Линклар

Obama Islom va terror tushunchalarini bir-biridan ajratish lozimligini urg‘uladi ​


AQSh prezidenti Barak Obama Oq uydagi sammitda nutq so‘zlamoqda, 2015 yilning 18 fevrali.

AQSh prezidenti Barak Obama Oq uydagi sammitda nutq so‘zlamoqda, 2015 yilning 18 fevrali.

AQSh prezidenti Barak Obama o‘z mamlakati Islom diniga qarshi emas, bu dinni tasqaralashtirib ko‘rsatayotganlarga qarshi kurashayotganini bildirdi. Obamaning bu bayonoti 18 fevral kuni ekstremizmga qarshi kurash va uning oldini olishga bag‘ishlab Vashingtonda o‘tkazilgan sammitda yangradi.

Obamaga ko‘ra, hech bir din terrorizm uchun javobgar emas, zo‘ravonlik va terrorchilik uchun (dinni niqob qilgan) odamlar mas‘uldir.

- Biz Islom dini bilan urush holatida emasmiz. Biz Islomni tasqaralashtirgan odamlar bilan urushayapmiz, - dedi Barak Obama.

AQSh prezidenti “Islomiy davlat” kabi guruhlar rag‘batni diniy e‘tiqodidan olmayotganini aytib, ularni shunchaki “terrorizm muxlislari” deb atadi.

Obamaga ko‘ra, “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” jon-jahdi bilan o‘zlari uchun mashru‘lik manbalarini qidirmoqda, ular o‘zlarini ruhoniy peshvo, muqaddas Islom askarlari, deb atayaptilar.

- Biz ularning diniy mashruiyat borasidagi da‘volariga qo‘shilolmaymiz. Ular hech qanaqa diniy peshvo emas. Ular terrorchilardir, - dedi Obama.

Butun nutqi davomida AQSh prezidenti Islom dini va terrorchilik ayri-ayri tushunchalar ekanini, ularni bir-biridan farqlash lozimligini urg‘ulab bordi.

Obamaga ko‘ra, begunoh odamlarga nisbatan qilingan zo‘ravonlik Islom va musulmonlarni himoya qilmaydi, balki ularga ziyon yetkazadi.

Shundan kelib chiqqan holda, Obama AQShdagi musulmon jamoatlarini “zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm”ga qarshi kurashda g‘ayrat ko‘rsatishga da‘vat qildi.

Chorshanba kuni AQShda boshlangan sammit o‘tgan yilning oktyabrь oyida o‘tkazilishi hamda “Al-Qoida”, “Islomiy davlat” guruhi va boshqa tashkilotlar bilan kurashning harbiy jihatlariga bag‘ishlanishi lozim edi. Ammo keyin Oq uy harbiy kuch ijtimoiy tarmoqlarda muvaffaqiyat bilan tashviqot ishlarini olib borayotgan va G‘arbda yashovchi musulmon yoshlarni o‘z safiga jalb qilayotgan ekstremistlardan kelayotgan xavfni bartaraf qilish uchun maqbul vosita emas, degan qarorga kelgan. Oq uy ma‘muriyati qanoaticha, ekstremizmga qarshi kurashda asosiy urg‘u mafkuraga berilishi lozim.

Kechagi anjumanda AQSh prezidenti musulmon yoshlari ekstremistik tashviqotga nisbatan ta‘sirchan ekanini, bu esa ularning Suriyadagi “Islomiy davlat” guruhiga qo‘shilib ketishiga yoki biror mamlakat ichkarisida terrorchilik xurujlari uyushtirishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta‘kidladi.

O‘tgan hafta Kongressda chiqish qilgan AQSh razvedkasi mas‘ullari 150 chog‘li amerikalik Suriyaga borib, islomiy jangarilarga qo‘shilishga harakat qilgani haqida bildirgandilar.

Ekstremizmga qarshi kurash mavzusida Vashingtonda o‘tkazilayotgan va uch kun davom etadigan xalqaro anjumanga dunyoning 60 mamlakatidan delegatlar qatnashmoqda.

XS
SM
MD
LG