Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:58

Ulamolar iordaniyalik uchuvchi yondirilganini keskin qoralamoqda​


"Islomiy davlat" jangarilarining iordaniyalik uchuvchini tiriklayin yoqib yuborgani dunyo ulamolar ittifoqi tomonidan keskin qoralandi. Ittifoq bayonotida biror kimsani olovda yondirish bilan jazolash faqatgina Ollohning irodasida bo‘lgan do‘zax azobi ekani aytildi. “Al-Azhar” universiteti shayxi Ahmad at-Toyyib esa IDni "terrorchi-iblis" guruh deb qoraladi. Ayni paytda ID jangarilari uchuvchi tiriklayin yoqilgan videoni Suriyada katta ekranda namoyish qilgani aytilmoqda.

Dunyo ulamolari ittifoqi rahbari Yusuf Qarzoviy iordaniyalik uchuvchi Muoz al Kasasbehning tiriklayin yondirish orqali qatl etilishini Islomga mutlaqo zid, deya qoraladi:

"Ittifoq bu ekstremist guruhni Islomga hech bir aloqasi yo‘q guruh, deb hisoblaydi va uning harakatlari muttasil dinimizga ziyon yetkazmoqda", dedi, jumladan shayx Qarzoviy.

Saudiyalik ulamo Salmon al Udaiy Twitter tarmog‘idagi sahifasida bu voqeaga munosabatini bayon qilarkan: "Odamni yoqish vahshiyona jinoyatdir va bu amaldan, sabablaridan qat‘iy nazar, sha‘riat qaytaradi", deb yozdi.

Hatto, "Islomiy davlat"ni qo‘llab kelayotgan radikal islomiy guruhlar va ularning yetakchilari ham sha‘riatda mutlaqo qaytarilgan va yolg‘iz Ollohga oid, deb ko‘rilgan amalning jangarilar tomonidan sodir etilganiga noroziligini bildirmoqda.

Ayni paytda Suriyadagi “Sukunat ichra boshi olinayotgan roqqaliklar” nomli guruh a‘zolariga ko‘ra, “Islomiy davlat” jangarilari 3 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan videoni to‘liq holda katta ekranlarda namoyish qilgan.

Avvaliga Youtube portaliga yuklangan, oz o‘tmay bu portaldan o‘chirilgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ulgurgan video “tog‘ut” deya qoralangan Iordaniya qiroli Abdulloh ikkinchining AQSh yetakchiligidagi koalitsiya bilan birgalikda “Islomiy davlat”ga qarshi jang amaliyotlarida ishtirok etishi haqidagi 3 minutlik nutqidan boshlangan.

Keyin esa asir olingan iordaniyalik uchuvchi Muoz al-Kasasbeh zarg‘aldoq rangdagi kiyimda paydo bo‘ladi va “Islomiy davlat”ga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etganiga iqror bo‘ladi.

Videoning so‘nggi daqiqalarida esa uchuvchi qafasga solingan holda ko‘rsatiladi va yuziga niqob tutgan jangarining uni yoqib yuborgani aks etadi. Marhum olov ichida yonarkan, jangarilar bu qatl amaliyoti 13 asrda yashab o‘tgan ulamo Ibn Taymiya ta‘limotiga asoslangan shar‘iy hukm asosida amalga oshirilgani iddao qilinadi.

Aslida 1200-1300 yillarda yashab o‘tgan bu ulamo jihodchilik doktrinasini ishlab chiqqan fiqxshunos olim sifatida tanilgan va bunga qadar uning bu ta‘limoti Al-Qoyda jangarilari tomonidan ham faol qo‘llanilgan. Ammo, o‘z ta‘limotida ulamoning jihod g‘oyasiga bo‘ysunmagan musulmonlarni ham o‘ldirish mumkin, deya fatvo berganiga oid bayonotlar ustida katta bahs bor.

Ammo, 700 asr oldingi ta‘limotga asoslangan holda bir uchuvchini tiriklayin olovda yondirgan ID janggarilari bu tahlit qat marosimlari davom etishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

15 daqiqalik video so‘nggida ID jangrilari safdoshlarini unga qarshi jang harakatlarida ishtirok etayotgan boshqa iordaniyalik uchuvchilarni qatl etishga chaqirdi:

“ID kofir uchuvchilarni o‘ldirganga 100 oltin dinor miqdorida mukofot beradi. “Islomiy davlat” devoni bu kampaniyada ishtirok etayotgan iordaniyalik uchuvchilar ro‘yxatini e‘lon qildi. Bu esa o‘zini do‘zax olovidan qutqarish uchun din yo‘lida xizmat qilishni istaganlarga yaxshi imkoniyatdir” mazmunidagi bayonot yangraydi video so‘nggida.

Iordaniya harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi o‘z uchuvchining “Islomiy davlat” guruhi tomonidan yoqib yuborilganini tasdiqlagan.

Iordaniya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Mamduh al Amiriy “iordaniyaliklarni larzaga solgan bu falokatli voqea uchun qattiq o‘ch olinishi”dan ogohlantirgan.

Iordaniya qiroli Abdulla ikkinchi voqeadan so‘ng AQShga qilayotgan safarini to‘xtatib, vataniga qaytgan.

Ayni paytda, AQSh prezdenti Barak Obama agar “Islomiy davlati” guruhi tarqatgan video haqiqat bo‘lsa, u holda bu tasvir “Islomiy davlat” guruhi azolarining “yovvoyi”ligidan darak berishini bildirgan.

Ma‘lumki, Iordaniya rasmiylari “Islomiy davlat” guruhi bilan Muoz al Kasasbehni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi.

“Islomiy davlat” guruhi uchuvchi Kasasbehni qo‘yib yuborish evaziga 2005 yili Iordaniyadagi mehmonxonada sodir etilgan portlashda ayblangan va o‘lim jazosiga hukm etilgan Sojida al Rishoviyni 29 yanvargacha ozod qilishni talab qilgan.

Bunga javoban Iordaniya rasmiylari o‘z uchuvchisi tirik ekaniga amin bo‘lmagunlaricha bu talabni bajara olmasliklarini bildirgan, ammo ID Kasasbehning tirikligiga biror dalil bera olmagani bois, qirollik muzokaralarni to‘xtatib qo‘ygani xabar qilinmoqda.

Iordaniyalik Muoz al Kasasbeh boshqargan samolyot o‘tgan yilning dekabrida Suriyaning jangarilar nazorat qilayotgan hududiga qulagan va uchuvchi asir olingan edi.

Iordaniya “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashayotgan arab davlatlaridan biridir.

XS
SM
MD
LG