Линклар

Moskvada 4 kunda 2 o‘zbek qochqini o‘g‘irlangani aytilmoqda​


Namanganlik qochqin Hamidullo Akbarov Vladimir viloyatida shu mashinada olib qochilgan.

Namanganlik qochqin Hamidullo Akbarov Vladimir viloyatida shu mashinada olib qochilgan.

4 fevral kuni soat 13 atrofida Moskvaning qoq markazida O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan yana bir o‘zbek muhojiri o‘g‘irlab ketilgani aytilmoqda.

Yaqinlarining aytishicha, qashqadaryolik Zuhriddin Rahimov Paveletskiy temir yo‘l vokzalida ko‘pchilik ko‘zi o‘ngida ko‘rinishidan o‘zbek bo‘lgan shaxslar tomonidan kaltaklanib, yengil mashinaga bosib olib ketilgan.

Huquq faollari bu so‘nggi to‘rt kunda ro‘y bergan ikkinchi shunday hodisa ekaniga e‘tibor qaratmoqda.

“Zuhriddin kuppa-kunduzi vokzalning o‘rtasidan o‘g‘irlab ketildi”

1983 yilda tug‘ilgan qashqadaryolik qochqin Zuhriddin G‘ulomovich Rahimov Rossiya poytaxtining eng gavjum joylaridan biri sanalgan Paveletskiy vokzalidagi metrodan chiqaverishda noma‘lum kimsalar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini Ozodlikka uning ukasi G‘ofur Rahimov xabar berdi.

U hodisa 4 fevral kuni soat 13 larda sodir bo‘lgani va shaxsan o‘zi bazo‘r ulardan qochib qutulganini gapirib berdi.

- Zuhridinni prokuror chaqirdi. Avval Suxarevskiyga, keyin Paveletskiy vokzalga boringlar, dedi. Bordik. Bir vaqt, bitta o‘zbek turgan ekan, “Range Rover”ga minayotgan ekan. Qarasam, Zuhridinni bosishyapti! Men unga “Tush, tush!”, deyapman, ular esa Zuhridinni uryapti. Akamni yerga yotqizib uryapti, u baqiryapti. Odamlar to‘planib ketdi. Men baqirsam, qo‘yvordi, keyin yana tutib oldi. Keyin tushundim – iloj yo‘q, qochdim. Ular ikkita o‘zbek, bitta o‘ris edi. O‘zbekni aftidan bilib qoldim. Ularning aftini ham tanib qoldim, deydi hayajoni bosilmagan G‘ofur.

U Paveletskiy vokzalida akasini olib ketgan mashina “390” raqamli “777 region”, ya‘ni Moskva mintaqasiga tegishli qora rangli “Range Rover” ekanini eslab qolganini ham aytdi. G‘ofur akasi kaltaklanishi va mashinada o‘g‘irlab qochilishi hodisaga guvoh bo‘lgan boshqa yo‘lovchilar telefon orqali videotasvirga olayotganini ham esladi.

G‘ofur akasi Zuhriddin Rahimov oilali ekani, Qarshida uning yurak og‘rig‘i bilan kasal bo‘lgan qizchasi va rafiqasi borligini ham ma‘lum qildi.

Aka-uka rahimovlar himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan “Memorial” Inson huquqlari tashkiloti, “Yordam” markazi rahbari Bahrom Hamroyev qarshilik Zuhridinni tuzoqqa tushirgan shaxslar O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ekanligiga shubha qilmasligini gapiradi.

- Kecha menga ham prokuraturadan telefon qilishgan edi. Zuhriddin Rahimovning “podpiskasini” cho‘zish kerak ekan. “Mayli, borsin”, dedim. Lekin, ular aldab, Zuhridinni o‘g‘irlab ketayotgan ekan. O‘zbekiston uni qidiruvga bergan edi, biz uni bu yerda chiqarib olganmiz. Ularga bu alam qilib, hozir O‘zbekistonga o‘g‘irlab ketmoqchi. Biz BMT, boshqa joylarga xabar berdik. Bu haqda aeroportlarga ham xabar berish kerak, chunki uni MXX xodimlari “chiqishga sertifikat” yordamida samolyotda o‘g‘irlab chiqishlari mumkin, deydi huquq faoli.

Bahrom Hamroyev Zuhriddin Rahimovning o‘g‘irlanishida bevosita prokuratura va mahalliy FSB ham qo‘li bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

- Bu yigitlar (aka-uka rahimovlar) qonuniy yuribdi bu yerda: Moskva viloyati vaqtinchalik qochqinlik maqomini so‘rovchi ekanligi to‘g‘risida hujjat bergan ikkovi ham. SNBdagilar qonuniy yurgan odamlarni o‘g‘irlashga tushgan. Bu aka-uka ekstraditsiya so‘rovi bilan bir yillab o‘tirib chiqqan. Bularni bir necha marotaba qamashdi, aybi isbotini topmagach, qo‘yib yuborishdi, deydi “Memorial” a‘zosi Bahrom Hamroyev.

4 kun oldin o‘g‘irlangan qarshilik boshqa muhojir izi topilmadi

Huquq faoli 31 yanvar kuni Podmoskovyening Lyubersi shaharchasida 1986 yilda tug‘ilgan qarshilik yana bir qochqin - Murotov Sohib o‘g‘irlanganini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan bunday holatlarda odatiy bo‘lgan Jinoyat Kodeksining 159- moddasi 3 qismi “a","b” bandlari asosida qidiruvga berilgan Sohib Moskva shahridagi oliy o‘quv yurtlaridan birida yurisprudentsiya fakultetida tahsil olib kelgan. Bu qochqin yigit 2011 yilda MXX ofitserini haqorat qilgani uchun 16 sutka qamoqda o‘tirib chiqqan. Keyinchalik u o‘z oilasi bilan O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan.

2013 yilning iyulida O‘zbekistonga qaytib kelgan uning rafiqasi Nigora Ernazarova Qarshi shahrida xuddi 159-chi va shu kabi boshqa qator moddalar asosida hibs etilgan. 2014 yilda Nigora “jihodchilik guruhi”ga a‘zolikda ayblanib, 9 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Hozirgacha Rossiya politsiyasi Sohib Murotovning ham qayerda ekanini aniqlagani yo‘q.

***

Material chop etishga tayyor bo‘lgan daqiqalarda “Yordam” tashkiloti boshlig‘i Bahrom Hamroyev Moskvada ko‘tarilgan shov-shuv tufayli Zuhriddin Rahimovning noqonuniy olib chiqilishi to‘xtatilganini ma‘lum qildi.

U o‘zbek qochqini hozirda prokuraturada ekanini va bu haqda unga shaxsan Zamoskvoretskiy tumanlararo prokurori qo‘ng‘iroq qilganini aytdi.

- Mening telefonimni eshitib o‘tirishlarini endi bildim. Hozirgina menga Zamoskvoretskiy tumanlararo prokuraturasidan prokuror telefon qilib, “bunchalik shov-shuv ko‘tarmang: Zuhriddin Rahimov o‘g‘irlab ketilgani yo‘q, mana bizning prokuraturada o‘tiribdi”, dedi. Qarang, prokuror shaxsan taniydigan Zuhriddinni nega o‘zbeklar o‘g‘irlab ketyapti?! deydi uning himoyasida bo‘lgan Zuhriddin Rahimovning o‘g‘irlab ketish amaliyoti barbod bo‘lganini xabar qilgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

Ozodlik so‘nggi yillarda Rossiyaning turli mintaqalari, ayniqsa Moskvadan o‘nlab o‘zbekistonlik muhojir-qochqinlar deyarli bir xildagi ayblovlar bilan noqonuniy tarzda olib chiqib ketilganini xabar berib kelmoqda.

Xususan, 2014 yilning 23 oktabr kuni Vladimir viloyatida joylashgan 2-sonli axloqni tuzatish koloniyasidan ozodlikka chiqarilgan namanganlik mehnat muhojiri Hamidullo Akbarov noma‘lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan edi.

Hamidullo Akbarov ham, boshqa o‘g‘irlanayotgan o‘zbeklar kabi, Rossiya qonunchiligi tomonidan tan olinmayotgan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159- moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz) va 244-2 moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) asosida qidiruvga berilgan.

XS
SM
MD
LG