Линклар

Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘zbekistonlik er-xotin ikki kunlik chaqalog‘ini “Toyota Kamri” mashinasiga almashtirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Ostona shahar Ichki ishlar boshqarmasi bolasini sotishga rozi bo‘lgan o‘zbekistonlik juftlik iqtisodiy nochor ahvolda emasligini alohida qayd etdi.

Ostona shahar Ichki ishlar boshqarmasining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi 2 fevral kuni tarqatgan xabarda aytilishicha, operativ-qidiruv amaliyoti natijasida bolasini avtomobilga almashtirishga uringan 25 va 29 yoshli o‘zbekistonlik juftlik qo‘lga olingan.

Ostona shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rasmiylaridan biri Sofiya Qilichbekova Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik juftlik bolasini mashinaga almashtirishni oldindan rejalaganini aytadi:

- Er-xotin o‘zbekistonlik. O‘tgan hafta, 27 yanvar kuni ularni o‘g‘il farzandi tug‘iladi. Bola juda sog‘lom. Tug‘ilganida 3.8 kilogramm bo‘lgan. Bola tug‘ilganidan ikki kun o‘tib, ya‘ni 29 yanvar kuni uni ota-onasi chaqalog‘ini “Toyota Kamri” rusumli uch yil haydalgan mashinaga almashtirmoqchi bo‘lishadi. Ular shu avtomashinani o‘zlarining nomiga rasmiylashtirgan paytda qo‘lga olinadi. Juftlik bolani mashinaga almashtirishni oldindan rejalagan va mashinaning rusumi qanaqa bo‘lishi va besh yildan eski bo‘lmasligi haqida shart ham qo‘yishgan, - deydi Ostona shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot hizmati rasmiysi Qilichbekova.

Bolaning otasi bundan sakkiz yil avval O‘zbekistondan Qozog‘istonga ishlagani kelib, shu mamlakat fuqaroligini olgan. U Ostonadagi qurilish shirkatlaridan birida ishlab kelgan.

Uning rafiqasi esa hali ham O‘zbekiston fuqarosidir.

Hozir bola Ostonadagi kasalxonalardan biriga yotqizilgan. Ota-onasi esa Ostona Ichki ishlar boshqarmasining vaqtincha tergov izolyatorda saqlanmoqda.

Mazkur hodisa yuzasidan balog‘atga yetmagan bolani sotish aybi asosida jinoyat ishi ochilgan.

So‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklarning o‘z bolasini sotuvga qo‘yishi ko‘p uchramoqda.

O‘tgan yil mart oyida Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida 22 yashar o‘zbekistonlik ayol to‘rt kunlik chaqalog‘ini 25 ming rublga sotishga uringanida qo‘lga tushdi.

Aprel oyida Volgagrad shahrida ham shunga o‘xshash holat ro‘y berdi. Yangi tug‘ilgan bolasini 35 ming rublga pullamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol hibsga olindi.

Kuzatuvchilar iqtisodiy nochorlik o‘zbekistonlik ayollarni bolasini sotishga undovchi asosiy omil ekanini aytishadi

Lekin, Ostona shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylariga ko‘ra, bolasini “Toyota” mashinasiga almashtirishga uringan o‘zbekistonlik juftlik iqtisodiy nochor ahvolda bo‘lmagan.

XS
SM
MD
LG