Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:18

Hukumat "unutgan" 16 yil avvalgi portlashlarni UzTwitter xotirladi​


ЎзТВда 16 феврал портлаши ҳақидаги хабар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:12 0:00

O‘zTVda 16 fevral portlashi haqida berilgan xabar

Toshkentda sodir bo‘lgan "16 fevral portlashlari" bu yil Twitter tarmog‘ida faol xotirlandi. Tvitlaridan xotirlovchilarning o‘sha kezda maktab yoki oliy o‘quv yurtida o‘qigani, aksariyati bu xabarni O‘zTV bergan rasmiy xabarda eshitgani ko‘rinadi. O‘zbekiston OAV yoki hukumat tashkilotlari bu yil ham mamlakat tarixidagi ilk terrorni xotirlamadi.

Twitter tarmog‘ida 16 yil muqaddam Toshkent shahrida sodir bo‘lgan portlashlar haqida bir talay xotiralar yozildi. Xotiralarini o‘rtoqlashganlarning asosiy qismi bu voqealarga bilvosita guvoh bo‘lganlar ekani tvitlar mazmunidan ko‘rinadi.

Jumladan, o‘sha kezda hali maktab o‘quvchisi yoki bitiruvchisi bo‘lganiga ishorat bergan bir foydalanuvchi: "kstati bugun 16 fevral... O‘sha voqealargayam 16 yil bo‘libdi mana. Kechagidek yodimda. Repitorga ketishimiz oldi TVdan ko‘rganmiz o‘sha voqealarni", deb yozdi.

Yana bir foydalanuvchi esa o‘sha kezda viloyatlardan biridagi oliy o‘quv yurtining 1-kursida tahsil olayotgan talaba bo‘lgani xotirladi: "1999 yil 16 fevral. JDPI 1kurs edik. Ertalab fakultet hududiga terak kuchat ekkandik".

Bir Twitter foydalanuvchisi Toshkentda portlashlardan hech qancha o‘tmay uning terror hujumi ekani haqida televideniyeda berilgan rasmiy xabar o‘sha kezda namoyish qilinayotgan "Shaytanat" filmining o‘rnida ketgani haqida tvit qoldirdi: "16 yil avval Shaytanat seriali qo‘yilardi. Birdaniga serial uzilib Suiqasd xaqida xabar berilgan edi".

Qaysidir faol tvitterchi uchun 16 yil muqaddam 16 fevral bahoroldi kayfiyatni paydo bo‘lgan quyoshli kunlardan biri edi: "Esimda, 16 yil avval kun quyoshli edi. Harorat 15-18 gradus. O‘qish qodirilgan".

Bundan 16 yil muqaddam O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqealarni tushunib, mohiyatini anglay boshlagan o‘zbekistonliklar o‘sha kezda mamlakat rahbari bo‘lgan va hanuz rahbarligicha qolayotgan prezident Islom Karimovning O‘zbekiston televideniyesi orqali qilgan chiqishini ham tilga oldilar:

"Prezidentimiz jonli efirda xotirjam va qat‘iy holda intervьyu berganlar va hamma xotirjam bo‘lgan. Intervyu paytidayam, qayerdir portlagan hatto".

O‘sha kezda 17-18 yashar bo‘lgan tvitterchilardan ba‘zilari O‘zTVda ko‘ringan sobiq IIV Zokirjon Almatovni ham xotirladi.

Toshkentdagi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov yillar davomida mamlaktadagi biror rasmiy manba yoki biror tashkilot 16 yil muqaddam mamlakat hukumati "Toshkentda, hatto, zamonaviy Markaziy Osiyo mintaqasida sodir bo‘lgan ilk terror hujumi" deya qayd etgan 16 fevral portlashlarini tilga olmayotganini aytadi.

- Men maxsus kuzatdim, bu haqda biror gap bo‘larmikin, deb. Lekin, na gazeta, na televideniyeda gap bo‘ldi. Odamlar orasida ham xotirlaganlar deyarli yo‘q. Shu bevosita guvoh bo‘lganlar yoki oilasidan biri qamalgan, o‘lganlar bo‘lsagina xotirlaydi bu kunni, - deydi jurnalist.

Shu kunda bu voqealar va uning ortidan boshlanib ketgan qama-qamalarni xotirlashi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonliklarning asosiy qismi esa tirik guvohlardir.

UzTwitter tarmog‘ida qoldirilgan tvitlar esa buning yorqin dalili, deb hisoblaydi jurnalist:

- O‘sha paytda 20-21 yashar bo‘lgan yoshlar, aksariyati talaba bo‘lganlargina xotirlaydi, asosan. Tabiiyki, 16 fevralda Toshkentda ilk portlashlar bo‘lganini xotirlaydiganlarning kattagina qismi masalani faqat sirtdan biladi, unda ham rasmiy pozitsiyani biladi, deb o‘ylayman. Uning mohiyatini tushungan, voqeani ichidan bilganlar esa, menimcha, juda oz, - deydi jurnalist.

Bundan 16 yil burun 1999 yilning 16 fevralida Toshkentning besh joyida 45 daqiqa ichida beshta portlash yuz bergan. Shu kuni Vazirlar Mahkamasi binosida 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lishi kerak edi.

Birinchi portlash prezident Islom Karimovning kelishiga 10 daqiqa qolganda – soat 10.45da hukumat binosi oldida bo‘ldi.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi, Milliy bank, o‘shandagi “Iskra” kinoteatri oldida, Yakkasaroy tumanidagi hovlida portlash yuz berdi. Mamlakat rasmiylari bayonotiga ko‘ra, portlashlar oqibatida 16 odam nobud bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Hodisa sodir bo‘lgan kuniyoq, avvaliga prezident Karimov, keyin esa O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov va Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatovlar televideniyeda chiqish qilib, portlashlarni qo‘liga qurol olgan radikal dindorlarning terror hujumi, deya atab, voqeaga darhol baho bergan va aybdorlarni ham aytib ulgurgan edi.

XS
SM
MD
LG