Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:23

BMT: "Islomiy davlat" bolalardan seks va xudkushlik uchun foydalanmoqda​


BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi “Islomiy davlat” Iroqda yosh bolalaridan xudkush yasamoqda, ularni o‘g‘irlab, seks qulligiga sotmoqda, ulardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda, deya xulosa berdi. Tashkilot 4 fevral kuni e‘lon qilgan hisobotda, ayniqsa, Iroqda jihod uchun yollanayotgan bolalar soni oshayotganidan “jiddiy xavotir” bildirildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, ID jangarilari nishoniga tushayotgan bolalarning aksari nogiron, ota-onasini yo‘qotib, ko‘chada qolgan yoki urush talotumi ichida Suriya va Turkiyadan Iroqqa borib qolgan norasidalardir.

O‘g‘irlab, qul qilingan bolalar

BMT hisobotida ID jangarilari tomonidan o‘g‘irlangan bolalarning “sistematik ravishda jinsiy zo‘ravonlikka uchrayotgani”dan xavotir izhor qilingan.

Inson huquqlari bo‘yicha BMT qo‘mitasi eksperti Renata Vinterning aytishicha, bu “muammoning ko‘lami kengdir”.

Ekspert jangarilar o‘g‘irlayotgan bolalarning katta qismi yazidiy va nasroniy jamoalarning bolalari, deb ta‘kidladi. Ammo, bunday bolalar orasida shia va sunniy musulmonlarning bolalari ham borligi qayd etildi.

2014 yilning iyun oyida Mosulni o‘z nazoratiga olganidan buyon ID Iroq shimolidagi minglab diniy ozchilik vakillarini quvg‘inga soldi. Xususan, yazidiy jamoasiga mansub minglab ayol-qizlar, shu jumladan yosh bolalar o‘g‘irlandi, seks qulligiga sotildi va qiynoqlarga solindi.

Xudkush bolalar

BMT hisobotida ID Iroq hududida bolalardan xudkush sifatida foydalanayotganiga oid xulosa keltirildi.

Tashkilot aniqlagan holatlarda xudkush bolalarning nogiron ekani, hatto, o‘z oilasi tomonidan IDga sotib yuborilgan bolalarning borligi kuzatilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha BMT qo‘mitasi eksperti Vinter Reuters agentligiga bergan intervyusida ID tomonidan xudkushlikka yo‘llangan bolalar orasida ruhiy nosog‘lom bolalar qayd etilgani va “ehtimol, bu bolalar qayerga, nima maqsadda borayotganini anglamagani” haqida gapirdi.

Xalqaro koalitsiya havo hujumlarini boshlagan kezda esa, ID jangarilari o‘z maskanlarini himoya qilish uchun uning tegrasini yosh bolalar bilan o‘rab qo‘ygani kuzatilgani ham hisobotda aytilgan.

Hisobotda ID o‘qituvchi va shifokorlarni qatl qilgani, maktab va shifoxona kabi maskanlarga hujum qilgani ham aytilgan.

Askar bolalar

IDning Mosuldagi harbiy lagerlarida 12 yashar bolalar askarlikka hozirlanayotganiga oid xabarlar anchadan buyon matbuot diqqatida qolmoqda.

BMT hisobotida askar bolalar jangarilar shug‘ullanadigan barcha ishlar – bomba yasash, postlarda qo‘riqchilik qilish, hatto, odamlarni garovga olish amaliyotida ishtirok etishi aytilgan.

Ekspertlar, hatto, 8 yashar bolalarning jangarilar lagerlarida harbiy tayyorgarlikda o‘tayotgani aks etgan videolarni tilga olmoqda.

ID tasdiqlaydi

Ayni paytda Suriya va Iroqning kattagina qismini egallab olgan ID harbiy amaliyotlarda bolalardan foydalanayotganini inkor qilmaydi.

Yaqindagina ID mediaguruhi yosh bolalar, ko‘rinishidan qozoq millatiga mansub bolalarning harbiy lagerda mashg‘ulot o‘tayotgani, hatto, qatl marosimida ishtirok etayotganiga oid videolarni tarqatdi.

Shuningdek, ID safida jang qilayotgan rus va chechen millatiga mansub jangarilarning ijtimoiy tarmoqlarda qurol va pichoq tutgan bolalar rasmini chop etgani ham kuzatilmoqda.

Bolani askar qilgan faqat ID emas

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi nafaqat ID, balki unga qarshi kurashayotgan Iroq armiyasi tomonidan ham yosh bolalardan foydalanish hollari kuzatilayotganini qayd etgan.

Hisobotda aytilishicha, bunday bolalarning aksari Suriyadagi jang harakatlaridan qochib, Iroq tomoniga o‘tgan qochinlarning bolalaridir.

Iroq armiyasi jangchilarining bu bolalarni ortga qaytib, Suriya ozodligi armiyasi bilan birga IDga qarshi jang qilishga majburlayotgani qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG