Линклар

logo-print

Shvetsiyadagi shifoxonada qolayotgan o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarovning sog‘ligi ancha yaxshilangani, cheklangan sondagi ziyoratchilar bilan so‘zlasha boshlagani aytildi. 22 fevral kuni imomga nisbatan suiqasd sodir etilganiga 3 yil to‘ladi. Ammo jinoyat tergovchilari hanuz sukut saqlamoqda.

3 yildan buyon shifoxonada qolayotgan o‘zbekistonlik 57 yashar taniqli imom Obid qori Nazarovning shogirdlaridan biri - Abdulaziz xasta imom biroz avval to‘liq hushiga qaytgani, shu kunda ziyoratiga kirayotganlarni tanib, qisqa muloqot qilayotganini aytmoqda:

- Kirganlarni tanib, oz-ozdan muloqot qilayaptilar. Masalan, "ha" yoki "yo‘q", deb munosabat bildirayaptilar. Har holda gaplarni tushunayaptilar va muloqot uchqunlari bor. Lekin, qanchalik to‘liq tushungani yoki muloqot qilayotgani haqida aniq aytolmayman, uzr. Ko‘rinishidan u kishini boshidan o‘q yegan, demaydigan darajada sog‘ayib ketdilar. Tashqi ko‘rinishida jarohat alomati yo‘q, - dedi Ozodlik savollariga imkon qadar tafsilotlardan tiyilib javob bergan Abdulaziz.

Uning aytishicha, Obidxon qori Nazarovga nisbatan Shvetsiya maxsus xizmatlarining ehtiyot choralari hanuz kuchaytirilganicha qolmoqda. Jumladan, imomning sog‘ligiga oid to‘liq axborot, shifoxona manzili ham sir saqlanmoqda.

- Qaysi shifoxonada ekanini bizga aytishmaydi. Faqat Dovudxon va yana bir necha yaqinlarigina ko‘rishi mumkin. Hamma yangiliklarni ulardan eshitib turibmiz. Dovudxon ham kuchaytirilgan tartibda himoyalanmoqda. Turkiyada bo‘lgan voqealardan keyin bu yerda hamma ehtiyotkor bo‘lib qoldi, - deydi Abdulaziz.

3 yil avval - 22 fevral kuni sodir etilgan suiqasd tergoviga oid ma‘lumotlar esa jamoatchilikka sirligicha qolmoqda.

Obidxon qorining shogirdlari va o‘zbekistonlik faollar suiqasddan 3 yil o‘tib, Stokholmda o‘tajak norozilik tadbirida tergov-surishtiruvga mas‘ul idoralarga ham rasman murojaat yo‘llash niyatida:

- Aslida, suiqasd qilgan odamlar topildimi, Jukovskiy nima bo‘ldi, degan mazmunda ko‘plab idoralarga xat yozdik. Lekin, aniq javob berilmadim, nazarimda. Lekin 3 yilligi arafasida yana rasman so‘rov kiritayapmiz. Zora, biror aniq javob olsak, degan umiddamiz, - deydi Abdulaziz.

Quyida Abdulaziz bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Obidxon qori Nazarov Shvetsiyaning Stromsund shaharchasidagi o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan edi.

Shved prokurori Krister Petersson ilgari surgan ayblov asosida Obidxon qoriga o‘q uzganlikda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi, 1978 yil tug‘ilgan Yuriy Jukovskiyning qayerda ekani ham hozircha keng jamoatchilikka noma‘lum qolmoqda.

2012 yil 12 oktyabr kuni uning Rossiyada qo‘lga olingani haqida norasmiy xabar paydo bo‘lgan. Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati bu xabarni tasdiqlamagan, ammo, inkor ham qilmagan.

Hozircha har ikki davlatning mutasaddi idoralaridan bu borada biror aniq ma‘lumot olish imkonsiz qolmoqda.

Shved prokurori taniqli o‘zbek imomi Obid qoriga nisbatan suiqasdni uning siyosiy va diniy faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblashini aytgan. Biroq, Obid qoriga uyushtirilgan suiqasd ortida O‘zbekiston hukumati va uning maxsus xizmati turibdi¸ degan iddaoni aniq tasdiqlaydigan dalil yo‘qligini ham ta‘kidlagan.

Mazkur suiqasdga aloqador deb ko‘rilgan o‘zbekistonlik er-xotin - Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalar esa 2013 yilning iyul oyida mahkama qaroriga binoan aybsiz deb topilib, ozodlikka chiqarilgan.

XS
SM
MD
LG