Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:59

Mo‘may rubllar va universitet dekani: Aksilmaydon namoyishchilarni to‘plash yo‘llari​


Antimaydonchilar chiqishi.
Antimaydonchilar chiqishi.

Ko‘pchilik talaba shanba kuni kunduzgi soat 12 da namoyishga chiqishdan ko‘ra uxlashni afzal ko‘rsa kerak. Xo‘sh, Moskva davlat suv transporti akademiyasining ikki talabasi nima uchun “Evromaydon to‘ntarilishi”ning bir yilligiga bag‘ishlangan mitingga chiqdi?

Aftidan, universitet dekanini deb.

“Dojd” mustaqil kanali muxbiri putinparast Yosh gvardiya harakati a‘zolari bilan suhbatlashdi. Namoyishchilar chap tomonida Putinning tasviri bor oq poncholarni kiyib olgan, qo‘llarida bo‘lsa muxolifatga qarshi yozuvlar bor edi.

Ikkala talaba muxbir Vladimir Romenskiyga quyidagilarni aytdi:

Romenskiy: Sizlarni bugun tashqariga chiqishga nima undadi?

Talaba 1: Meni bu yerga kelishga majburlashdi.

Romenskiy: Nega? Kim majburladi?

Talaba 1: Mana bu (do‘stiga qarab).

Romenskiy: Nega uni kelishga majburladingiz?

Talaba 2: Chunki yolg‘iz kelishni istamadim.

Romenskiy: Siz Yosh gvardiya faolimisiz?

Talaba 2: Yo‘q.

Talaba 1: Ular shunchaki mana bu bayroqchalarni qo‘limizga tutqazishdi.

Romenskiy: Nega bu yerga kelishga qaror qildingiz? Bu namoyish haqida qanday xabar topdingiz?

Talaba: Dekan shuni buyurdi.

Romenskiy: Dekan nima dedi?

Talaba 2: Bu rektorning buyrug‘i ekan – har bir guruhdan besh ko‘ngilli. Bizni to‘plashganidan keyin shu yerga keldik.

Romenskiy: Qo‘lingizdagi posterda nima deb yozilganini bilasizmi?

Talaba 2: O‘g‘ri qamoqda o‘tirishi kerak.

Romenskiy: Posterda kimning surati aks ettirilgan?

Talaba 2: [Muxolifatchi] Navalniyga o‘xshayapti. Ikkinchisini bilmayman.

Romenskiy: Navalniy qamoqda bo‘lishi kerak deb hisoblaysizmi?

Talaba 2: Yo‘q, unday fikrda emasman.

Romenskiy: Xo‘sh, unda nega bu posterni ushlab olgansiz?

Talaba 2: Chunki qo‘yishga boshqa joyim yo‘q.

Politsiya ma‘lumotiga ko‘ra, “Maydondan bir yil o‘tib. Biz unutmaymiz! Biz kechirmaymiz!” shiori ostida o‘tkazilgan namoyishga 35 mingga yaqin odam qatnashdi.

Qatnashuvchilarning aksari G‘arbni Kiyevda “davlat to‘ntarilishi” uyushtirishda ayblovchilar edi. Shunday bo‘lsa-da, ular orasida namoyishga boshqa maqsadni ko‘zda tutib kelganlar ham bor edi.

Namoyishdan bir kun avval o‘zini Irina deb tanishtirigan kasaba uyushmasi vakili Ozodlik radiosi rus xizmati bilan qilgan suhbatida har bir ommaviy uyushmadan hech bo‘lmasa olti odam qatnashishi kutilayotganini aytgandi.

Hafta boshida qatnashuvchilarga pul taklif qilingan reklamalar paydo bo‘lgandi.

Namoyish uyushtiruvchilari bu takliflarni “provokatsiya” deb atab, ular haqida xabar berganlarni sudga berishlarini aytishdi.

Aksilmaydon harakatining matbuot kotibi Ozodlik radiosi rus xizmati bilan qilgan suhbatida “Tabiiyki, bizning bunga aloqamiz yo‘q”, dedi.

Vaholanki, va‘da qilingan 200-500 rublni (3-5 dollar) olish uchun odamlar navbatda turgani haqida bir necha manba xabar berdi.

“Kommersant‘” gazetasi muxbiri Grigoriy Tumanov 300 rubldan olish uchun 200 ga yaqin odam uyushmalar uyi oldida turgani haqida yozdi.

“Novaya gazeta” mustaqil nashri muxbiri Natasha Zotova shaxsan o‘zi 300 rubl olgani aks ettirilgan, yashirin tarzda yozib olingan videoni Twitterda e‘lon qildi.

XS
SM
MD
LG