Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:39

Videoreportaj: Muhojirlar imtihonni qanday topshirmoqda?​


1 yanvardan boshlab Rossiyaga kirgan mehnat muhojirlari rus tili, tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon qilinmoqda. Test markazlari ishlashga qonuniy ruxsat olish ishtiyoqida bo‘lgan yuz minglab muhojirning talabini bazo‘r qondirmoqda. Ozodlik muxbiri Test markazlaridan biriga borib, videoreportaj hozirladi.

Bugungi kunga kelib Rossiya poytaxtida rus tili, tarixi va qonunchiligidan testdan o‘tishni o‘nlab litsenziyaga ega maxsus markazlar taklif etmoqda.

Ammo, negadir, Ozodlikning imtihon jarayonini kuzatish va videotasvirga olish taklifiga deyarli barcha test markazlari rahbarlari rad javobini berdi.

Moskvada o‘z imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat bergan yagona tashkilot - Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) qoshidagi Ta‘lim berish maktabi bo‘ldi.

Муҳожирлар имтиҳонларни қандай топширмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:46 0:00

Imtihon jarayonini kuzatgan muxbir rus tili, tarixi va qonunchiligi yuzasidan berilajak savollar va ularga javoblarni Internetda osonlik bilan topish mumkinligiga amin bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya Test konsortsiumi rasmiy saytida bu kabi sinov savollariga javob berish mumkin ekan.

Tushlikdan keyingi soat 16:00 da o‘tkazilishi aytilgan imtihonga 45 kishi yozilgan, ammo uni topshirgani 20 dan ziyod xorijlik keldi.

O‘qituvchi Lyudmila Nezvankina imtihon topshirgani kelayotgan muhojirlar doimiy (VNJ) va vaqtinchalik (RVP) yashashga, fuqarolik olish hamda ishga ruxsatnoma olishga kelayotganlardan iborat ekanini aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda u test davomida bir xildagi savollar berilishiga qaramasdan, ularni baholash tizimi turlicha ekanini aytdi.

- Tarix va qonunchilik fanlaridan mehnat muhojiri uchun imtihonni muvaffaqiyatli topshirishga 50 foizdan ziyod, vaqtinchalik yashashga (RVP) – 70 foizdan ziyod, doimiy yashash va fuqarolikka esa 80 foizdan ortiq savolga javob berish lozimligi belgilangan. Chunki fuqarolik olish va doimiy yashashga, so‘zsiz, jiddiyroq bilim talab qilanadi, - deydi Lyudmila Nezvankina.

Zaruriy hujjatlar to‘ldirilganidan keyin, markaz xodimi imtihon qatnashchilariga rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligidan test savollarini topshirdi.

Muhojirdan qonunchilik bo‘yicha bo‘limda, masalan, Rossiya davlat ramzlari - bayroq va gerbni aniqlash, Rossiya tarkibiga kiruvchi Federatsiya sub‘ektlari sonini aniqlash, rus milliy valyutasini ko‘rinishidan aniqlash talab qilinadi.

Shuningdek, tarixdan 19 asrda yashagan buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkinni topish kabi oson savollardan tortib, 9-13 asrlarda qadimgi Rus davlati poytaxti, Kulikovo jangi sanasi yoki “O‘rta Osiyoning Rossiya imperiyasiga qo‘shib olinishi” davrini aniqlash kabi maxsus tayyorgarlik ko‘rishni talab qiluvchi test savollari berilgan.

Varaqlardagi testlarni belgilab bo‘lgan xorij fuqarosi imtihon oluvchi tomonidan og‘zaki savol-javobga tortildi. “Og‘zaki imtihon” deb atalgan sinovning bu qismida imtihon topshiruvchiga “O‘zingizni tanishtiring”, “Nima ish qilasiz?”, “Yoshingiz nechada?”, “Oilalimisiz?", "Nechta farzandingiz bor?”, “Rossiyada nima ish qilmoqchisiz?” kabi oddiy kundalik hayotga oid savollar berildi.

Ozodlik suhbatlashgan muhojirlarning aksar qismi eng qiyin deya bir ovozdan tarixdan berilgan savollar ekanini ko‘rsatdi. Qirg‘izistonlik Maqsad savollar murakkab emasligini gapirar ekan, umuman o‘qimagan odam uchun hatto ular juda qiyin bo‘lib ko‘rinishi mumkin, deydi.

- Savollar men uchun qiyinchilik tug‘dirmadi. Faqat tarixdan, masalan, ikonalarni chizgan rassom, kompozitorlar haqida berilgan savollar biroz qiyin bo‘ldi. Umuman olganda men maktabda yaxshi o‘qiganim yordam berdi. Umuman o‘qimagan odamlarga biroz qiyinroq bo‘ladi. Men Rossiya Test konsortsiumi saytida chiqarilgan savollar bo‘yicha tayyorlandim. U yerda hamma javoblarni topish mumkin, biroz vaqt ajratish zarur, xolos, - deydi Maqsad.

Киев Руси пойтахти қайси шаҳар ëки Пушкинни танийсизми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:29 0:00

Toshkentlik Rushana ham ikki hafta davomida bo‘sh vaqtida imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rgani, o‘zi uchun ko‘p qiziqarli narsalarni aniqlaganini aytdi. RUDN qoshidagi Ta‘lim berish maktabi rahbari Aleksandr Konovalov Ozodlik savollariga javob berar ekan, imtihon topshirayotgan xorijliklardan har bir odam bilishi zarur bo‘lgan oddiy narsalarni bilish talab qilinadi, deydi.

U so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida “Rossiyada muhojirlar soni keskin kamaydi”, degan gaplar biroz haqiqatdan yiroq ekanini o‘z ko‘zi bilan kuzatayotganini gapiradi.

- Moskvada bizga murojaat qilayotgan markaziy osiyoliklar soni haqiqatan biroz kamaygandek, ammo boshqa mintaqalarda – biz imtihon olishga chiqayotgan Tula, Ivanovo,Kaluga viloyatlari, hatto Petropavlovsk-Kamchatskiy shaharlarida ularning kamaygani menga sezilmadi. Bu bizning xodimlarimiz haftasiga 6 kun ishlayotgani, kuniga 4-5 guruh muhojirdan imtihon olinayotganidan bilib olish mumkin, - deydi Aleksandr Konovalov.

А.Коновалов: Муҳожирлар камайгани сезилмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00

Markaz rahbari muhojirlar sonining ko‘payganini Rossiya FMSi tomonidan belgilangan hujjat topshirish muddatlari qisqaligi bilan tushuntirishga urindi: Rossiya hukumati shu yilning 1 martidan yangi yildan oldin berilgan patentlar o‘z kuchini yo‘qotishini e‘lon qilgan.

Aleksand Konovalov imtihonga kelganlar orasida so‘nggi ikki oyda Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlaridan qochgan migrantlar soni ham keskin ko‘payganiga e‘tiborimizni qaratdi. U yangi qonunlarga muvofiq rus tilidan imtihonlarni hatto ukrainalik, moldovalik yoki o‘zbekistonlik ruslar ham topshirishga majbur ekanini aytdi.

“Imtihon topshirayotganlardan necha foizi o‘tmayapti?” degan savolimizga, Xalqlar do‘stligi universitetining qo‘shimcha ta‘lim bo‘yicha prorektori Anjela Doljikova “O‘rtacha 97 foiz migrant imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirmoqda”, deya javob qaytardi.

XS
SM
MD
LG