Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:36

Mutaxassis: Rossiyaga gaz eksporti kamayishi o‘zbekistonliklar muammosini hal qilmaydi​


“O‘zbekneftegaz” Markaziy Osiyo-Xitoy quvuriga 10 milliard kub metr gaz solish niyatini bildirgan.
“O‘zbekneftegaz” Markaziy Osiyo-Xitoy quvuriga 10 milliard kub metr gaz solish niyatini bildirgan.

Rossiyaning “Gazprom” shirkati O‘zbekiston va Turkmanistondan sotib olinadigan gaz hajmini keskin kamaytirishini e‘lon qildi. “Gazprom” raisi o‘rinbosari Aleksandr Medvedev joriy yilda O‘zbekistondan sotib olinadigan gaz hajmi to‘rt barobarga kamaytirilib, 1 milliard kub metrni tashkil qilishini bildirdi. Yaqin o‘tmishda o‘zbek gazining asosiy xaridori bo‘lgan Rossiya undan voz kechayotgani gaz taqchilligini boshdan kechirayotgan o‘zbekistonliklar muammosini hal qilishiga shubha bildirmoqda mutaxassislar. O‘zbekistonning o‘zi ham Rossiyaga gaz eksportini kamaytirib, Xitoyga sotiladigan gaz hajmini oshirish niyatini bildirmoqda.

Rossiyaning “Gazprom” shirkati 2015 yilda O‘zbekiston va Turkmanistondan sotib olinadigan tabiiy gaz hajmini qariyb 10 milliard kub metrga kamaytirishini e‘lon qildi.

Bu haqda bildirgan “Gazprom” boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari Aleksandr Medvedevning aytishicha, O‘zbekistondan sotib olinadigan gaz hajmi qariyb 4 barobarga kamaytirilib, joriy yilda 1 milliard kub metr tabiiy gaz sotib olinadi. Turkmanistondan ham o‘tgan yilgi 10 milliard kub metr o‘rniga 4 milliard kub metr gaz sotib olinadi.

“Gazprom” Markaziy Osiyodan sotib olgan gazning katta qismini Yevropa Ittifoqiga sotadi. Bunda O‘zbekistondan har ming kub metr gaz uchun 250 AQSh dollari atrofida haq to‘lagan “Gazprom” Yevropaga 375-390 dollardan sotadi. Masalan, Ukraina har ming kub metr gaz uchun o‘tgan yilning boshida “Gazprom”ga 400 dollardan to‘lagan.

Gazprom shirkati raisi o‘rinbosari Medvedevga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistondan olinadigan gaz o‘rniga Rossiyaning o‘zidan qazib olingan gaz Yevropaga eksport qilinadi.

Rossiya keyingi 4-5 yil davomida O‘zbekistondan gaz importi hajimini muntazam kamaytirib bormoqda. Masalan, 2006 yilda O‘zbekiston Rossiyaga qariyb 10 milliard kub metr gaz eksport qilgan. 2014 yilga kelib eksport hajmi 4 milliard kub metrni ham tashkil qilmadi. Joriy yilda esa O‘zbekiston 1 milliard kub metr gazini Rossiyaga sota oladi xolos.

Ortib qolgan gaz ichki iste‘molchiga yetib bormaydi

O‘zbekiston dunyoning gaz qazib oluvchi eng yirik davlatlar yigirmaligiga kiradi. Bu mamlakat yiliga 55-60 milliard kub metr gaz qazib oladi. O‘zbekiston rasmiylarga ko‘ra, tabiiy gaz eksporti hajmi 10-13 milliard kub metrni tashkil qiladi, qazib olingan tabiiy gazning asosiy qismi esa ichki iste‘mol uchun ishlatiladi.

Shunga qaramasdan, O‘zbekiston aholisining aksar ko‘pchiligi qish mavsumini gaz taqchilligi vaziyatida o‘tkazmoqda. Keyingi 4-5 yilning voqeligiga aylangan bu muammo, joriy yilda, ayniqsa, keskinlashganini kuzatish mumkin.

Rossiyaga gaz eksportining qisqarishi O‘zbeksitonda ichki iste‘mol ehtiyojlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashiga umid qilinmoqda. “O‘zbekneftegaz” davlat shirkati vakillari Ozodlikning bunga oid savollariga javob berishni istashmadi.

Lekin “O‘zbekneftegaz” loyihalari bilan bevosita shug‘ullanuvchi mutaxassis, Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, Rossiyaga gaz eksportidan ortib qolgan gaz ichki iste‘molga yo‘naltiriladi, degan bashoratlar anchayin jo‘n, deya ta‘kidladi. Shaxsi sir qolishini istagan mutaxassisning aytishicha, mamlakat ichki iste‘molchilariga tabiiy gazning yetib bormayotgani ortida murakkabroq sabablar yotibdi.

“Tabiiyki, qishda gaz ishlatilishi oshadi. Lekin mamlakat gaz transport tizimidagi quvurlarning katta qismi sovet darida o‘tkazilgan. Bu quvurlar, ayniqsa, qishloq joylaridan o‘tadiganlari ta‘mirlanmaydi, hammasi eskirib ketgan. Qishda iste‘mol ko‘paygani uchun gaz bosimini oshirish kerak. Gaz bosimini oshirsangiz, eski quvurlar ushlamasligi mumkin, ya‘ni portlash ro‘y berishi ehtimoli juda yuqori. Albatta, ba‘zi joylarda, masalan, shaharlarda quvurlarni ozmi-ko‘pmi almashtirishadi, shuning uchun shahar joylarda gaz muammosi, qishloqlardagidek emas. Mana qishloqlarda ham yangi kottejlarni qurishyapti, u yerga yangi quvurlar o‘tkazilmoqda, bu quvurlar 20-25 yil ishlab beradi”, deydi “O‘zbekneftegaz” mutaxassisi.

Uning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda avtomobillarga gazni siqib beradigan stantsiyalar, gaz ishlatadigan nonvoyxona, issiqxona va shu kabi boshqa inshootlarning nazoratsiz ko‘paygani ham muammoga jiddiy hissa qo‘shmoqda.

“Shuning uchun Rossiya bizdan kamroq gaz sotib olgani bilan muammo hal bo‘lishini kutish soddadillik bo‘ladi”, deydi “O‘zbekneftegaz” mutaxassisi.

Gaz Xitoyga oqadi

Bundan tashqari O‘zbekiston so‘nggi yillar davomida tabiiy gaz eksporti yo‘nalishini sharq tomon burib, Markaziy Osiyoni Xitoy bilan bog‘laydigan gaz quvuri loyihasida faol ishtirok eta boshlaganini ham esdan chiqarmaslik kerak, deydi mutaxassislar.

Yil boshida Xitoy milliy neftgaz korporatsiyasi va “O‘zbekneftegaz” Markaziy Osiyo –Xitoy gaz quvirining O‘zbekistondan o‘tuvchi to‘rtinchi tarmog‘ini qurish rejalari e‘lon qilindi.

“O‘zbekneftegaz” Turkmanistondan boshlanib O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoygacha yetib boradigan yirik gaz quvuri tarmoqlariga 2014 yilda 10 milliard kub metrgacha gaz oqizish niyatini bildirgan edi.

Hozirda O‘zbekiston janubi-g‘arbidagi Qandim, Xavzak va Shodi gaz konlarini o‘zlashtirish ishlari yakuniga yetmoqda. Rossiyaning “Lukoyl” shirkati bilan birgalikda o‘zlashtirilayotgan bu konlar salohiyati istiqbolda yiliga 16 milliard kub metrgachani tashkil qilishi mumkin. “O‘zbekneftegaz” mutaxassisining Ozodlikka aytishicha, yangi konlardan qazib olinadigan gazning asosiy qismi Xitoyga sotilishi ko‘zda tutilgan.

“Bu konlar bo‘yicha “Lukoyl” bilan O‘zbekiston o‘rtasida mahsulotni taqsimlash kelishuvi imzolangan. Uning tafsilotlarini sizga oshkor qilmayman, chunki bizda bu deyarli davlat siriga tenglashtirilgan. Lekin shuni aytishim, mumkinki bu gaz ham Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlariga sotiladi”, deydi mutaxassis.

O‘zbekiston 2010 yilda Xitoy bilan gaz oldi-sotdisiga oid dastlabki kelishuvni imzolagan edi. Bu kelishuv asosida kelgusida imzolanadigan shartnomalar O‘zbekistonning yiliga 10 milliard kub metr gaz sotishini ko‘zda tutadi. Istiqbolda gaz eksporti hajmi yanada oshishi mumkinligini anglatadigan kelishuv imzolanishi ortidan O‘zbekiston hukumati aholini yoqilg‘ining muqobil turlariga o‘tishga chaqira boshladi. Aynan so‘nggi 4-5 yil ichida mamlakatning ko‘pchilik mintaqalarida qish mavsumi arafasida aholi ko‘mir va o‘tinni g‘amlab qo‘yish lozimligidan ogohlantirilishi odatiy tusga kirdi.

O‘zbekiston mamlakat aholisiga gazning har ming kub metrini taxminan 70-75 dollardan sotadi. Eksportga ketadigan o‘zbek gazning narxi esa 200-300 dollarni tashkil qiladi, ya‘ni gazni tashqariga sotish kamida 3 barobarga fodaliroqdir.

Bundan bir necha oy avval, O‘zbekiston eneregetika sohasi mulozimlaridan biri Rossiya matbuotiga bergan intervyusida 2021 yilga kelib, Xitoy o‘zbek gazi eksportining asosiy yo‘nalishiga aylanishini bildirgan edi. Xitoyning o‘zi yiliga 100 milliard kub metr gaz qazib olishi, 2020 yilga kelib esa uning ehtiyoji 300 milliard kub metrga chiqishi inobatga olinsa, o‘zbek gazining asosiy qismi qayerga oqishini faraz qilish qiyin emas.

XS
SM
MD
LG