Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:10

T. Bakir o‘g‘li Rashod qori himoyasi uchun hukumatga murojaat qildi​


Qirg‘iziston parlamenti deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li Qorasuv shahridagi As-Saraxsiy masjidining hibsga olingan imom-xatibini himoya qilib, hukumatga so‘rovnoma kiritdi. Deputat imom-xatib Rashod qori Kamolovga rasman ayblov e‘lon qilinmay turib, matbuotda uni ekstremizm yoki terrorizmda ayblash hollari uchrayotgani, bundan tashqari, biror asossiz ayblov yoki noqonuniy harakat uning jamoatida keskin norozilikka sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bakir o‘g‘li: Aybi isbotlanmaguncha Rashod qori aybsizdir!

Jo‘g‘o‘rqu Kenesh deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li so‘nggi kunlarda qorasuvlik musulmonlardan bo‘lgan muttasil murojaatlar ortidan parlament raisi hamda prezident devoniga Rashod qori Kamolovning huquqlari ta‘minlanishini so‘rab, murojaat qilganini aytmoqda:

- Bizning deputatimiz sifatida shu masalani ko‘taring, deb so‘rashdi. Bundan tashqari, men asli qorasuvlikman va Rashod qorining rahmatlik otasini ham taniyman. Ular dinga qiziqqan, ilmli odamlar. Agar aytilgani kabi u odamlarni "Suriyaga jihodga da‘vat qilgan bo‘lsa, nega uning o‘zi ketmadi?! U juda dinga qiziqqan bola va bu gaplar rost bo‘lsa, uning o‘zi birinchilardan bo‘lib borardi" deb menga aytilgan gaplarning hammasini hokimiyatga yetkazdim, - deydi Tursunboy Bakir o‘g‘li.

O‘shda hibsda saqlanayotgan qorasuvlik taniqli imom Rashodxon Kamolov 9 fevral kuni Qirg‘iziston JKning 299-moddasi asosida diniy ekstremizmga oid jinoyatlarda gumon qilinib, hibsga olingan. 11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan sudda uni yana ikki oy hibsda saqlashga qaror qilindi. Hakam tergov jarayonida gumon qilinuvchi shaxsning qochib ketishidan xavotir bor, degan asosda hibs muddatini uzaytirganini ma‘lum qilgan.

Tursunboy Bakir o‘g‘li jinoyatda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan hali rasman ayblov e‘lon qilinmaganiga e‘tiborni qaratdi:

- Hozircha terrorizm, ekstremizmga oid jinoyatlarda faqatgina gumon qilinayapti. Hali unga ayblov e‘lon qilingani yo‘q, biror dalil ko‘rsatilgani yo‘q. Shuning uchun, men so‘rovnomada aytdimki, konstitutsiyaga binoan hali aybi sudda e‘lon qilinmagan odam - aybsizdir. Bundan tashqari, uning ortidagi jamoat juda katta va, Xudo saqlasin, ertaga juma namozida nimalar bo‘lib ketishi mumkin?! - deya savol tashladi Bakir o‘g‘li.

Qonun bo‘yicha, u rasman murojaat qilgan Qirg‘iziston prezidenti va Bosh vaziri idoralari bir oy ichida deputat so‘roviga javob berishi lozim.

Турсунбой Бакир ўғли билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:12 0:00
Бевосита линк

Advokat: Imom asossiz ravishda hibsda saqlanmoqda

O‘sh shahridagi tergov izolyatorlaridan birida saqlanayotgani aytilgan Rashod qori Kamolov Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining 299-moddasi asosida diniy ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Imomning advokati Nazgul Suyunbayevaga ko‘ra, bu gumonga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan biror dalil topilmagani holda Kamolovni ikki oy hibsda saqlash haqida berilgan qarorni asossiz, deb hisoblamoqda.

- Ko‘pchilik guvohlar ko‘z o‘ngida o‘tkazilgan tintuvda na disk, na taqiqlangan diniy adabiyot, na varaqa topilgan. Buni tintuvga guvohlik qilgan shaxslar o‘z ko‘rsatmasida qayd etgan. Lekin, jarayonni rasmiylashtirgan militsiya idoraga qaytgach, tintuv natijasi haqida har xil axborot bermoqda. Albatta, men buni siyosiy buyurtma, deya olmayman. Lekin dekabr oyidagi chiqishlarining birida imom "Odamlar Suriyaga militsiya bosimidan qochib ketmoqda", deb aytgani uchun militsiya undan o‘ch olmoqda, - deb ta‘kidlaydi advokat Nazgul Suyunbayeva.

IIV: Imom 40 kishini Suriyaga jihodga yo‘llagan

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining mulozimi Rahim Salimov shu kunga qadar militsiyaga Rashod qori Kamolov faoliyatiga oid ko‘plab shikoyatlar kelib tushganini aytmoqda:

- Uning xalifalik tuzishga va konstitutsion tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga da‘vat qilganiga isbot bor. Bu borada jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, fuqarolardan Rashod qori ularning bolalarini Suriyaga jihodga jo‘natganiga oid shikoyatlar tushdi. Bu borada hozir 10 ta shikoyat bor, - dedi Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining mulozimi.

Rashod qori 2011 yil boshida hibsga olinib¸ 3 fevralь kuni Bishkekdagi hibsxonadan ozod etilgan edi. Bishkek shahri Sverdlov tumani tergov izolyatorida 16 kun hibsda saqlangan Rashod qori Kamolov o‘shanda O‘zbekistonning ikki fuqarosi arizasi bilan hibsga olingan edi.

O‘sh qozisi: Kamolov imom emas edi

O‘sh qozisi Niyozali hoji Aripov Rashod qori Kamolovni hech kim as-Saraxsiy masjidiga imom qilib tayinlamagan, deb bayonot berdi.

Uning bayonotiga ko‘ra, 2007 yildan keyin Kamolovni hech kim rasman imom qilib tayinlmagan, ammo uning imomlik faoliyatiga ko‘z yumilgan.

- Norozilik uyg‘onmasin, deb uni imom qilib qoldirishgan. Uning imom qilib tayinlashi haqida hech qanday buyruq yo‘q. Uning faoliyatiga izoh bermaymiz, lekin ma‘lum qilamizki, Rashod Kamolov rasman imom emas, - dedi O‘sh qozisi.

11 fevral kungi mahkamada esa Rashod qori Kamolov o‘z imomligini tasdiqlovchi hujjat sifatida taqdim qilingan sertifikat noqonuniy, deb topilgani xabar qilingan edi.

Ayni paytda O‘sh qoziyatning Rashod qori rasman imom emas, deb bergan bayonotini militsiya mas‘uliyatdan bo‘yin tovlash, deb baholamoqda.

Manba: Kamolovni novqotlik imom bilan almashtirishmoqchi edi

Qorasuvlik manbalarning aytishicha, 6 fevral kuni masjidga shahar rasmiylari novqotlik bir yoshgina imomni Rashod qorining o‘rniga imom-xatib qilib tayinlash niyatini bildirishgan:

"Qirg‘iz millatiga mansub novqotlik yoshgina bir imomni Rashod qorining o‘rniga imom-xatib qilib tayinlamoqchimiz, degan gapni aytishganida masjid qavmi mutlaqo rad etishgan. Rasmiylar norozilik ko‘tarilib ketmasin, deb tezda qaytib ketishgan. Oradan 3 kun o‘tib, Rashod qorini hibsga olishdi", deb da‘vo qildi ismi sir qolishini so‘ragan qorasuvlik namozxonlardan biri.

O‘sh shahri qoziyati bu borada hali biror rasmiy ma‘lumot bermadi.

As-Saraxsiy masjidi imomi Rashodxon qori

37 yashar Rashodxon Kamolov asli qorasuvlik taniqli imomlardan biridir. Uning jamoatida nafaqat Qorasuv, balki qo‘shni O‘sh, Jalolobod shaharlaridan namozga qaytnaydigan musulmonlar ko‘pchilik.

Rashodxon Kamolov qorasuvlik taniqli Kamolovlar sulolasining vakilidir. Uning otasi Muhammadrafiq Kamolov 2007 yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlarining O‘zbekiston islomiy harakati jangarilariga qarshi, deya o‘tkazilgan qo‘shma amaliyoti chog‘ida boshidan o‘q yeb, vafot etgan.

Kamolovlar sulolasining yana bir taniqli vakili Sodiq qori Kamolov esa 1990 yillar boshida Qirg‘iziston muftiysi bo‘lgan.

Rashodxon Kamolov Ozodlikning diniy mavzulardagi savollariga javob bergan va chiqishlaridan birida "Islomiy davlat" e‘lon qilgan halifalikni musulmonlar tan olmasligi kerak, mazmunida fikr bildirgan edi.

Parijning Charlie Hebdo jurnalida yana Muhammad sallolohu alayhi vasallamga karikatura e‘lon qilinganiga norozilik sifatida 2015 yilning 24 yanvarida O‘sh shahri markazida o‘tkazilgan mitingda "aka-uka Quashiylarmiz!" deya qilgan chiqishi keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Quyida Rashod qori Kamolov bilan 2014 yilning oktyabrь oyida "Islomiy davlat" va Suriyaga jihod haqida qurilgan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Рашод қори Камолов "Исломий давлат" ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:58 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG