Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:52

Kamchiliklari ko‘p bitim​


Uch prezident va bir kantsler Minskda tuni bilan ishlashdi. Uzoq muzokaralardan keyin ular o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim imzolashdi. Agar bu bitimga amal qilinsa, Ukraina sharqida ayirmachilar va Kiyev kuchlari o‘rtasida kechayotgan janglar to‘xtashi mumkin.

Yangi kelishuv o‘t ochishni to‘xtatgan holda ham, u Moskva va Kiyev o‘rtasidagi to‘qnashuvni keltirib chiqargan asosiy masalani, ya‘ni Ukrainaning kelajakda qaysi siyosiy yo‘ldan ketishini hal qilmaydi.

Blumberg saytida Leonid Bershidskiy ta‘riflagandek, erishilgan bitim “vaqt bombasi” bo‘lib, “Rossiya istalgan paytda portlashi mumkin”.

Kreml uchun Donbassdagi jang aslida hech qachon Donbassga oid bo‘lgan emas. Rossiya uchun bu to‘qnashuv Ukraina rahbarlarini g‘arb bilan integratsiya qilish niyatidan tazyiq ostida qaytarish haqida bo‘lgan. Belarus poytaxtida erishilgan bitim Rossiya uchun o‘sha bosimni davom ettirishga yoki hatto oshirishga imkon yaratadi.

Ammo, keling, avval yaxshi yangiliklarga to‘xtalib o‘tamiz.

Bitimning eng tushunarli yeri otashkesim haqidagi bo‘limidir. Unga muvofiq, 15 fevral kuni o‘t ochish to‘xtatilishi kerak.

O‘t ochish to‘xtalishidan bir kun o‘tib, ikki tomon front chizig‘idan og‘ir artilleriyani olib ketishi va 50 km masofali qurolsizlantirilgan hudud yaratishi kerak. Bu hududni YeXHT nazorat qiladi. Yana 70-140 kmli xavfsiz zona yaratish uchun uzoq masofaga raketa otuvchi moslamalar olisroqqa olib ketilishi kerak.

Minskda o‘tgan yili sentabr oyida erishilgan bitimga qaraganda yangi bitim ancha yaxshi –sentyabrdagi kelishuvda 30 km masofaga cho‘ziladigan xavfsiz zona yaratishga kelishilgan edi, xolos.

Kengroq hududni nazorat qilib turish YeXHT uchun osonroq bo‘ladi. Bundan tashqari, kengroq xavfsizlik hududi ko‘p aholi yashaydigan hukumat boshqaruvidagi Kramatorsk va ayirmachilar boshqaruvidagi Donetsk shaharlarini og‘ir artilleriyadan yiroqda saqlaydi.

Ammo bu yerda ham qiyinchiliklar bor. Bular ichida eng muhimi Debaltsevo shahrining kelajagidir. Ayirmachilar o‘rab olgan bu shahar hozir hukumat qo‘lida bo‘lib, muhim temiryo‘l stantsiyasi hisoblanadi. Ko‘p tortishuvlardan keyin ham tomonlar Debaltsevo bo‘yicha murosaga kela olmadi va shaharning statusi yakuniy bitimda tilga olinmadi.

Muxolifatchi Garri Kasparov Twitterda “Putinning avval hujum qilib, keyin muzokara olib borish rejasi o‘z natijasini berdi. Qrim emas, Debaltsevo yuzasidan tortishdi. Rag‘batlantirilgan agressiya yana ko‘proq agressiyaga yetaklaydi”, deb yozdi.

Endi yomon xabarlarga to‘xtalsak. Bitimning qolgan qismi xavf va kamchiliklarga to‘la.

Eng muhimi, kelishuv Ukraina rasmiylaridan ayirmachilar boshqaruvidagi hududlarga maxsus status berishni talab qiladi. Xususan, bitim ayirmachilarga o‘z militsiya xizmatiga ega bo‘lish, prokuror va sudya tayinlashda ishtirok etish huquqini beradi. Bundan tashqari, Kiyev ayirmachilar hududlaridagi rasmiylarning vakolatlarini tortib ololmaydi.

Shuningdek, Ukraina yil yakunigacha konstitutsiyaviy islohotlarni yakunlashi va ayirmachi hududlarning “maxsus statusi”ni tan olish uchun hukumatni detsentralizatsiya qilishi kerak.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu narsaga “federalizatsiya” deb qarashini bildirgan. “Federalizatsiya” Kremlning muhim maqsadlaridan biridir.

Rossiya markaziy hukumat vakolatlarining ba‘zilarini Ukraina hududlariga bo‘lib berish tarafdori. Bunday qilinsa, mamlakatni NATO yoki Yevropa Ittifoqiga yaqinlashtirish uchun qilingan har qanday harakatga Ukraina sharqidagi rossiyaparast hududlar to‘sqinlik qila oladi.

Muzokaralardan keyin Ukraina prezidenti Petro Poroshenko o‘zini yo‘qotmay, “federalizatsiya qilish takliflariga rozi bo‘lmadim – federatsiyalar ham, avtonomiyalar ham bo‘lmaydi”, dedi.

Poroshenko Donetsk va Lugansk oblastlari uchun “maxsus status” “butun Ukrainaga tatbiq etiladigan detsentralizatsiya bo‘yicha konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar orqali” ishlab chiqilishini qo‘shimcha qildi.

Kiyevning muhim talabi, ya‘ni ayirmachilar qo‘lidagi Rossiya-Ukraina chegarasi boshqaruvini qo‘lga olish konstitutsiyaviy islohotlar va detsentralizatsiya qonun tusini olmaguncha amalga oshmaydi.

Bitimda yana har xil talqin qilish mumkin bo‘lgan mujmal jihatlar ko‘p.

Masalan, “qurollangan xalqaro bo‘linma” nima?

Bitimda ular “harbiy texnika va yollanma kuchlar” bilan birga Ukraina hududidan olib chiqib ketilishi kerakligi aytilgan.

Ukrainlar uchun bu jumla Donbassdagi minglagan rossiya askarlari va qurollarini anglatadi. Moskva esa Ukrainada harbiylari yoki qurol-aslahasi yo‘qligini ta‘kidlaydi, vaholanki, buning yolg‘onligini ko‘rsatuvchi yetarlicha dalil bor. Xo‘sh, nima olib chiqib ketilishi kerak o‘zi unda?

“Asir” va “garovga olingan” so‘zlari ostida kim nazarda tutilgan? Bitim matniga ko‘ra, “barcha asir va garovga olinganlar “hamma hamma uchun” printsipiga asoslangan mahbus almashish yo‘li bilan ozod qilinishi kerak”.

Bular safida Nadejda Savchenko bormi? Savchenko ukrainalik harbiy uchuvchi bo‘lib, hozirda u Rossiya qamoqxonalarining birida tutib turilibdi. Uning ochlik e‘lon qilganiga to‘qqiz hafta bo‘ldi. Savchenko sharqiy Ukrainada o‘tgan yilning iyun oyida g‘oyib bo‘lib, iyul oyida Rossiya qamog‘ida paydo bo‘ldi. U ayirmachilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va Rossiyaga olib o‘tilganini aytgan.

Poroshenko Savchenkoning ozod qilinishi bitimning bir sharti ekanligini aytdi. Moskvadan esa bu borada sas-sado chiqqani yo‘q. Rossiya Savchenkoni ikki jurnalistni o‘ldirganlikda ayblaydi va u Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotganida qo‘lga olinganini ta‘kidlaydi.

Erishilgan bitim Donbassdagi to‘qnashuvlarni to‘xtatishi mumkin. Ammo u Ukrainaga jangga yechim topishda uncha yordam bermaydi.

Brayan Uitmor qalamiga mansub bu maqola Nodir Atayev tomonidan tarjima qilingan.

XS
SM
MD
LG