Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:58

O‘zbekistonda "IShID fitnasi" nomli kitob taqdim qilindi​


"IShID fitnasi" kitobining taqdimoti
"IShID fitnasi" kitobining taqdimoti

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepov yozgan kitobda Iroq va Suriyaning kattagina hududini egallab olgan "Islomiy davlat" guruhi "terrorchilar to‘dasi" deb qoralandi va musulmonlar bu to‘daning "kirdikorlari"dan ogohlantirildi. Hujjatlarga tayangan muallif tez orada guruhning "zalolat cho‘qqisidan qulashi"ni bashorat qildi.

Idora mulozimi kitobi taqdimoti 5 viloyatda bo‘ldi

Idora mulozimi, islomshunos olim Aydarbek Tulepovning "IShID fitnasi" nomli kitobi taqdimot marosimi 18 fevral kuni Jizzax, Namangan, Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida rasman taqdim qilindi.

Tadbirga mahalliy imomlar, mahalla qo‘mitalari rasmiylari va faollar taklif qilindi. Tashkilotchilar "IShID fitnasi" kitob mazmuni bilan jamoatchilikni tanishtirar ekan, bu kitobni mahalliy musulmonlar orasida tarqatishni so‘radi.

Bu borada xabar bergan, ammo ismini oshkor qilishni istamagan mulozimga ko‘ra, shu kunda "IShID fitnasi" kitobi respublikada mavjud 2 yarim mingga yaqin masjidning imom xatibi va imomlariga tarqatilgan.

Shaxsan menda bu kitobdan 25 bor. Tarqatish uchun berildi. Sotuvda ham bor, ammo narxi necha so‘m turishini hozircha bilmayman”, dedi kitobning taqdimot marosimida ishtirok etgan manba.

"Iroq va Shomdagi islom dushmani"

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi rasmiy saytida berilgan xabarda kitobning qisqa mundarijasi taqdim qilindi.

O‘ta ta‘sirchan suratlar bilan dizayn berilgan kitobda "Iroq va Shom islom davlati" terrorchilar to‘dasi", "Iroq va Shomdagi islom davlati" emas, "Iroq va Shomdagi islom dushmani", "Buzg‘unchilar to‘dasini "islom davlati" demang!" kabi sarlavhalar uchraydi.

Kitob muallifi imkon qadar kitobxonning xotirasiga muxrlanadigan bu tahlit sarlavha ostida berilgan boblarda bugungi "Islomiy davlat"ning Islom diniga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ham tarixiy, ham zavonaviy hujjatlar asosida sharhlaydi.

“Qachon qora bayroqni ko‘rsangiz, uyingizdan jilmang!"

Kitob avvalida keltirilgan tarixiy hujjat Markaziy osiyolik fiqxshunos, muxaddis Nuaym Ibn Hammod al-Marvaziyning “Al-Fitan (Fitnalar)” nomli kitobida hazrati Alidan keltirgan so‘zlardir:

Qachon qora bayroqlarni ko‘rsangiz, uyingizdan jilmang. Qo‘llaringiz va oyoqlaringizni qimirlatmang. So‘ng zaif bir qavm chiqadi. Ular e‘tiborga sazovor emaslar. Ularning qalb­lari temirning zangiga o‘xshaydi. Ular mol-mulk sohiblaridir. Ahdga ham, va‘daga ham vafo qilmaslar. Haqqa chaqirurlar, lekin o‘zlari haq ahlidan emaslar. Ismlari laqablardan iborat. Nisbatlari esa qish­loq-shaharlarigadir. Sochlari ayollarning sochiga o‘xshab osilib turadi. Ular oxiri borib o‘zaro ixtilof qiladilar...”, deya keltiriladi kitobda.

Muqaddam diniy idora raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepov yozgan kitobning ayni shu bobi alohida maqola holida chop etilgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Adashgan firqalar izdoshi - IShID

Sharhlarida diniy idora mulozimi hazrati Ali so‘zlari, deya taqdim qilingan bu tarixiy bashorat bugungi "Islomiy davlat" haqida aytilgan mazmunidagi xulosasini taqdim etadi.

Ayni paytda Qur‘oni karim oyatlari va hadislarga bot-bot murojaat qilgan muallif "Islomiy davlat"ni "adashgan firqalar izdoshi" deb ta‘riflaydi va bu "botil aqidaga tayangan halok bo‘ladi" deb ogohlantiradi.

IShID sodir etgan jinoyatlar

Shuningdek, muallif 2014 yilning iyunь oyida xalifalik e‘lon qilgan bu terrorchi guruh jinoyatlarini ham sanab o‘tadi.

Bugungi "Islomiy davlat" - sobiq "Iroq va Shom islom davlati"ning 2009 yildan keyingi mudhish jinoyatlari keltiriladi.

Ayni paytda muallif o‘zaro ixtiloflari kuzatilayotgan bu guruhning tez orada o‘zi zabt etgan "zalolat cho‘qqisidan qulashi"ni bashorat qilgan.

ID ortidagi "uchinchi qo‘l" maqsadi olamni Islomdan cho‘chitish

Kitobdagi muhim bandlardan biri esa "Islomiy davlat" ortida turgan "uchinchi qo‘l" haqidagi xulosadir.

"IShIDning ko‘rinmas maqsadlari yoxud uchinchi qo‘l kirdikorlari" deb nomlangan bu bandda terror guruhini tashkil qiluvchilarning asl maqsadi Islom dini va musulmonlarni diskreditatsiya qilish ekani haqidagi xulosalar berilgan:

"- Islom ma‘rifati tarqalishiga to‘sqinlik qilish

- Butun olamni Islom dinidan qo‘rqitish va cho‘chitish

- Islom diniga nisbatan ommaviy nafratni paydo qilish

- Islom dini va mo‘min-musulmonlarni yomonotliq qilish

- yoshlarni jihod shiori ostida juvonmarg qilish

- ulamolarni kofirga chiqarish bilan yo‘q qilish

- musulmon o‘lkalarida tahlikali fitnalarni uyushtirish va nizo chiqarish".

Kitobning elektron formatda taqdim qilingan qismida dunyoni dahshatga solayotgan IDning ortida turgan "uchinchi qo‘l" kimga oid ekani haqida ma‘lumot yo‘q.

Ozodlik bu savollarga javob olish uchun muallif Aydarbek Tulepovning o‘ziga murojaat qilishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

Biroq O‘zbekistonda muallifning kitobi nashrga tayyorlanayotgani haqida ma‘lumot bergan yana bir mulozim - O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining yana bir o‘rinbosari Abdulaziz Mansur ham "Shom diyoridagi jihod - fitnadir" mazmunida bayonot bergan edi.

O‘tgan yili iyulda bo‘lgan Ramazon oyi munosabati bilan Toshkent shahridagi yirik masjidlarda ma‘ruza qilgan o‘zbekistonlik taniqli ulamo, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham "Iroq va Shom islom davlati" guruhi jang harakatlarini "musibat" deb qoralagan.

U kishi Islom ulamolari xalqaro ittifoqi Iroq va Suriyada e‘lon qilingan xalifalikni tan olmasligini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG