Линклар

Qo‘qon shahrida 10 fevral kuni foydalanishga topshirilgan uch qavatli savdo markazining birinchi qavatidagi do‘konlarni tadbirkorlar majburiy tarzda 300 million so‘mga sotib olishga majburlangani iddao qilinmoqda. Manbalar xo‘jako‘rsinga ochilgan markazning qurilishi hali bitmagani, hatto terminallar o‘rnatilmaganini aytmoqda.

Qo‘qonlik manbaning tadbirkorlarga tayanib aytishicha, Qo‘qon shahrining Kimyogarlar maydoni yaqinida ochilgan yangi savdo markazidagi har bir kvadrat metr joyning narxi kamida besh yarim million so‘m qilib belgilangan:

“Savdo joylarining har bir kvadrat metri narxi qayerda joylashishiga qarab 5,5 million so‘mdan boshlanadi ekan. Tadbirkor tanishimning aytishicha, do‘konlar joylashuviga va hajmiga qarab 150 million so‘mdan 300 million so‘mgacha (qora bozor kursi bo‘yicha 37500 AQSh dollaridan 75 ming dollargacha - tahririyat) sotilgan”, deydi manba.

Ovozini yozib olmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan tadbirkorlardan birining aytishicha, shahar hokimligining mas‘ullari savdo markazini tezroq ochish maqsadida tadbirkorlarni do‘konlarni tezroq sotib olishga majburlagan:

“Bo‘l, bo‘l qilishdi. Joylarni oldik. Narxlar osmonda, lekin hali ko‘pchilik pulini to‘lagani yo‘q. Boshqa joylardagi do‘konlarimizdan mollarni apil-tapil olib kelib joyladik. Savdo markazining tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lgani bilan, ichida hali ko‘p ishi bor. Birinchi qavatda oziq-ovqat, ikkinchi qavatda kiyim-kechak sotiladi ekan. Uchinchi qavat esa hali umuman bitmagan. Ochilishi uchun mollarni olib kelib xo‘jako‘rsinga ko‘rsatib turdik”, dedi tadbirkor.

Qo‘qonlik boshqa bir tadbirkorning aytishicha, bu savdo markazi aslida taksi parki uchun qurilgan bino bo‘lgan:

“Bu tuya go‘shti yegan qurilish edi. Bu joy sotiladi, deb olti oycha turdi. Hech kim olmagandan so‘ng, uni savdo markazi qilishdi”, deydi tadbirkor.

Ozodlikning Qo‘qondagi manbasining aytishicha, yangi savdo markazining birinchi qavati 14 fevraldan to‘liq ishga tushadi:

“Hali rastalar ham to‘liq mahsulotlarga to‘ldirilmagan, kassalar ishlamaydi. Ikkinchi qavatda ham bo‘sh joylar ko‘p. Uchinchi qavatni esa hali yopib qo‘yishgan. Nomigagina ochib qo‘yishgani ma‘lum bo‘ldi”, dedi manba.

Ozodlik Qo‘qon tumani hokimiyati bilan bog‘lanib, savdo do‘konlari uchun joylar nega buncha qimmat ekani bilan qiziqdi. Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozim savdo kompleksi tegrasidagi muammo va tadbirkorlar arziga oid ma‘lumotlarni inkor qilmadi. Ammo, bu borada biror izoh berishdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG