Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:03

O‘zbekistonda kreditga mashina olish mumkinmi?


OzodJavobning bugungi sonida mashina xarid qilish uchun bankdan kredit olish tartib-qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Andijonlik Hakimjon OzodJavobga murojaat qilib “O‘zbekiston banklaridan mashina xarid qilish uchun kredit olish mumkinmi” degan savolga javob topishga ko‘mak so‘radi:

“Avvallari O‘zbekistondagi tijorat banklari tomonidan mashina sotib olish uchun kredit berilar edi. Bu juda yaxshi yordam edi, yetarli mablag‘lari yo‘q odamlar uchun. Lekin keyin banklar mashina uchun kredit bermay qo‘ydi, deb eshitdim. Hozir banklardan mashina olish uchun kredit olsa bo‘ladimi?”, deya so‘radi.

Buxorolik Adham esa mashina uchun kredit olishning tartib-qoidalariga qiziqqan:

“Men O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinani kreditga olsam bo‘ladimi? Agar kredit berilsa, qancha muddatga olish mumkin? Necha foizga beriladi? Qaysi banklar kredit beradi? Kimga, qaysi tashkilotga murojaat qilish kerak?”

********

O‘zbekiston Markaziy bankidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mamlakatdagi deyarli barcha banklar mashina olish uchun kredit berishi mumkin.

“Iste‘mol krediti to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha tijorat banklari va ularning joylardagi filiallari tomonidan jismoniy shaxslarga ularning iste‘mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar sotib olish uchun iste‘mol kreditlari ajratishi lozim. Shu jumladan, mashina olish uchun ham barcha tijorat banklari kredit ajratib kelmoqda. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har bir shaxs kredit olish uchun mamlakat banklariga murojaat qilishi mumkin”, dedi Markaziy bank mutaxassislaridan biri.

Mutaxassisga ko‘ra, bugungi kunda xorij mashinalarining qimmatligi bois fuqarolar orasida, asosan, "GM Uzbekistan” korxonasida ishlab chiqarilgan mashinalarni kreditga olishga talab bor.

Amaldagi tartibga ko‘ra, mashina xarid qilish uchun bankdan kredit olmoqchi bo‘lgan shaxs "GM Uzbekistan” korxonasining rasmiy dilerlariga murojaat qilishi lozim.

“Jismoniy shaxslar tomonidan "GM Uzbekistan” korxonasida ishlab chiqarilgan avtomashinalarni bank krediti hisobiga sotib olish uchun dastlab bevosita ushbu korxonaning rasmiy dilerlaridan tegishli shartnomani olishlari lozim. Bizda avtosalonlar dilerlik vazifasini bajaradi. Shuning uchun bankdan kredit olmoqchi bo‘lgan shaxs avvalo avtosalonga murojaat qilib, uch tomonlama shartnomani olishi lozim”, dedi Toshkentdagi “Asaka bank” bo‘limlaridan birining mutaxassisi.

Mutaxassisga ko‘ra, mashina olmoqchi bo‘lgan shaxs quyidagi hujjatlarni bankka taqdim qilishi lozim:

“Pasport nusxasi;

Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasining nusxasi. Bu daftarcha Xalq banklari tomonidan beriladi.

Mahalladan "shu yerda yashaydi" degan mazmundagi ma‘lumotnoma;

Uch tomonlama shartnoma. Ya‘ni avtosalon, mijoz va bank o‘rtasida tuzilgan shartnoma”, dedi “Asaka bank” mutaxassisi.

Suhbatdoshga ko‘ra, mijozdan talab qilinadigan asosiy talab, mashina narxining 50 foizini bankka topshirishi lozim:

“Uch tomonlama shartnoma tuzilgach, mijoz bu proyektda o‘zining 50 foizlik ulushi bilan qatnashishi kerak. Ya‘ni mijoz xarid qilmoqchi bo‘lgan mashina narxinining 50 foiz qismini bankka to‘lashi lozim”, dedi suhbatdosh.

Deylik, bugungi kunda Toshkentdagi avtosalonlarda taxminan 20 ming AQSh dollariga sotilayotgan "Lasetti" mashinasini kreditga sotib olmoqchi shaxs 10 ming dollar miqdoridagi pulni bankka topshirishi lozim.

Mutaxasisga ko‘ra, mijozga kredit yillik 16 foizga beriladi:

“Asaka bank mashina uchun kreditni 2,5 yilga beradi. Kapital bank esa 3 yil muddatga berayapti. Ular ham yillik 16 foizdan beradi”, dedi “Asaka bank” mutaxassisi.

Bugungi kunda GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida o‘n xilga yaqin modeldagi avtomobil ishlab chiqarilmoqda.

Bu avtomobillarni mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan GM Uzbekistan avtosalonlaridan xarid qilish mumkin.

Shu o‘rinda GM Uzbekistan avtosalonlaridan mashina xarid qilish tartib-qoidalariga ham qisqacha to‘xtalsak. (Bunga OzodJavobning avvalgi sonlaridan birida batafsil to‘xtalganmiz)

Amaldagi tartibga ko‘ra, avtosalonlardan mashina xarid qilish tartibi shunday:

1. Avtosalonga borib ariza topshiriladi.
2. Oldi-sotti shartnomasi to‘ldiriladi.
3. Shartnoma imzolangach, mashina narxining 85 foizi to‘lanadi.
4. Uch oydan bir yilgacha navbat kutiladi. (Ayrim hollarda bundan ham uzoqroq bo‘lishi mumkin)
5. Mashina zavoddan avtosalonga kelgach, uning narxining qolgan 15 foizi to‘lanadi.

6. Mashina nihoyat sizniki.

Toshkentdagi avtosalonlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, tanlagan avtomobilingizning narxi AQSh dollarida bo‘lsa salonga kelib xalqaro plastik kartochkada hisob raqami ochish lozim. Kapital bank yoki Asaka bank bo‘limlarida ham ayni ko‘rinishdagi hisob raqami ochish mumkin. Keyin mashinaning belgilangan narxini shu hisobga o‘tkazasiz.

**************************************************************

Aziz mushtariy agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz,OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali Ozodskype yoki ErkinMikrofon ga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG