Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:23

Ikki kunlik kelin-kuyov is gazidan zaharlanib o‘ldi​


O‘zbekistonliklar sovuqdan jon saqlash uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan gaz ballonlaridan foydalanmoqda.
O‘zbekistonliklar sovuqdan jon saqlash uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan gaz ballonlaridan foydalanmoqda.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanining Fayzobod qishlog‘ida istiqomat qilgan yosh kelin-kuyov nikoh to‘yidan ikki kun o‘tganidan so‘ng is gazidan zaharlanib vafot etdi. Mahalla faolining aytishicha, yoshlar uy ichiga o‘rnatilgan Xitoyda ishlab chiqarilgan gaz pechkasidan chiqqan isdan zaharlangan.

Ishtixon tumanining Fayzobod qishlog‘ida istiqomat qilgan 27 yashar Homid Shakarov va 25 yashar Nazira Esonovaning nikoh to‘yi 2 fevral, dushanba kuni bo‘lgan.

Chorshanba kuni esa yosh kelin-kuyovni uyg‘otmoqchi bo‘lib kirgan yangalardan biri ularni o‘z o‘rnida o‘lib yotgan holda topgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan ishtixonlik manbaning aytishicha, kelin-kuyov uy ichiga o‘rnatilgan gaz pechkadan chiqqan isdan zaharlangan:

“Hozir to‘rtburchak shakldagi propanni yoqib beradigan gaz pechka chiqqan. Xitoyda ishlab chiqarilgan, bizda 450 ming so‘m turadi. O‘shani yoqib uxlashgan. Kechasi pechka o‘chib qolgan va undan chiqqan gazdan kelin-kuyov zaharlanib o‘lgan. Bugun ikki yoshni yonma-yon qabristonga qo‘yib keldik”, dedi kelin-kuyovlar janozasida qatnashgan manba.

Fayzobod qishlog‘i mahalla faollaridan biri shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Ha, bu yoshlarning yaqinlariga juda og‘ir bo‘ldi. Ikki kun ham birga yasholmadi, sho‘rliklar. Homid mehnatkash, yaxshi yigit edi. Uning ota-onasi ham ancha yil yig‘ingandan so‘ng to‘y qilib, o‘g‘lini uylagandi. Rosa qiyomat bo‘ldi, yig‘lamagan odam qolmadi”, dedi mahalla faollaridan biri.

O‘zbekistonda gaz va svet taqchilligi bois yong‘in va is gazidan o‘lish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Bundan roppa rosa bir yil avval Buxorodagi Xo‘ja Ismat jome masjidi imom xatibining 23 yashar o‘g‘li Suhrobjon Gadoyev is gazidan halok bo‘lgan edi. Voqea guvohlarining aytishicha, masjidda tunab qolgan Suhrobjon qo‘lbola pechkadan chiqqan is gazidan zaharlangan.

O‘tgan yilning 14 fevralida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Qulton qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Omonqulovlar oilasining besh a‘zosi gaz ballonidan sizib chiqqan gazning portlashi oqibatida sodir bo‘lgan yong‘indan halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG