Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:19

Xorazmlik qirq dindor 159-modda bilan ayblanmoqda


Xorazm viloyatining Hazarasp tumanida konstitutsiyaviy tuzumgatajovuzda ayblangan 11 dindor ustidan ochilgan jinoyat ishi sudga oshirildi. Huquq faollariga ko‘ra, viloyatning Xiva, Shovot, Gurlan va Bog‘ot tumanlarida yana 30 ga yaqin dindor diniy-siyosiy motivdagi ayblovlar asosida tergov qilinmoqda.

Hazarasp tumani Sanoat qishlog‘i Otaliq mahallasida yashovchi 11 nafar namozxonga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlandi. Mahkama majlisi 6 fevraldan boshlanishi kutilmoqda.

Sudlanuvchilardan biri 53 yashar Ahmad Davlatov o‘tgan yilning 27 noyabr kuni hibsga olingan.

Hozir Ahmad Davlatov bilan birga yana sakkiz sudlanuvchi - Yusufboy Karimov, Ravshanbek Jumaniyozov, Alimboy Otajonov, Alisher Abdirimov, Muzaffar Matchonov, Hakimbek Matyoqubov, Ilhom Bobojonov va Azamat Abdirimov Urganch shahridagi hibsxonada ushlab turilibdi. Ikki sudlanuvchi Erkinboy Jumaniyozov va Nodirbek Abdullayev hozircha ochiqda qoldirilgan.

Sudlanuvchilarning yaqinlari Ozodlikka aytishicha, mahkamaga tortilgan 11 yigitning hammasi namozxon bo‘lib, ular Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244/2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish), 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Hazarasplik 11 dindorning jinoyat ishi bilan tanishgan “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubovga ko‘ra, ularning aksari Rossiyaga ishlashga borib kelganlardir.

- Sudlanuvchilar oddiy tadbirkorlar. Ularning orasida Rossiyada ishlab kelganlari ham bor. Shu yigitlarning yaqinlari “tuhmat asosida yaqinlarimiz qamaldi”, deb bizning “Najot” tashkilotiga kelishdi. Ular ayblov xulosasida keltirilgan hamma ayblovni tuhmat deb hisoblayapti, - dedi Hayitboy Yoqubov.

Hozircha Ozodlik sudlanuvchilarning aynan qaysi diniy guruhga a‘zolikda ayblanayotganini aniqlashga muvaffaq bo‘lmadi.

“Najot” tashkiloti o‘tkazgan monitoring natijasida Xorazmning yana to‘rtta tumanida namozxon yigitlar tergovga tortilgani aniqlangan:

- Bundan tashqari, Xiva tumani, Gurlan, Shovot va Bog‘ot tumanida dindorlar ishi ko‘rilayapti. Menga ma‘lum bo‘lgani, o‘ttizga yaqin kishining ishi surishtiruv-tergov organlarida ko‘rilmoqda, - dedi Hayitboy Yoqubov.

Shuningdek, joriy yilning 20 yanvar kuni Shovot tumani Qiyot qishlog‘i Idali Qal‘a mahallasida yashovchi 29 yashar Vohid Vaisov ishi mahkamaga oshirildi.

Sudlanuvchi Vaisov “Jihodchilar” diniy radikal oqimi g‘oyalarini himoya qilish maqsadida Suriyaga hijrat qilish va jangari guruhlarga qo‘shilishni rejalaganlikda ayblanmoqda.

Agar sudda Vaisovga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar isbotini topsa, u 20 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

12 yanvar kuni esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi xonqalik 42 yashar Shernazar Norboyev, 31 yoshli Bazirgon Safayev, 30 yoshli Dilmurod O‘rinov va 27 yoshli Alisher Sayfullayevlarni konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, taqiqlangan diniy ekstremistik tashkilot tuzish va noqonuniy diniy adabiyotlarni tarqatganlikda aybdor deb topib, ularning har biriga sakkiz yillik qamoq jazosi tayinlandi.

Huquq faoli Hayitboy Yoqubovga ko‘ra, dindorlarning bu tahlit ommaviy qamalashi Xorazmda bundan 15 yil avval kuzatilgan:

- 1997 yildan 2000 yilgacha shunday holat bo‘lgandi. Shularning ichida ko‘pchiligi dindor odamlar edi. Hozir shulardan 23 odamning qamoq muddati tugagan bo‘lsa ham, uylariga kelmagan, - dedi Hayitboy Yoqubov.

Hozirda O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham dindorlar bilan bog‘liq bir nechta mahkama davom etmoqda.

Toshkentdagi Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili 142 nafar o‘zbekistonlik diniy motivlar bo‘yicha qamalgan. Shulardan 14 nafari ayollardir.

XS
SM
MD
LG