Линклар

Koreyada mukofotlangan o‘zbek huquq faollariga chiqish vizasi berilmayapti​


O‘zbekiston inson huquqlari alyansi faollari Oliy majlisni piket qilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari alyansi faollari Oliy majlisni piket qilmoqda.

O‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva boshchiligidagi O‘zbekiston inson huquqlari alyansi Janubiy Koreyadagi Tji Hak-Soon jamg‘armasining “Adolat va tinchlik” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda Koreyada mukofotlangan o‘zbek huquq faollariga chiqish vizasi berilmayapti.

Mukofot topshirish marosimining 11 mart kuni Seuldagi Sejong saroyida o‘tkazilishi belgilangan.

Mukofotni olish uchun Koreyaga taklif qilingan O‘zbekiston inson huquqlari alьyansi rahbari Yelena Urlayeva va toshkentlik inson huquqlari faoli Shuhrat Rustamovga chiqish vizasi berilmayapti.

Ozodlik bilan suhbatda Shuhrat Rustamov Janubiy Koreyaning Toshkentdagi elchixonasidan taklifnomani qabul qilib olgani va chiqish vizasi berilmagani bois tantanada ishtirok etish istiqboli noma‘lumligini aytdi:

- Avvalo Janubiy Koreyadagi tashkilot o‘z tashvishidan ortib O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatiga e‘tibor berganinining o‘zi taxsinga loyiq. Tashkilotimizga mukofot bergan Januboy Koreyadagi jamg‘armaga tashakkur bildiraman. Bizni bu mukofotni o‘z qo‘limiz bilan olish imkonidan mosuvo qilaëtgan OVIR idorasi oldida piket o‘tkazdik. Ayni paytda, O‘zbekistonning inson huquqlarini buzaëtgan mamlakat sifatida shuhrat topganidan hursand emasman. Koshki, inson huquqlari buzilmasayu biz ham mukofot olmasak, ko‘proq hursand bo‘lar edim¸- deydi Xalqaro “Tinchlik va adolat” mukofotiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari alьyansi faoli Shuhrat Rustamov.

Janubiy Koreyadagi Tji Hak-Soon jamg‘armasidan O‘zbekiston inson huquqlari alьyansiga kelgan maktubda o‘zbek huquq faollarining faoliyati e‘tirof qilinadi.

"Biz sizning tashkilotingizning majburiy va bolalar mehnatini barham berish yo‘lidagi faoliyatiga tasanno aytamiz. Tji Hak-Soon jamg‘armasining bu yilgi “Adolat va tinchlik” mukofoti sizning tashkilotingizga berilishini mamnunlik bilan bildiramiz. 18 yildan beri har yili berib kelingan bu mukofot taqdimoti 11 mart kuni Seuldagi Sejong saroyida soat 19da bo‘lib o‘tadi. Sizlarni 10 martdan 14 martgacha bo‘lgan muddatda Janubiy Koreyada mehmon bo‘lishga taklif qilamiz. Sizning tashrifingiz davomida interьvyu¸ lektsiyalar va Koreya jamoat tashkilotlari bilan uchrashuvlar belgilangan"¸ deyiladi Janubiy Koreyaning Tji Hak-Soon jamg‘armasidan kelgan maktubda.

Mukofot haqida

Janubiy Koreyadagi Tji Hak-Soon jamg‘armasining yillik “Adolat va tinchlik” mukofoti repressiv mamlakatlardagi inson huquqlari faollariga beriladigan xalqaro sovrindir.

Bu mukofot Koreya fuqaroviy jamiyati asoschisi Tji Hak-Soon sharafiga ta‘sis qilingan.

Tji Hak-Soon 1921 yilda hozirgi Shimoliy Koreya hududida tug‘ilgan. Diniy seminariyani hatm qilib pastor bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. 1950 yilda Shimoliy Koreyada iqtidorga kelgan Kommunistik rejim tazyiqlari bois Janubiy Koreyaga ko‘chib o‘tgan.

Ijtimoiy adolat talabi bilan mitinglar tashkil qilgan Tji Hak-Soon 1972 yilda Xalqaro amnistiya tashkilotining Koreya bo‘limini boshqargan.

Tanqidiy chiqishlari bois 1974 yilning avgust oyida qamoqqa olinib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Xalqaro bosimlar tufayli Tji Hak-Soon 1975 yilda qamoqdan ozod qilingan.

Tji Hak-Soon 1993 yilda olamdan o‘tganidan keyin uning nomidagi jamg‘arma tashkil qilindi.

Tji Hak-Soon jamg‘armasi 18 yildan beri inson huquqlari sohasidagi shaxs va tashkilotlarga yillik “Adolat va tinchlik”mukofotini berib keladi.

XS
SM
MD
LG