Линклар

logo-print

Jambilda ag‘anagan avtobus ichida o‘ndan oshiq o‘zbek muhojiri bo‘lgan​


Olmaota-Toshkent yo‘lida halokatga uchragan avtobus.

Olmaota-Toshkent yo‘lida halokatga uchragan avtobus.

O‘tgan shanba kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati hududidan o‘tuvchi “Olma-Ota - Toshkent” trassasida sodir bo‘lgan avtohalokatda 10 nafar yo‘lovchi, jumladan, bitta yosh bola nobud bo‘ldi, yana uch kishi og‘ir jarohatlar bilan Priozyorsk shahar markaziy shifoxonasiga yuborildi. Bu hodisaga shaxsan guvoh bo‘lgan Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ avtobus yo‘lovchilarining kamida 15 nafari o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bo‘lgan.

7 fevral kuni Qozog‘istonning Jambil viloyatidan o‘tuvchi “Olma-Ota - Toshkent” trassasining 394-kilometrida “Vanhool” rusumidagi yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketdi.

Jambil viloyati Ichki ishlar departamenti xodimasi halokatning ertalabki soat 10 larda sodir bo‘lganini ma‘lum qildi:

- Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, Janubiy-Qozog‘iston viloyatida istiqomat qiluvchi Begalayev B.A. boshqaruvidagi avtobus Shimkent tomon ketayotib, muzlab qolgan yo‘lda ag‘darilib ketgan. Natijada 10 kishi avtohalokat joyida nobud bo‘lgan. Qolgan yo‘lovchilarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, dedi o‘zini Alma deb tanishtirgan matbuot xizmati vakilasi.

Matbuot markazi xodimasi¸ dastlabki tergov taxminlariga ko‘ra, haydovchining uxlab qolgani avtobus halokatiga sabab bo‘lgani taxmin etilayotganini bildirdi.

“Vanhool” avtobusining ag‘darilishi va yo‘lovchilar o‘limi yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 345-moddasi 4-qismi asosida jinoiy ish ochilgan. Avtobus haydovchisi¸ 24 yashar Bektiyar Begalayevning mahalliy tergov izolyatoriga joylashtirilgani aytilmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ yo‘ldan chiqib ag‘darilib ketgan avtobus ichkarisida 49 nafar yo‘lovchi va ikkita haydovchi bo‘lgan.

Foto Jambil viloyat FVV-si tomonidan taqdim etildi

Foto Jambil viloyat FVV-si tomonidan taqdim etildi

Hodisa ortidan WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlikka avtohalokatga uchragan avtobus yo‘lovchilarining kamida 15 nafari o‘zbekistonlik muhojir bo‘lgani va o‘lganlar sonining aslida rasmiy xabardagidan ko‘proq ekani to‘g‘risida xabar kelib tushdi.

O‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan o‘zbekistonlik ayol “bu avtobusda men ham bo‘lishim kerak edi”, deydi:

- Bu voqeani men uch kun oldin ko‘rdim, uyga ketayotgan paytda. Turkistonga ketayotganimda yonimda yana uchta o‘zbek ayollari bor edi. Biz avvalroq bu avtobus bilan kelisha olmadik va tushib ketdik. Biz to‘rt odam mana shu avtobusda kelishimiz kerak edi. Lekin biz pulga kelisha olmadik va boshqa avtobusga chiqdik. Bu avtobus bilan birin-ketin kelayotganimizda ichida o‘zbek odamlari bor edi. Bizni Ostonadan chiqishda postda to‘xtatgan paytda, u avtobusdan dokumenti prosrochen bo‘lgan 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi tushdi. U yerda biz 13 odam nobud bo‘lganini ko‘rdik. Unda necha kishi o‘zbekistonlik ekanini bilmayman. Kimdir uxlab qolgan deyapti, kimdir qarama-qarshi tomondan kelgan mashinadan qochaman, deb jarlikka tushib ketgan deydi. Avtobus oynalari chiqib ketgan, orqasi yo‘q, balon-sidenyalari chiqib ketgan, deydi Ozodlik manbasi.

Hodisa guvohiga ko‘ra¸ halokat ro‘y bergan shanba kuni yo‘l muzlama bo‘lmagan.

Suhbatdosh hodisani videotasvirga olib, o‘zbekistonliklarning qo‘shni davlatlarda qay ahvolda ekaniga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqchi ekanini gapirdi:

- Mana, o‘zbek aholisi chet davlatiga boylik orttirishga borayotgani yo‘q, akchincha, oilani boqaman deb ketayapti. O‘zbekistondagi sharoit tayin - bir soat svet yonsa, haftalab svet yonmaydi. Men 32 yildan beri gaz nimaligini bilmayman. Men o‘zim 2008 yildan beri Qozog‘istonning Ostona shahrida ishlayman. Men yig‘ladim o‘sha joyda, avariyani ko‘rib! Ne umidlar bilan ishlab kelayotganida, tirigi emas¸ o‘ligi keladi, deb. O‘zbekistonda sharoit yo‘q. Uyimga ko‘mir, o‘tin sotib olaman. Bolalarimni ota-onamga tashlab kelganman. Yaqinda qizim telefon qilayapti “Oyijon, temir olib kela olmaganim uchun darsga kirgizmadi”, deb. Biz bolalarimizni qanday o‘qitamiz? O‘zbekiston shu darajada qashshoqlikka borayaptimi? deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Jambul viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimi halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bor-yo‘qligi to‘g‘risida hozircha ma‘lumot yo‘qligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG