Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:44

Kremlparast yoshlar ukrain talabalar murojaatiga javob qaytardi​


Rossiyalik kremlparast yoshlar ukrainalik talabalarning ruslarni “ma‘lumot jangini to‘xtatish”, “ukrainaliklar fashistlar ekani haqidagi yolg‘onlarga chek qo‘yish”ga va Ukrainada rus askarlari halok bo‘layotganini tan olishga chaqirib yo‘llagan videomurojaatga javob qaytardi. Ular Ukrainada sodir bo‘lgan namoyishlarni “davlat to‘ntarishi” deb atab, Viktor Yanukovichning prezidentlikdan chetlatilishini qoraladi.

O‘tgan hafta rossiyalik tengqurlariga Kremlning ashaddiy propagandasiga qanday yondashish kerakligi to‘g‘risida videomurojaat chiqargan ukrain yoshlari o‘z murojaatiga javob oldi.

Javobni avvaliga “Nashi”(“Biznikilar”) nomi bilan ma‘lum bo‘lgan, hozir esa o‘zini “Set” (“Tarmoq”) deb atovchi mutaassib kremlparast yoshlar guruhi berdi.

1-fevral kuni “Set” guruhining Kaliningrad eksklavida yashovchi a‘zolari ukrainalik talabalarnikiga o‘xshash video chiqarishdi. Bu videoda ham qor va epik musiqa quchog‘ida bir guruh yoshlar birma-bir kameraga gapiradi.

Video “Rus talabalari ukrainalik tengqurlariga videojavob yozdi” deb nomlanadi. Shunday bo‘lsada, bu faollarning talaba ekaniga shubha bor. Videoda faollar mahalliy universitetlar “nomidan” gapirayotgani aytilgan.

Kaliningrad davlat texnika universiteti rektori videodagi faollar hozir talaba emas, deb munosabat bildirgani haqida rus nashrlari xabar berdi.

Videomurojaatda faollar Ukrainada sodir bo‘lgan yevropaparastlar namoyishini “davlat to‘ntarishi” deb atab, Prezident Viktor Yanukovichning chetlatilishini qoralaydi.

Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishini esa olqishlashadi va Ukrainaning sharqida oddiy fuqarolarning halok bo‘layotganiga urg‘u berishadi.

Videoda Ukrainada Rossiya qo‘shinlari borligi haqida hech nima deyilmagan. Rus faollariga ko‘ra, g‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qarshi sanktsiyalar joriy qilinishining sababi Rossiyaning “demokratiya uchun kurashayotgan yagona mamlakat” ekanidir.

“Biz sizni eshitdik”, – deb boshlaydi birinchi so‘zlovchi.

Faollar navbati bilan gapirar ekan, ularning orqasida sheriklari “Set” guruhi logosi tushirilgan bayroqni tutib turganini ko‘rish mumkin.

“Mamlakatingizda fuqarolar urushi ketayapti. Oddiy xalq halok bo‘layapti, bolalar, qariyalar, ayollar halok bo‘layapti. Siz bizdan ma‘lumot pardasini ko‘tarishimizni so‘rayapsiz. Keling shuni birga qilaylik, toki hech kimda hech qanaqa gumon qolmasin”, deyishadi videomurojaat davomida.

Keyingi faol Ukrainada neofashistlar, xususan, millatchi “O‘ng sektor” guruhi a‘zolari va “banderachilar” ko‘pligini ta‘kidlaydi.

“Banderachilar” atamasi ikkinchi jahon urushi davrida ham fashistlar Germaniyasiga, ham sovet tuzimiga qarshi kurashgan Stepan Bandera izdoshlari haqida qo‘llaniladi. Bandera Rossiyada fashistlar bilan hamkorlik qilgan shaxs sifatida ko‘riladi.

“Xushmuomala odamlar”

Faol Odessa savdo birlashmasi binosida sodir bo‘lgan, bir necha rossiyaparast kishi o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘inga urg‘u beradi.

“Bizning avlodlarimiz hech qachon tarixiy aloqalarni uzgan emas. Biz qardosh millatlar bo‘lib kelganmiz va shunday bo‘lib qolamiz. Bizning qardoshligimizni hech nima buza olmaydi. Siz banderachilar, O‘ng sektor, fashistlar ertak deysiz. Ammo siz rostdan Yevromaydon, Odessa savdo birlashmasi binosi va bombardimon qilinayotgan Donbass shaharlari qurbonlarini ertak deb o‘ylaysizmi? Siz bularni ma‘lumot shovqini deb ataysizmi? O‘ylab ko‘ring, og‘a-inilar! Bir yil avval sizlarda nokonstitutsiyaviy to‘ntarilish ro‘y berdi”, – deya davom etadi navbatdagi faol:

“Siz xalq saylagan prezident Viktor Yanukovichni hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olgan diktator deb ataysiz. Oliy Radada jinoyatchilar va o‘g‘rilar o‘tirgan bir paytda Yanukovich davridagi qonunsizlik haqida gapirasiz”.

Ukrainaning eng katta shokolad ishlab chiqaruvchi zavodi egasi va avvalgi hukumatlarda ministr darajasida ishlagan Prezident Petro Poroshenkoni nazarda tutgan yana bir faol: “Mamlakatni bo‘lsa bir paytlar Yanukovich guruhining a‘zosi bo‘lgan oligarx boshqarayapti”, – deydi.

Boshqa bir faol, agar Rossiyaning “xushmomala odamlari” bo‘lmaganida Qrim ham Donbassdek urush qa‘rida qolishi mumkin bo‘lganini aytadi.

“Xushmuomala odamlar” ifodasi bilan Qrim yarimorolini o‘tgan yilning fevralь oyida qo‘lga olgan belgisiz askarlar nazarda tutilgan. Askarlar Qrimni egallaganidan keyin yarimorolda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazilgandi. Bu referendumni xalqaro hamjamiyat tan olmaydi.

“Keling Donbassda nima sodir bo‘layotganini ko‘rib chiqamiz. Kiyevda hokimiyatni qo‘lga olganlar keltirib chiqargan qonli tartibsizliklar Qrimda ham sodir bo‘lishi mumkin edi. Ammo qrimliklar buni xohlamadilar va “xushmuomala odamlar” himoyasi ostida demokratik saylovlar o‘tkazdilar”, demoqda rossiyalik faollar.

Faollarning yana biri Rossiyani g‘arb zulmiga qarshi chiquvchi yagona kuch sifatida ta‘riflaydi:

“Biz Yevropa va AQSh nima uchun Rossiyaga qarshi sanktsiya joriy qilayotganini juda yaxshi bilamiz. Buning sababi Rossiya demokratiya uchun haqiqatan kurashayotgan yagona mamlakat ekanligidir”.

Guruh a‘zolari ichida “Nashi”ning jangari qanoti bo‘lmish “Stal” (“Po‘lat”) guruhining sobiq a‘zolari ham bor. “Stal” guruhi inson huquqlari himoyachilarining nayzalarga sanchilgan qo‘g‘irchoqlari ko‘rgazmasini uyushtirib nom chiqargandi.

O‘tgan yili guruh a‘zolari Qrimning anneksiya qilinishini olqishlab Rossiya shaharlarida devorlarga rasmlar chizishgandi. Ular yana bolalarga alifboni yodlashda yordam berish uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ko‘klarga ko‘taruvchi ifodalarni ham o‘ylab topishgan.

Ular taklif qilgan jumlalar ichida “A – aksil-maydon”, “B – Berkut” (“Berkut” - Yevromaydon namoyishchilariga qarshi kurashgan militsiya guruhi nomidir), “P – Putin” va boshqa shunga o‘xshash ifodalar bor.

XS
SM
MD
LG