Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:52

Faollar prezidentlikka Karimov nomzodini ko‘rsatmaslikni talab qildi​


O‘zbekistonlik huquq himoyachilarining Bosh prokuror, Senat raisi, Konstitutsiyaviy sud va Markaziy saylov komissiyasiga yozgan shikoyati.
O‘zbekistonlik huquq himoyachilarining Bosh prokuror, Senat raisi, Konstitutsiyaviy sud va Markaziy saylov komissiyasiga yozgan shikoyati.

O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish alyansi Respublika Bosh prokurori Rashid Qodirovdan amaldagi prezident Islom Karimov namzodining prezidentlikka ko‘rsatilganini noqonuniy deb topishni talab qilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi o‘zbekistonlikarni 29 martda o‘tadigan prezidentlik saylovini baykot qilishga chaqirdi.

"Alyans": Karimov Qonunga amal qilsin!

“Alyans” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti O‘zbekiston Bosh prokurori, Oliy Majlis Senatining raisi, Konstitutsiyaviy sud raisi va Markaziy saylov komissiyasi raisi nomiga 2 fevral kuni yo‘llangan shikoyatda ta‘kidlanishicha, prezidentlikka Islom Karimov nomzodi ko‘rsatilgani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga zid keladi.

Shikoyatga imzo chekkan huquq faollari Yelena Urlayeva, Shuhrat Rustamov va mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova Islom Karimov uch marta prezidentlik vakolatini o‘tab bo‘lgani, Konstitutsiyaning 90-moddasida:“Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas”, deb qayd etilganini yuqorida nomi aytilgan tashkilot rahbarlariga eslatadi.

Shikoyatda Bosh prokurordan O‘zbekiston prezidentligiga Islom Karimov nomzodini ko‘rsatish yuzasidan Liberal demokratik partiyaning qarori bekor qilinishi iltimos qilinadi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud raisidan "Liberal demokratik partiyaning bo‘lajak prezident sayloviga to‘rtinchi marotaba amaldagi Prezident I.Karimovning nomzodini ko‘rsatish xaqidagi qarori Konstitutsiyaga mos emasligi to‘g‘risida xulosa berish" so‘raladi.

“Markaziy Saylov xay‘atining Raisiga murojaat qilib, bo‘lajak Prezident saylovida amaldagi Prezident I.Karimovni Prezident lavozimiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritishni O‘z.R.Konstitutsiyaviy sudi bizning Shikoyatimizni ko‘rib chiqib, O‘z.R.LDP ning mazkur Qarorini O‘z.R. Konstitutsiyasi talablariga mos emasligi to‘g‘risida Xulosa chiqargunicha va O‘z.R. Bosh Prokurori xamda O‘z.R. Oliy Majlis Senatining Raisi bizning Shikoyatimiz yuzasidan tegishli Qarorlar qabul qilgunicha to‘xtatib turishingizni so‘raymiz”, deyiladi shikoyatda.

Tashabbus guruhi prezidentlik saylovini baykot qilishga chaqirdi

2 fevral kuni Toshkentdagi Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi o‘zbekistonliklarni 29 martdagi prezidentlik saylovlarida Islom Karimovga ovoz bermaslik yoki saylovlarni boykot qilishga chaqirgan bayonotni Internet tarmog‘i orqali e‘lon qildi.

Guruh bayonotida Islom Karimov mamlakatni boshqargan 26 yil davomida siyosatda, iqtisodda, ijtimoiy sohada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmagani, aholining 8 millionga yaqini xorij davlatlariga mehnat muhojiri sifatida ketishga majbur bo‘lgani haqida aytiladi hamda o‘zbekistonliklar tahdid va bosimlardan qo‘rqmaslikka chaqiriladi. "Unutmang, siz mustaqil O‘zbekistonning haqiqiy egasisiz" deyiladi bayonotda.

"2005 yil 13 mayida Andijonda bir necha yuz fuqarolarning otib o‘ldirilishi uchun mas‘ul bo‘lgan shaxs qanday qilib davlatni boshqarishi mumkin?" "8 milliondan ortiq fuqarolar ish yo‘qligidan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH mamlakatlarida sarson-sargardon yurgani uchun kim aybdor?" deya xitob qiladi o‘z murojaatida mustaqil inson haqlari guruhi.

Mazkur bayonot yuzasidan Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov bilan suhbatlashdik.

Ўзбекистон Мустақил инсон ҳуқуқлари ҳимоячилари ташаббус гуруҳи раҳбари Суръат Икромов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:16 0:00
Бевосита линк

Avvalroq O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi prezidentlik sayloviga nomzodi ko‘rsatilgan amaldagi prezident Islom Karimov foydasiga 1 million imzo to‘planganini xabar qilgan edi.

Ozodlik manbalari prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash varaqasiga imzo yig‘ish O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ixtiyoriy-majburiy tarzda o‘tkazilayotganini aytmoqda.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishchilari 28 yanvar kuni Ozodlik radiosiga Islom Karimovni mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish haqidagi varaqaga imzo qo‘yishga majburlanayotganliklarini bildirgan. Ishchilarning aytishlaricha, imzo qo‘yishni istamagan shaxslarga ishdan haydalish bilan tahdid qilinayapti.

Islom Karimov nomzodi 15 yanvar kuni Liberal demokratlar partiyasi tomonidan ko‘rsatilgan edi.

XS
SM
MD
LG