Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:23

O‘shda O‘IHning jihodga tayyorlanayotgan a‘zosi qo‘lga olindi


O‘zbekiston islomiy harakatining Karachi aeroportiga hujum uyushtirgani iddao qilinayotgan 10 nafar xudkush a‘zosi.
O‘zbekiston islomiy harakatining Karachi aeroportiga hujum uyushtirgani iddao qilinayotgan 10 nafar xudkush a‘zosi.

O‘sh shahar militsiyasining bildirishicha, "O‘zbekiston islomiy harakati" a‘zosi sifatida ko‘rilayotgan o‘shlikning uyi tintuv qilinganida qurol-aslahalar topilgan. Qo‘lga olingan shaxs mazkur qurollarni “jihod bo‘lib qolsa kofirlarni o‘ldirish” uchun sotib olganini bildirgan.

O‘sh shahar militsiyasi tomonidan qo‘lga olingan 26 yoshli shaxs “O‘zbekiston islomiy harakati” a‘zosi ekani iddao qilinmoqda. Uning uyi tintuv qilinganida “Ij-27” va “Reck” rusumidagi qurollar, o‘q –dorilar topilgan. Tergov davomida qo‘lga olingan shaxs qurollarni “jihodga tayyorgarlik ko‘rish” maqsadida sotib olganini aytgan:

- Qurollarni Qirg‘izistonda jihod bo‘lib qolsa ishlataman, degan maqsadda sotib oldim. Jihod degani nafs bilan kurashish va kofirlarga qarshi urush qilishdir, -deb gapirgan militsiya tomonidan jurnalistlarga taqdim qilingan audioyozuvda gumonlanuvchi.

Mazkur shaxs so‘nggi o‘n kun ichida “O‘zbekiston islomiy harakati”ga aloqadorlikda gumonlanib O‘shda qo‘lga olingan yettinchi odam bo‘ldi.

27 yanvar kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi O‘shda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududida terrorchilik harakatini rejalashtirayotganlikda gumonlanib “O‘zbekiston Islomiy harakati”ning olti a‘zosi qo‘lga olinganini bildirgan edi.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rasmiysi Raxat Sulaymanov: “Ularning to‘rt nafari Suriyadagi xalqaro terrorchi tashkilotlar lagerlarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. Gumonlanuvchilar uylarida o‘tkazilgan tintuv natijasida bitta avtomat, 1700 dona o‘q, bir nechta to‘pponcha va boshqa turdagi qurol topilgan”,- deb aytgan.

So‘nggi bir necha oy ichida Qirg‘izistonda Suriyadagi janggarilarga aloqadorlikda ayblanib 86 odam hibs qilindi.

Bir necha kun avval Qirg‘iziston rasmiylari Suriyada jangarilar safida jang qilayotgan paytda o‘ldirilgan qirg‘izistonliklardan yana birining ismi aniqlanganini ma‘lum qilgan edi.

Ichki ishlar vaziriligi hozircha halok bo‘lgan shaxsning icmini oshkor qilgani yo‘q. Ma‘lum bo‘lishicha, mazkur shaxs Suriyada halok bo‘lgan yigirma ikkinchi qirg‘izistonlikdir. Uning yoshi 25 da bo‘lib, O‘sh viloyatining Qorasuv tumanida yashagan.

Qirg‘iziston rasmiylari Suriyadagi jangarilar safida 200 nafar qirg‘izistonlik jang qilayotganini, ulardan 30 nafari ayollar ekanini bildirdi.

Bo‘xronlarni o‘rganish xalqaro guruhi Suriyadagi jangarilar safida mintaqadan borgan 4000 odam borligi haqida ma‘lumot tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG