Линклар

Moskva shahridagi “Matrosskaya tishina” tergov izolyatorida bir necha oydan beri ushlab turilgan 33 yashar O‘zbekiston fuqarosi o‘zini osib qo‘ydi. Bu mahbus tergov izolyatorining 6-xonasidagi dushda o‘zini osgan. U 2013 kuzda talonchilikda ayblanib hibsga olingan.

Moskva shahri bo‘yicha Tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Yuliya Ivanova voqea 2 fevral kuni ro‘y berganini tasdiqladi:

- Hozirda bu hodisa yuzasidan tekshiruv ketmoqda. Tekshiruv natijasiga qarab biz jinoiy ish qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atmaslik masalasini hal etamiz. Tekshiruv natijalari, taxminan, bir haftalardan keyin e‘lon qilinadi. U O‘zbekiston fuqarosi ekanidan ortiq ma‘lumot bera olmayman, - deydi Yuliya Ivanova.

Hozircha tergovchilar o‘zbekistonlik muhojir nima sababdan joniga qasd qilgani aniq emasligini gapirmoqda. Shu sababli, Yuliya Ivanova uning ism-familiyasi ham dastlabki tergov yakuniga qadar ochiqlanmasligini ma‘lum qildi.

Tergovchilarga ko‘ra, 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi tergov izolyatorining 6 xonasidagi dushxonada o‘zini osgan. O‘sha kezda ishi tergovda bo‘lgan muhojir ikkita choyshabni bog‘lab, o‘zini osib o‘ldirgani taxmin qilinmoqda.

O‘zbek muhojirining o‘tgan yilning kuzda talonchilikda ayblanib hibsga olingani va “Matrosskaya tishina” izolyatorida saqlangani aytilmoqda.

Bu Rossiya hibsxonalarida o‘zbek muhojirlarining o‘z joniga qasd qilishiga oid yagona holat emas.

Toshkent so‘rovi asosida qo‘lga olinib, Rossiyaning Omsk shahridagi 6 - sonli koloniyada saqlanayotgan qashqadaryolik 35 yoshdagi Zayniddin Rahimov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati “tashrifi”dan keyin o‘z joniga qasd qilgani; 2014 yilning 13 mayida Omsk viloyatida joylashgan 6 - sonli ahloqni tuzatish koloniyasida qamoq jazosini o‘tayotgan bir nafar tojikistonlik mahbus qamoqxona ma‘murlari tomonidan urib o‘ldirilgani to‘g‘risida Ozodlik oldinroq xabar bergan.

2012 yilning 18 noyabrida Kaluga vaqtinchalik saqlash izolyatorida 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Vitaliy Maloletkin o‘zini osib o‘ldirgan.

2011 yilning 7 sentabrida Vladimir shahar vaqtinchalik saqlash izolyatori kameralaridan birida choyshabdan yasalgan sirtmoqda o‘zini osib o‘ldirgan 29 yoshli Alisher Suvonov murdasi topilgani xodimlar tomonidan ma‘lum qilingan edi.

O‘zbekiston huquq tartibot organlari so‘roviga binoan Rossiyada hisbga olingan namanganlik Ismoil Dolimov ham shu yilning 15 fevralida O‘zbekistonga berib yuborilayotganini eshitgach, o‘z joniga qasd qilgani aytilgan.

2011 yilning 20 fevralida O‘zbekistonning yana bir 21 yoshli fuqarosi Temur Boymerovning kapyushon bog‘iga osilgan jasadi u saqlanayotgan tergov izolyatori kamerasidan topilgan.

Shuningdek, 2012 yilning 27 dekabriga o‘tar kechasi 19 yashar O‘zbekiston fuqarosi, namanganlik Abdusamad Fazliddinov O‘zbekiston maxsus xizmati xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin o‘zini ayni usulda osib o‘ldirgan edi.

Bundan tashqari, Rossiyaning turli o‘lkalarida og‘ir mehnatdan qiynalgan, ruhiy tushkunlikka uchragan, shuningdek, chidab bo‘lmas darajadagi og‘ir sharoitlarga tushib qolib, o‘z joniga qasd qilayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari haqida ko‘plab nohush xabarlar tez-tez matbuotda ko‘zga tashlanmoqda.

XS
SM
MD
LG