Линклар

logo-print

Bundan 16 yil burun 1999 yilning 16 fevralida Toshkentning besh joyida 45 daqiqa ichida beshta portlash yuz berdi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor ro‘y bergan portlashlar mamlakatda tinimsiz davom etayotgan repressiyalarga doyalik qildi.

Shu kuni Vazirlar Mahkamasi binosida 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lishi kerak edi. Birinchi portlash prezident Islom Karimovning kelishiga 10 daqiqa qolganda – soat 10.45da hukumat binosi oldida bo‘ldi.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi, Milliy bank, o‘shandagi “Iskra” kinoteatri oldida, Yakkasaroy tumanidagi hovlida portlash yuz berdi. Mamlakat rasmiylari bayonotiga ko‘ra, portlashlar oqibatida 16 odam nobud bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Hodisa sodir bo‘lgan kuniyoq, avvaliga prezident Karimov, keyin esa O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov va Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatovlar televideniyeda chiqish qilib, portlashlarni qo‘liga qurol olgan radikal dindorlarning terror hujumi, deya atab, voqeaga darhol baho bergan va aybdorlarni ham aytib ulgurgan edi.

Shaytanatni bo‘lgan xabar 1999 yil 16 fevralida o‘zbekistonliklar "Shaytanat" videofilmining yangi qismini tomosha qilishayotganida, birdan film to‘xtatilib ekranda O‘zbekiston TVsi suxandoni Davron Zunnunov paydo bo‘ldi.

- Hurmatli tomoshabin o‘rtoqlar. Dasturimizni kutilmagan xabar bilan to‘xtatamiz. Bugun mamlakatimiz poytaxti Toshkentda kutilmagan favqulodda hodisa sodir bo‘ldi, deya gap boshladi Davron Zunnunov.

Suxandon qo‘lidagi qog‘ozga qarab-qarab, bundan 20 daqiqa oldin prezident Karimov joniga qasd qilingani, ammo prezidentning sog‘u salomat ekanini bildirdi.

- Poytaxt mehnatkashlari osoyishta kundalik yumushlarini davom ettirayotgan bir paytda kunduz soat 11 larga yaqin shaharning to‘rt joyida portlash sodir bo‘ldi. Dastlab IIV binosi yonida, undan so‘ng Iskra kinoteatr binosi yonida, sal o‘tmay respublika Vazirlar Mahkamasi binosida, undan so‘ng Milliy bank binosi atrofida portlash sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida bir necha mashinalar yonib ketgan. Shahardagi ayrim binolarga zarar yetkazilgan.

Dastlabki ma‘lumotlarga qaraganda, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar ham bor. Bunday hodisa mamlakatimiz mustaqilligini ko‘ra olmayotgan ekstremistik kuchlarni ishi ekanligi barchamizga ayondir. Bu yovuzlik tagidagi eng asosiy maqsadlardan biri mamlakatimiz prezidenti Islom Karimovga, uning hayotiga tajovuz ekanligi ham juda ayondir. Chunki soat 11 da Vazirlar Mahkamasida respublika hukumatining 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan majlis boshlanishi, unda prezidentimiz ishtirok etishi kerak edi. Eng muhimi hukumat a‘zolari, prezidentimiz va ... (suxandon shu o‘rinda qoqiladi) sog‘ va salomat. Soat 11 ga mo‘ljallangan majlis soat 13 da, ya‘ni hozir respublika Oliy Majlis binosida kun tartibidagi masalalarni muhokama qilmoqda. Biz bo‘lib o‘tgan tafsilotlarni siz aziz vatandoshlarimizga yetkazib turamiz. Vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q. Voqeani sodir etgan barcha yovuz kuchlar aniqlanadi va tegishli jazosini oladi,- deya qog‘ozda yozilgan matnga yakun yaasadi Davron Zunnunov.

Suxandon o‘qigan matn voqeadan 20 daqiqa o‘tib hozirlangan hujjatga o‘xshamas edi. Matn ko‘proq ilgaridan hozirlangan ayblov hujjatini eslatar edi.

O‘zbekiston hukumati o‘zbek dunyoviy va diniy muxolifatini portlashlarda o‘sha kunning o‘zidayoq ayblab chiqdi.

Qo‘lga olingan "terrorchilar" ham portlashni Muhammad Solih uyushtirdi degan versiyani ilgari surdi. Ana shunday “guvoh”lardan biri Zayniddin Asqarov keyinchalik potrlashlarni hukumat uyushtirgani va bu ishga Muhammad Solihning sira aloqasi yo‘qligini bildirdi.

- Ichki ishlar ministri Zokir Almatov mani chaqirib, Muhammad Solihni yomonlab bersang, mana shuning rolini o‘ynab beradigan bo‘lsang, hammasi avf bo‘ladi, otilmaydi bular, sangayam yengillik bo‘ladi, sud zalidan chiqib ketasan, degani uchun Alloh shohidki, man o‘zimni qutqarish uchun emas, ana shularni qutqarish uchun man shu narsaga majbur bo‘lganman o‘sha vaqtda. Lekin bular chiqarganiyam yo‘q, ularga "vishka" (otuv hukmi-tahr.) bervordi. "Vishka" bervorishining sababi, ular sirni bilardi. Sirni bilishligi uchun ularni yo‘q qilib yubordi. Lekin ular bizga aytib o‘tib ketgan edi hammasini, shunday-shunday-shunday bo‘lgan deb. Shuning uchun sizlarning radiostantsiyanglar orqali avvalo "Erk" partiyasining rahbari Muhammad Solihdan kechirim so‘raymanki, o‘sha vaqtda unga tuhmat qilganmiz, haqiqatdan majburan tuhmat qilganmiz va Tohir Yo‘ldoshevlarning qilmagan ishlarini qildi deb aytganmiz. O‘zimiz O‘zbekiston xalqining oldida gunohkormizki, chiqib 16 fevralni ba‘zi bir narsalariga aldanib qolib, bu zolim diktator, kofirlarning va‘dasiga aldanib qolib, rol o‘ynab, musulmonlarning obro‘siga putur yetkazganimiz uchun butun O‘zbekiston xalqidan biz kechirim so‘raymiz.

Muhammad Solihning - Allohga qasam ichib aytaman bu gapimni dunyo-yu oxiratda - umuman terroristlarga, terrorga aloqasi yo‘q hech qanaqa. Umuman aloqasi yo‘q. Man demokrat emasman, u odamni yaxshi ko‘rish, yomon ko‘rish maqsadim ham yo‘q. Xolisona baho berishda hech qanaqa aloqasi yo‘q. Bu bizning siyosiy ko‘rligimiz, ishonuvchanligimiz, Zokir Almatovning bergan va‘dalariga ishonganligimizning natijasi xolos. Bu gapdan keyin bizni otvorsa, biz shahid bo‘lib ketaveramiz,- degan edi Zayniddin Asqarov.

Zayniddin Asqarov 2010 yil oktyabr oyida qamoqda vafot etdi. Jasadini yaqinlariga qaytib bergan qamoqxona rasmiylar Asqarovning o‘limiga "yurak huruji" sabab bo‘lganini aytishgan edi.

Fevral portlashlaridan keyin Zayniddin Asqarovni O‘zbekistonga deportatsiya qilgan Turkiya 2010 yilda mamlakat sudining mazkur qarorini noqonuniy deya topgan. Turkiya tomonidan belgilangan va O‘zbekiston banklaridan biriga yuborgan 5 ming yevro miqdoridagi tovon pulini Asqrovning yaqinlari olishdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG