Линклар

logo-print

12 fevral oqshomida Minskda bir oraga kelgan "Normandiya to‘rtligi" - Ukraina, Rossiya, Germaniya va Fransiya rahbarlari 15 soat davom etgan muzokaralar ortidan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va og‘ir texnikani jang maydonidan olish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Muzokaralar ortidan jurnalistlarga gapirgan Rossiya prezidenti Putin muzokaralar davomida muhim masala bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta‘kidladi.

- Bu men uchun juda yaxshi tun bo‘lmasa-da, tong xayrli bo‘ldi", - dedi Putin.

Rossiya rahbariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish 15 fevraldan kuchga kirishi, jang harakatlari kechayotgan hududdan og‘ir qurollarni olib chiqish esa o‘t ochish to‘xtatilganidan so‘ng ikki kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda boshlanishi hamda 14 kun ichida tugashi lozim.

Donbassda og‘ir artilleriya uchun 50 km.dan 140 km.gacha bo‘lgan xavfsizlik zonasi yaratiladi. YeXHT kuzatuvi ostida Ukraina hududidan chet el qurollari, tuzilmalari, texnikasi va yollanma askarlar chiqariladi.

Shuningdek, Minsk kelishuviga muvofiq, barcha asirlar 20 fevralgacha ozod qilinishi, janglarda ishtirok etayotgan qurolli guruhlarga avf qo‘llanilishi, yollanma askarlar jang maydonlarini tark etishi kerak.

Ukraina hukumati esa Konstitutsion islohotlarga qo‘l urib, Donetsk va Lugansk viloyatlariga alohida maqom berishi va shu yil ohiriga borib, Ukraina Rossiya bilan chegarasida to‘liq nazorat o‘rnatishi lozim.

Bu jarayon Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvida amalga oshiriladi.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Moskvada hibsda ushlab turilayotgan ukrain uchuvchisi Nadejda Savchenkoning ozod etilishi masalasi ham muzokaralarda ko‘tarilganini aytdi.

Agar muzokaralar ish bermasa Rossiyaga sanktsiyalar kuchaytirilishi haqida ogohlantirilgan edi.

Yevropa Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar sanktsiyalar qo‘llaniladigan rossiyalik mulozim va Ukrainadagi ayirmachilar rahbarlari "qora ro‘yxati"ni kengaytirishga kelishgandilar.

Bu esa, yanada ko‘proq rossiyalik va ayirmachilar rahbarlarining sayohat qilishlari cheklanishi va bank hisoblari muzlatilishini anglatadi.

AQSh prezidenti Barak Obama esa Ukraina sharqidagi qurolli nizoga barham berishda “diplomatiya foyda bermagan taqdirda" Kiyevga qurol-aslaha yetkazib berish varianti ko‘rib chiqilishini aytgandi.

Qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan Ukraina sharqida 31 yanvardan 5 fevralgacha bo‘lgan davr ichida tinch aholi vakillaridan 263 odam halok bo‘lgan, 700dan ortiq odam yaralangan.

Bu haqdagi ma‘lumotni BMTning Insonparvarlik masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi seshanba kuni e‘lon qildi.

Hisobotda keltirilishicha, Ukrainada qurolli to‘qnashuvlar boshlangan o‘tgan yilning aprel oyidan buyon kamida 5486 odam, shu jumladan 59 nafar bola halok bo‘lgan, 12972 nafar odam yaralangan.​

XS
SM
MD
LG