon Oloy, Chilonzor va Taxta bozorlari tegrasida shakllangan xorijiy valyuta qora bozorlarida sarroflar 1 AQSh dollarini 3 ming 800 - 3 ming 900 so‘mdan xarid qilganiga guvoh bo‘lganini aytmoqda.

- Men kecha Chilonzordagi qora bozorda dollar maydaladim. Menga 3 ming 880 so‘mdan maydalashdi. Keyin ulardan qanchaga sotayotganini ham so‘radim: 4 ming 50 - 4 ming 100 so‘mdan sotamiz, deyishdi. Boshqa qora bozorlardan ham so‘radim, narxlar shunaqa - maksimum, 4 ming 150 bo‘ldi kecha,- deydi toshkentlik tadbirkor Hakimjon.

Bu 1 fevral kunida qayd etilgan rekod narxdir. 2 fevral kuni esa qora bozorlarda sarroflar 1 AQSh dollarini o‘rtacha 3 ming 950 so‘mdan sotgani, aholi qo‘lidan esa 3 ming 920 so‘mdan sotib olgani qayd etildi.

O‘zbekiston qora bozorlarda dollar narxining rekord darajada oshganiyu keyingi bir hafta - o‘n kun ichida xorijiy valyuta narxining o‘ta beqaror bo‘lib turgani sabablarini sarroflarning o‘zi xorijdan kelayotgan valyuta oqimining keskin kamaygani bilan izohlamoqda.

- Men nimaga bunaqa qora bozorning narxini oshirib yuborishganini so‘rasam, Rossiyadan dollar kam kelayapti, deb aytishdi. Lekin, narx nimaga bunaqa o‘ynayapti, desam: "Biz ham bilmasak endi, bozorda bu", deyishyapti,- deydi toshkentlik tadbirkor Hakimjon.

Toshkentlik iqtisodchi Toshbek o‘zbek qora bozorlarida narxni o‘ynatayotgan omillar bir talay ekanini aytarkan, asosiy omil hanuz Rossiya rublining beqarorligidir, deb hisoblaydi:

- Rossiya rublining kursi o‘ynab turibdi va bu O‘zbekistondagi qora bozorlarga, tabiiyki, ta‘sir qilayapti. Ikkinchidan, dollar kelishi kamaygan. Endi bu boradagi yakuniy bir xulosani Rossiya Markaziy bankining xorijga yuborilgan valyuta miqdoriga oid statistikasi chiqqandan keyin aytish mumkin,- deydi iqtisodchi Toshbek.

O‘zbekiston Markaziy banki 27 yanvar kuni xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini belgilagan va shu kundan O‘zbekistonda 1 AQSh dollarining rasmiy kursi 2 ming 436 so‘m 16 tiyinga teng qilib qo‘yilgan.

Yanvarь oyida Jahon banki iqtisodchilari Rossiyada rublь qadrining keskin tushishi ortidan Rossiyadan pul o‘tkazmalari borayotgan 9 mamlakat, jumladan O‘zbekiston iqtisodiga xavf tug‘ilgani haqidagi xulosani e‘lon qilgan edi.

Jahon banki mutaxassislariga ko‘ra, MDH makonidagi mamlakatlar 2015 yilda umumiy miqdorda 10 milliard dollardan ko‘proq tushumdan mosuvo qolishi mumkin.

Ayni paytda Jahon banki O‘zbekiston iqtisodining kamida 12 foizi Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalariga bog‘liq ekani haqida xulosa bergan.

Juma kuni Rossiya Markaziy banki bir AQSh dollari narxini 68 rubl 92 kopeyka qilib belgiladi. Ammo, 2 fevral kuni Rossiya birjalarida AQSh dollarining narxi 70 rubldan oshib ketdi.

Rubl qadrsizlanishining ta‘siri, ayni paytda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham sezilmoqda. Yanvarь oyida Turkmanistonning manati 19 foizga qadrsizlandi.

Jahon banki mutaxassislariga ko‘ra, Qirg‘iziston va Tojikistonga inflyatsiya tahdid solmoqda.

XS
SM
MD
LG