Линклар

Sobiq mahbus Baxtiyor Xanazarov qamoqdagi qiynoqlar haqida gapirib berdi​


Sobiq mahbus Baxtiyor Xanazarov qamalguniga qadar arxitektura va dizayn firmasining rahbari edi.

Sobiq mahbus Baxtiyor Xanazarov qamalguniga qadar arxitektura va dizayn firmasining rahbari edi.

Toshkentdagi “Ekspress proyekt dizayn” xususiy shirkatining xo‘jayini Baxtiyor Xanazarov “Bugunning gaplari” dasturiga o‘zining nohaq qamalish tarixi va qamoqxonalarda qanday qiynoqlarni boshidan o‘tkazgani haqida gapirib berdi.

Baxtiyor Xanazarov MXX xodimlari tomonidan 2013 yilning 17 yanvarida Toshkentdagi ofisida poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olingan.

Suhbatdoshimizning Ozodlik radiosiga bergan intervyusida iddao qilishicha, unga nisbatan tergov jarayonida va qamoqxonalarda qattiq qiynoqlar qo‘llanilgan va noinsoniy munosabatda bo‘lingan.

Baxtiyor Xanazarov qiynoqlar oqibatida ayblovni tan olishga majbur bo‘lganini 2013 yilning 4 iyulida o‘tgan sud jarayonida aytgan. Ma‘lum bo‘lishicha, tergovchilar undan Toshkent shahar Yakkasaroy tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i Asom Tojiyevga nisbatan soxta ko‘rsatma berishni talab qilgan.

Biroq sud sudlanuvchining bu e‘tirozini inobatga olmagan holda Xanazarovni 7 yilga kesgan va mol – mulkini musodara qilish haqida qaror chiqargan.

Baxtiyor Xanazarov 2014 yilning 19 sentabrida amnistiya munosabati bilan qamoqdan muddatidan oldin ozod qilindi. U ayni paytda o‘z huquqlari tiklanishi uchun kurash olib borishini e‘lon qildi.

“Bugunning gaplari” dasturida Baxtiyor Xanazarov bilan qamoqdagi qiynoqlar va uning o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi harakatlari haqida gaplashdik.

Ozodlik: Baxtiyor, eng avvalo voqeaning tarixini qisqa aytib bersangiz. Nima bo‘lgan edi?

- Milliy xavfsizlik xizmatining Shavkat degan xodimi ishxonamda o‘tirgan paytimda sheriklari bilan kelib meni so‘roqqa olib ketgan. Meni Toshkent shahar Sergeli tuman prokuraturasiga olib borishdi. Meni qanday ayblov bilan qo‘lga olishganini so‘rasam, “Sen katta miqdorda pora olgansan”, deyishdi. Men: “Xususiy shirkatning xo‘jayini bo‘lsam, tadbirkor bo‘lsam, nega pora olaman?” deb so‘rasam, “Toshkentdagi “Arxideya lyuks” firmasidan 36 million so‘m olgansan”, deyishdi. Bu firmadan men proyekt chizib berish uchun haqiqatan ham pul olganman. Firma rahbari Sheraliga men o‘nta proyektni ko‘rsatganman, shundan bittasini u tanlab olgan. Bu proyektni chizish uchun uch-to‘rt oy butun gruppamiz bilan ishlaganmiz.

Men shularni aytib berdim. Biroq MXXning qurilish va arxitektura kompleksi bo‘yicha kuratori Shavkat meni boshimga urib, bo‘g‘ib: “Yaxshilikcha bo‘ynigga ol. Shunda oson qutilasan, qiynoqlarga solmaymiz. Bo‘lmasa butun qarindoshlaring bilan birga sindirib tashlayman”, deb do‘q urdi. Buyragimga juda qattiq musht urilganidan men xushimdan ketib qoldim. Chunki men avtohalokatga uchraganimdan so‘ng meni bir buyragimni olib tashlashgan edi.

Ozodlik: Ya‘ni siz nogironsiz.

- Ha, o‘sha patyda ikkinchi guruh nogironligi uchun hujjat to‘g‘rilayotgan paytim edi. Meni juda qattiq qiynoqlarga solib, Shavkat ayblovni bo‘ynimga olishimni ta‘minlagan. U meni qiynab, ayblovni bo‘ynimga oldirib ketganidan keyin Sergeli tuman prokuraturasining katta tergovchisi Alisher Muxtorov meni uch kun so‘roq qildi. Uch kun mobaynida menga bir qultum suv ham, bir burda non ham bergani yo‘q. Uch kun och saqlagan.

Shundan so‘ng meni Toshturmaga olib borishdi. U yerda 7 oy o‘tirdim. Bu yerda juda qattiq qiynoqlar bor. Qiynoqlarning asosiy qismini o‘zimga o‘xshagan mahbuslar qiladi. Aniqroq aytsam, shunga majbur qilishadi.

Ozodlik: Ya‘ni, militsiya xodimlari mahbuslarga nimanidir va‘da qilib boshqa mahbuslarni qiynoqlarga solishga majbur qilishadimi?

-Xuddi shunday.

Ozodlik: Toshturmada qanday kunlarni boshdan o‘tkazdingiz?

- Toshturmada MXX xodimi Shavkat meni ikkinchi qavatdagi tergov xonasiga chaqirib olib, boshqa odamlar, davlat mansabdorlarining pora olishi haqida ko‘rsatma berasan, deb rosa qiynagan. Nozik joyimga tepgan. Toshturmaning melisalariga buyruq bergan bo‘lsa kerak, melisalar meni: “Ko‘rsatma yozasan. Pul oldi berdi qiladigan odamlarining ustidan yozasan”, deb majburlashgan.

Qiynoqlarning turlari: oyog‘ingdan osmonga qarab bog‘lab qo‘yib, tovonga rezinka to‘qmoq bilan urishadi. Oyoqdan tepaga qarab osib qo‘yishadi. Toshturmaning suvi juda sovuq. Tualetga o‘tqazib qo‘yishib, boshingizdan suv quyishadi.

Ozodlik: Shu qiynoqlarning hammasi sizga nisbatan qo‘llanildimi?

- Ha, hammasi qo‘llanildi. Xushimdan ketgan paytlarim bo‘lgan. Sog‘ligim juda yomonlashgan. Masalan, Toshturmaga kelgunimcha 67 kilo edim. Toshturmadagi qiynoqlar natijasida 55 kilo bo‘lib qoldim.

Baxtiyor Xanazarov bilan suhbatning to‘liq holda quyida tinglashingiz mumkin.

Ayni paytda xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonda qiynoqlar mavjudligini ta‘kidlab keladilar. BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi so‘nggi bor 2013 yilning noyabrida O‘zbekiston hukumatini mamlakat qamoqxonalardagi “sistematik qiynoqlar”ga chek qo‘yishga chaqirgan.

Toshkentdagi Inson huquqi himoyachilari tashabbus guruhi 2014 yil davomida O‘zbekistonda kamida 23 mahbus qiynoqlar yoki qamoqda orttirgan kassalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqida ma‘lumotlarga ega ekanini bildirgan edi.

Inson huquqi himoyachilarining aytishlaricha, O‘zbekistonda qiynoq qo‘llashni taqiqlovchi qonun qabul qilinganiga qaramasdan, tergov izolyatorlarida va qamoqxonalarda gumonlanuvchi va mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llash davom etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2012 yilning 25 dekabrida imzolagan va ertasiga rasmiy matbuotda e‘lon qilingan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonun oradan bir yil o‘tib, 2013 yilning dekabrida kuchga kirgan edi. Mazkur qonunda qiynoqlar qo‘llanilishi taqiqlangan.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati mamlakat huquq-tartibot tuzilmalarida qiynoqlar sistematik tus olganini rad etib keladi.

2013 yilning oktabrida Jenevada bo‘lgan muhokamalarda O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z mamlakatida qiynoqlar sistematik tus olgani haqidagi xabarlarni rad etgan va xalqaro nohukumat tashkilotlarini O‘zbekiston borasida bir taraflama, noxolis axborot tarqatayotganlikda ayblagan edi.

XS
SM
MD
LG