Линклар

Rossiyaliklarni darg‘azab qilgan MSK raisi suratlari o‘zbek elchixonasiga osildi​


Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Vladimir Churov.

Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Vladimir Churov.

26 fevral kuni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Vladimir Churov olgan fotosuratlar ko‘rgazmasi ochildi.

Rossiyada o‘tkazilgan so‘nggi saylovlardan keyingi ko‘pming kishilik noroziliklar sababchisi bo‘lgan, boz ustiga fotografiya san‘ati olamida tanilmagan amaldorning O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament saylovi chog‘ida olgan suratlari ko‘rgazmasi prezident saylovi arafasida uyushtirilgani bilan e‘tiborlidir.

Vladimir Churovning O‘zbekiston elchixonasida fotoko‘rgazmasi ochilayotgani to‘g‘risida RF Markaziy saylov komissiyasi rasmiy sayti xabar qildi.

Suratkashlik qilgan kuzatuvchi

Xabarda aytilishicha, Vladimir Churov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 2014 yil dekabrida o‘tkazilgan saylovda kuzatuvchilik qilgan Rossiya Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi yetakchisi sifatida ovoz berish kuni Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida bo‘lgan.

26 fevral kuni ochilgan ko‘rgazmaga Churovning o‘sha saylov kunlari O‘zbekistonda olgan suratlari qo‘yilgan.

Rossiya saylov tizimi “boshlig‘i”ning O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan eng so‘nggi saylov paytida olgan fotosuratlari bu mamlakatda bir oydan keyin o‘tkaziladigan prezident saylovi arafasida O‘zbekiston elchixonasida ochilmoqdaki, bu holat savollar paydo qilmay qolmaydi, albatta.

Balki, RF Markaziy saylov komissiyasi raisi taniqli fotorassomdir?

Vladimir Churovning RF MSK saytida e‘lon qilingan rasmiy tarjimai holida “fotosuratlar olishga, harbiy tarixga va arxitektura tarixiga qiziqadi”, deyilgan xolos.

Fotografiya sohasida tanlovlarda ishtirok etgani yoki fotoko‘rgazmalari haqida rasmiy umr bayonida ma‘lumot yo‘q.

“Churovning fotoko‘rgazmasi” degan so‘rovga google Tulada o‘tkazilgan bitta ko‘rgazma to‘g‘risida ma‘lumot topib berdi, xolos. Bu ko‘rgazma Churov MSK raisi bo‘lib turgan davrda o‘tkazilgani ma‘lum bo‘ldi.

“Churov olgan suratlar” degan so‘rovga javoban google uning o‘zi aks etgan suratlardan boshqa narsa topib bermadi.

San‘at olamiga endi kirib kelayotgan fotorassom?

Toshkentlik fotomuharrir Timur Karpov Ozodlik savollariga javob berar ekan, Vladimir Churov degan fotorassom to‘g‘risida eshitmaganini aytarkan, jumladan bunday dedi:

- To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston elchixonasida qandaydir fotoko‘rgazma o‘tkazilayotgani to‘g‘risida birinchi marta eshitishim. Balki, bundan oldin ham o‘tkazilgandir – bir narsa deyishim qiyin. Odatda elchixonalarda va ularga o‘xshash boshqa idoralarda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar o‘ta zerikarli, san‘atga aloqasi yo‘q, siyosatga xizmat qiladigan suratlar bo‘ladi, dedi Timur Karpov.

"O‘tda yonmas, suvda cho‘kmas" rais

Aftidan nafaqat toshkentlik fotomuharrir, balki rossiyaliklarning o‘zlari ham Vladimir Churovni fotorassom sifatida tanimaydi. Biroq u Rossiyaning eng yangi tarixidagi eng nohalol saylov o‘tkazgan Markaziy saylov komissiyasi raisi sifatida tanilgan.

Rossiya Davlat dumasiga 2011 yilning 4 dekabrida o‘tkazilgan saylovdan so‘ng boshlanib, 2012 yil 4 martida o‘tkazilgan Rossiya prezidenti saylovidan keyin ham davom etgan norozilik aktsiyalari - Moskvaning Bolotnaya maydoni, Akademik Saxarov prospektidagi mitinglar - ishtirokchilarining asosiy talablaridan biri “Churovning iste‘fosi va uning faoliyatini tergov qilish” bo‘lgan edi.

Rossiya jamoatchiligi fikricha, har ikkala saylovda ham aynan Markaziy saylov komissiyasi raisi Vladimir Churovning aybi bilan qo‘pol qonunbuzarliklarka yo‘l qo‘yilgan, saylov natijalari soxtalashtirilgan.

2002 yilning 24 yanvarida uch fraktsiya: KPRF, LDPR va “Spravedlivaya Rossiya” fraktsiyalari Davlat dumasi muhokamasiga Churovga ishonchsizlik bildirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini kiritgan edi.

Lekin Vladimir Churov hanuz RF Markaziy saylov komissiyasini boshqarib keladi.

Sizdan ugina, bizdan bugina?

Rossiya-O‘zbekiston aloqalari bo‘yicha mutaxassis, Farg‘ona.ru sayti bosh muharriri Daniil Kislov Churovning O‘zbekiston elchixonasida ko‘rgazmasi ochilgani to‘g‘risidagi xabarni sharhlar ekan, bunday dedi:

- Bu tadbir ortida qanday maqsad yotganini bilmaymanu lekin buni Rossiya Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekistonda o‘tadigan prezident saylovi natijalarini hozirdanoq ma‘naviy qo‘llab-quvvatlayajagiga bir ishora, deb qabul qilish mumkin.

Fotografiya san‘ati sohasida RF Markaziy saylov komissiyasi bilan aloqalariga oid savolni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga berishning imkoni bo‘lmadi: bu idora telefonini hech kim ko‘tarmadi.

XS
SM
MD
LG