Линклар

logo-print

Toshkent hokimi voyaga yetmaganlarning Internet-kafelarga kirishini chekladi​


O‘zbekistondagi Internet-kafelarda nazorat shundoq ham kuchli bo‘lgan.

O‘zbekistondagi Internet-kafelarda nazorat shundoq ham kuchli bo‘lgan.

Toshkentda voyaga yetmagan bolalarning Internet-kafelarga kirishi taqiqlab qo‘yildi. Poytaxt hokimining bu haqdagi qaroriga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan bolalarning Internet-kafelar va kompyuter klublariga dars vaqtida hamda oqshomdan keyin ota-onasidan birovining kuzatuvisiz borishi mumkin emas. Ayni qarorga ko‘ra Internet-kafelar kech soat 9da yopilishi lozim. Bu sohada faoliyat qiladigan toshkentlik yuzlab tadbirkorlarning ko‘pchiligi hokim qarori bizneslarini sindirishidan xavotir bildirmoqda.

Toshkent shahar hokimi 18 fevral kuni imzolagan qaror ortidan poytaxt tumanlari ma‘muriyatlari o‘z hududlaridagi yuzlab tadbirkorlarni chaqirtirib, Internet-kafelar faoliyatiga doir yangi tartib joriy qilinishidan xabardor qilindi.

Toshkentdagi yirik Internet-kafelardan birining xo‘jayini Ozodlik bilan suhbatda poytaxt hokimiyatining qarori katta sarmoya qilingan biznesining sinishiga olib kelishidan gap boshladi.

Nima qilishimizni bilmayapmiz. Boshqa sohani qidirayapmiz lekin. Qarorning hamma punktlarini bajaradigan bo‘lsak, bizlarning savdomiz deyarli 70 foizga tushib ketadi. Bu yog‘i 30 foiz. Bizlarda arenda, nalog, degan narsalar bor. Hisoblab chiqdim, biznes sinadi. Majlisdan beri nima bo‘larkan, deb yuribman,- deydi ismini ochiqlamasligimizni so‘ragan Internet-kafe xo‘jayini.

Internet-kafelarda nazoratni kuchaytirish yoshlarni taqiqlangan saytlardan ihota qilib bo‘lmaydi, deydi tadbirkor.

Internet-kafelarda nazoratni kuchaytirish yoshlarni taqiqlangan saytlardan ihota qilib bo‘lmaydi, deydi tadbirkor.

O‘z klubida yuzdan oshiq kompьyuteri borligini aytgan tadbirkorga ko‘ra, hokim qarori bajarilishi shart va muhokamaga o‘rin yo‘q, degan mujdani tadbirkorlarga uqtirish maqsadida tuman hokimiyatidagi majlis kuch ishlatar idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan.

- Tuman hokimi o‘tkazdi. Prokuror yonida o‘tirgan edi. Keyin ROVDning boshlig‘i va nalog boshlig‘i. To‘rtovlon o‘tkazishdi. Ular qo‘rqitishdimi bilmaymanu lekin qarorning o‘zi qo‘rqitib qo‘yyapti,- deydi Toshkentlik tadbirkor.

Toshkent shahar hokimining qarorida Internet-kafelar faoliyatining cheklanishi “milliy ma‘naviyatimizga zid bo‘lgan, jangarilik, shafqatsizlik va hayosizlikni targ‘ib etuvchi lavhalar, suratlar, saytlar, filmlar ko‘payganligi, bu voyaga yetmagan yoshlar ongiga salbiy ta‘sir ko‘rsatib, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oshishiga asosiy sabablardan biri bo‘layotganligi” bilan izohlanadi.

Yunusobod tumani hokimligining ma‘naviyat va ma‘rifat masalalari bo‘yicha mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda, Internet-kafelar kafelarning nazoratsiz faoliyati salbiy oqibatlarga olib kelganiga misol keltirdi.

- Endi bizlarda bitta narsa bo‘ldiki, ikkita voqea bo‘layapti. Ikkita oilaning o‘rta maxus kasb hunar kolleji bitiruvchilari Kaunterstrayk (jangari kompyuter o‘yini-tahr.) o‘ynagandan keyin, ozgina pul ham aralashganmi, bittasi bittasiga yutqazgandan keyin oxiri jinoyat sodir etiladi. Bitta voyaga yetmagan boshqa voyaga yetmaganni so‘yib yuboradi. 18ga kirmagan bola o‘layapti hozir. Ikkinchi bola hozir koloniyaga ketyapti,- dedi hokmilik rasmiysi.

Hokimlik rasmiysi kompьyuter o‘yini yoshlar orasida zo‘ravonlikka sabab bo‘layotganini aytadi.

Hokimlik rasmiysi kompьyuter o‘yini yoshlar orasida zo‘ravonlikka sabab bo‘layotganini aytadi.

Hokim qarorida “foydalanuvchi tomonidan internet tarmog‘i orqali buzg‘unchi, diniy ekstremistik va terroristik veb-saytlariga tashrifi, ta‘qiqlangan materiallarning tarqatilishi, qabul qilinishi va boshqa shubhali harakatlar aniqlangan taqdirda, daliliy ashyolarni saqlab qolish hamda zudlik bilan huquq-tartibot idoralarini xabardor qilish tavsiya etilsin” deya ko‘rsatilgan.

Toshkent shahar hokimi qarori biznesini sindirishini aytayotgan tadbirkor Internet-kafe mijozlarining taqiqlangan saytlarga kirishi shundoq ham nazorat ostida bo‘lib kelgani, bunday saytlarga kirmoqchi bo‘lganlar boshqa vositalardan foydalanishini aytadi. Hukumat davlatga soliq to‘lab kelgan biznesni bunday vaj bilan sindirishi “burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘yish” bilan barobar, deydi tadbirkor.

- Ular bizga bu sohadan foyda kerak emas, deyishyapti. Endi taqiqlangan saytlarni aytishyapti. Internet-kafelarda kameralar qo‘yilgan, nazorat kuchli, taqiqlangan saytga hech kim kirmaydi. Hozir hammaning uyida Internet bor, qo‘l telefonlari bor, taqiqlangan saytga kiraman, desa bemalol kiradi, deydi toshkentlik tadbirkor.

Toshkent shahar hokimiyatining qarori O‘zbekistonda Internetni cheklashga doir navbatdagi choradir. Mamlakatda jahon tarmog‘i ustidan nazoratni kuchayitirishga qaratilgan ko‘plab qarorlar qabul qilingani bois xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonni “Internet dushmani”, deya tasniflaydi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘tgan oyda Vazirlar Mahkamasi yig‘inida qilgan chiqishida mamlakatda 20 million odam uyali telefon xizmatidan foydalanishi, Internet foydalanuvchilari soni esa 10,2 millionga yetganini maqtanib gapirgan edi.

XS
SM
MD
LG