Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:11

MXX zobiti: ID bahorda O‘zbekistonda terror xurujini rejalagan​


"Islomiy davlat" janggarisi
"Islomiy davlat" janggarisi

O‘zbekiston maxsus xizmatlari “Islomiy davlat” radikal guruhi tomonidan hujumlar uyushtirilishi xavfini soqit qilmayapti. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati zobiti bayonotiga tayanilgan bu xabar centralasiaonline.com saytida 2 fevral kuni e‘lon qilindi.

AQSh Qurolli Kuchlari Qo‘shma markaziy qo‘mondonligi homiyligida faoliyat yuritadigan mazkur saytga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati “Islomiy davlat” guruhi janggarilari mamlakat hududida terroristik hurujlar amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risidagi ma‘lumotni qo‘lga kiritgan.

MXXning dastlabki ma‘lumotlariga ko‘ra, xurujlar shu yilning bahorida amalga oshirilishi mumkin.

Sayt maqolasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) zobiti, tahlilchi Alisher Hamdamovning quyidagi so‘zlarini keltirgan:

“IShIDning O‘zbekistonda (2014 yilda) qo‘lga olingan ishtirokchilari faoliyati odam yollashdangina iborat emasligi to‘g‘risida salmoqli taxminlarimiz bor. IShID a‘zolari 2015 yil bahorida O‘zbekiston hududida qator terroristik aktlarni amalga oshirishga tayyorlangan, aynan shu sababli biz chegaralar muhofazasiga doir choralarni kuchaytirayapmiz.”

centralasiaonline.comda e‘lon qilingan maqola muallifi yozadi:

“(O‘zbekiston) hukumati Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegarasida janggarilar to‘plangani to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni yig‘gan, demoqda tahlilchilar. Afg‘onistonda qoradoridan katta hosil olingani va mart oyida O‘zbekiston prezidenti saylovi o‘tkazilishi chegaralarni mustahkamlashning boshqa sabablaridir. Shunga qaramay, IShIDning Yaqin Sharqdagi ta‘siri yana bir sababdir, dedi Hamdamov", deb yozdi sayt va uning mana bu gapini keltirdi:

“(O‘zbekistonning) huquq-tartibot organlari ixtiyorida O‘zbekiston islomiy harakati (O‘IH) a‘zolarining hamda “Islomiy davlat” guruhining 2014 yilning noyabrь-dekabrida qo‘lga olingan a‘zolarining ko‘rsatmalari mavjud. O‘zbekistonning qo‘lga olingan fuqarolari 2013 yili Pokistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, keyin esa, “Islomiy davlat” saflariga yoshlarni yollash uchun O‘zbekistonga qaytgan”.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Brus Panniyer yuqorida keltirilgan ma‘lumotlarga biroz shubha bilan yondoshar ekan, jumladan bunday dedi:

- Ular “Islomiy davlat” a‘zolarini 2014 yilning noyabr-dekabrida qo‘lga olganlari haqida aytayaptilar. Balki ushlasa ushlagandirlar. Lekin ular“Islom davlati” O‘zbekistonga hujum qilishga, qandaydir terror hurujlari qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani to‘g‘risidagi informatsiyani O‘zbekiston islomiy harakati a‘zolaridan olganliklarini aytayaptilar. Lekin bu katta shubha uyg‘otadigan ma‘lumotdir, dedi Brus Panniyer.

O‘IH bilan IShID o‘rtasidagi ehtimoliy aloqalar haqida tahlilchi bunday dedi:

- To‘g‘risi, bu haqda aniq bir narsa deyish qiyin. Chunki, O‘IHning faoliyati shu kunda juda katta mintaqaga yoyilgan. Hatto Harakatning markaziy boshqaruvi mavjudligiga ham shubham bor. Balki Harakatga oid ba‘zi guruhlar IShID bilan qandaydir shaklda hamkorlik qilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin Harakatning Pokistonda ekanligi aytiladigan rahbariyatining IShID bilan tig‘iz aloqalari borligiga ishonish qiyin.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Brus Panniyer O‘zbekiston xavfsizlik xizmati zobitining “Islomiy davlat” va ayni paytda O‘IH tahdidini mushtaraklashtirayotganini mana bunday sharhladi:

- “Dushman” atalmish kuchlarning hammasini bir qilib ko‘rsatish O‘zbekiston ma‘murlari uchun odatga aylanib qolgan. Biz bunday holatni 1999 yili Toshkentda amalga oshirilgan portlashlar paytida ko‘rgan edik. O‘shanda davlat birvarakayiga ham Muhammad Solihni, ham O‘IHda bo‘lgan Tohir Yo‘ldosh bilan Juma Namangoniyni ayblagan ediki, atalgan shaxslar orasida aloqa bo‘lganiga ishonish juda qiyin, dedi Brus Panniyer.

Maqolada keltirilgan fikrlarga umumiy munosabatini bildirar ekan, tahlilchi, “Islomiy davlat” va O‘IH tomonidan O‘zbekistonga xavf mavjudligi to‘g‘risida gapirar ekanlar, bu gaplar uchun qandaydir asos, balki, bo‘lsa bordir, biroq O‘zbekiston hukumatining “tashqaridagilarning hammasi bizga dushman va ular bizga qarshi birlashib olgan”, deb vahima qilishga o‘rganib qolganini unutmaslik kerak”, dedi.

centralasiaonline.com sayti e‘lon qilgan maqolada keltirilgan ma‘lumotlar OzodNazarning 3 fevral sonida ham muhokama qilindi.

Maqola muallifi, shuningdek, qirg‘izistonliklar ham “Islom davlati” tahdididan tashvishlanayotgani to‘g‘risida yozgan.

Qirg‘izistondagi “Din, huquq va siyosat” tahlil markazi direktori Qadir Malikov 20 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida “IShID Farg‘ona vodiysida terroristik aktlar uyushtirish uchun 70 mln. AQSh dollari ajratgan”, degani, lekin notiq o‘zi tarqatgan ma‘lumotni qaysi manbadan olganini ochiqlamagani to‘g‘risida yozilgan centralasiaonline.com sayti e‘lon qilgan maqolada.

XS
SM
MD
LG