Линклар

AQSh Geologik razvedka boshqarmasi e‘lon qilgan hisobotga ko‘ra¸ o‘tgan yili O‘zbekistonda 102 tonna oltin qazib olingan va mamlakat dunyodagi eng yirik oltin qazib oluvchilar ro‘yxatida 7-o‘ringa ko‘tarilgan. O‘zbekiston o‘tgan yili joriy bozor narxida4 milliard AQSh dollarlik oltin qazib olgan va bu mamlakat yillik byudjetining qariyb to‘rtdan biriga tengdir.

AQSh geologlari e‘lon qilgan so‘nggi raqamlarga ko‘ra¸ 2014 yilda O‘zbekistonda oltin qazib olish 2013 yilga nisbatan 4.1 foizga oshgan va 102 tonnani tashkil etgan.

Buncha oltin bilan O‘zbekiston dunyodagi oltinsotar davlatlar o‘nligida 8-o‘rindan bir pog‘onaga balandlagan.

Mutaxassislar hisobicha¸ 102 tonna oltin qimmati bugungi bozor narxida 4 milliard AQSh dollariga tengdir.

Ayni paytda¸ o‘tgan yilning avgustida O‘zbekiston Shveytsariyaga oltin sotish bo‘yicha yetakchi mamlakatlar - AQSh, Rossiya va Chilini ortda qoldirib, dunyoda birinchilikka chiqqan edi.

Germaniyada chiqadigan Gold Reporter nashri Shveytsariyaga 2014 yil avgust oyida jami 126 tonna 25 kilogramm oltin import qilingani, shuning 12 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgani haqida yozgan edi.

O‘zbekiston Shveytsariyaga eksport qilgan 21 tonna 536 kilogramlik oltin o‘sha paytda qariyb 848 million shveytsariya frankiga baholangan edi.

Gold Reporter nashri bosh muharriri Yurgen Froxlix Ozodlik bilan suhbatda mazkur hisobot Shveytsariya bojxona xizmatidan olingan ma‘lumotlarga asoslanganini bildirgan edi:

- O‘zbekiston oltin qazib oluvchi dunyodagi yetakchi mamlakatlardan biri. Ko‘rayotganimizdek, 2014 yil avgustida bu mamlakat Shveytsariyaga eng ko‘p oltin eksport qilgan mamlakat bo‘ldi.

Bu oltin Shveytsariyadagi fabrikalarda qayta ishlanib, sertifikatlanadi. Dunyoda qazib olinadigan oltinning 70 foizi Shveytsariyada qayta ishlanadi. Ayrim mamlakatlar oltinni Shveytsariya fabrikalarida sertifikatlab, qaytarib oladi. Ayrimlari Shveytsariya orqali uchinchi mamlakatlarga sotadi yoki Shveytsariyadagi banklarda saqlaydi. O‘zbekiston oltinni Shveytsariyadagi qaysi fabrikaga yuborgani va bu oltin u yerdan qayerga yuboriladi - buni bilmaymiz. Balki qaytarib olishi mumkin, balki Shveytsariyaning o‘zida saqlashi mumkin, degan edi Gold Reporter nashri bosh muharriri Yurgen Froxlix.

O‘zbekiston oltinlari qayerga va qanday sarflanadi?

O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mas‘ullaridan biri Saparboy Jubayevning Ozodlikka aytishicha¸ mamlakatda qazib olinayotgan oltinning egasi hukumat¸ aniqrog‘i Moliya vazirligi va Markaziy bank bo‘lib¸ qancha oltinni qayerda saqlashdan uni nimalarga sarflash masalasini kichik bir guruh rasmiylar hal qiladi:

-Markaziy bankning oltin-valyuta rezervi bor. Xalqaro valyuta jamg‘armasining talabi bo‘yicha¸ har bir mamlakat Markaziy banki qandaydir rezervni ushlab turishi kerak. Bu rezervning¸ odatda¸ 10-15 foizi sof oltinda ushlanadi. Bular slitka¸ quyma oltin shaklida saqlanadi. Bu slitkalarni ular Shveytsariyada saqlaydimi yoki Rotshild bankida¸ buni o‘zlari hal qiladi. Keyin¸ Markaziy bank har xil oltin tangalarni ham zarb qiladi va Navoiy va Olmaliq oltin kombinatlari qanchadir oltinni hukumatbelgilagan bahoda bankka sotishga majbur. Oltinning qolgan qismi¸ eksport qilinadi va undan keladigan valyuta tushumi yana Moliya vazirligi hisobiga tushadi¸ deydi mutaxassis.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oltinning qancha qismi kimga qaysi narxda sotiladi¸ bunga oid ma‘lumotlar jamoatchilikka ma‘lum emas.

2014 yili dunyoning eng badavlat yuqori texnologiyaga asoslangan elektron vositalari ishlab chiqaruvchi Apple shirkati o‘zining iPhone, iPad, iPod kabi mahsulotlarida O‘zbekistonda qazilgan oltindan foydalanishini bildirgan edi.

AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi hisob-kitobicha¸ O‘zbekistonning yillik byudjeti o‘tgan yili 18 milliard AQSh dollariga teng deb chamalangan. Bundan esa birgina oltindan keladigan kirim byudjetning qariyb to‘rtdan birini qoplashini taxmin qilish mumkin.

Kimning qancha oltini bor?

2014 yili jahon bo‘ylab jami 2860 tonna oltin qazib olingan va bu 2013 yilga nisbatan 60 tonna ko‘pdir.

Dunyoning oltin qazib oluvchilarining birinchi beshligiga Xitoy(430 tonna), Avstraliya (265 tonna), Rossiya (230 tonna), AQSh va Peru kiradi.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda qancha oltin qazib olinayotganiga oid ma‘lumotni qattiq sir tutadi va uni na o‘z xalqi va na xalqaro tashkilotlarga ochiqlamaydi.

Xorij geologik razvedka mutaxassislari taxminicha¸ 2013 yilda O‘zbekistonda 98 tonna¸ 2012 yili esa 90 tonna oltin qazib olingan.

Ekspertlar taxminicha¸ O‘zbekiston oltin zahiralarining kattaligi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda turadi.

O‘zbekistonda oltin asosan Navoiy va Olmaliqdagi konlardan qazib olinmoqda.

2011 yili O‘zbekistonda 63 ta oltin koni aniqlangan va keyingi yillardagi geologik razvedka ma‘lumotlariga oid ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekistonda aniqlangan oltin konlarida mavjudligi tasdiqlangan zahira¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ kamida 2500 tonnani tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG