Линклар

logo-print

Namanganda test sinovlari paytidagi soxtakorliklari fosh qilindi. Toshkentda ichimlik suviga xlor qo‘shish zararli deb topildi. Navoiy viloyatida opa-singil chaqaloqfurushlar jazoga tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Favqulodda vaziyatlar vazirligi xavfli kasallikdan ogohlantirdi”

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi xataridan ogohlantirdi (“O‘zbekiston ovozi”, 26 fevral).

Mazkur xastalik Ebola virusi bilan bir guruhga mansub bo‘lib, asosan chorva mollari orqali yuqadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Abdusami Ahmatovga ko‘ra, Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha mas‘ul vazirlikdan iborat ishchi guruhi ishlamoqda.

Qayd etilishicha, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning tabiiy o‘choqlari O‘zbekiston hududida ham uchrashi mumkinligi hisobga olinib, uning oldini olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

1944 yilda Qrim va 1956 yilda Kongoda bir guruh odamlarda ushbu kasallik aniqlangani sababli unga Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi nomi berilgan. Kasallikni keltirib chiqaruvchi arboviruslar tog‘ oldi va cho‘l hududlarida tarqalgan.

“Namanganda test sinovlari paytidagi soxtakorliklari fosh qilindi”

Namangan viloyatida test sinovi payti soxtakorlik qilgan jinoiy guruh fosh qilindi (“Diyonat”, 26 fevral).

To‘rt kishidan iborat jinoiy guruh Namangan tibbiyot kollejiga kirish imtihonlari payti o‘nga yaqin abituriyentning hujjatini soxtalashtirib, ularning o‘rniga boshqa shaxslar – “desantchi”larni kiritishga uringan.

Qayd etilishicha, guruhga namanganlik Otabek Qosimov va Abdurahmon Nizomov boshchilik qilgan. Samarqandlik Zafar Ilyosov Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 2-akademik litseyda tahsil olayotgan 11 nafar a‘lochi talabani “desant” sifatida yuqorida nomi zikr qilingan ikki shaxsga – Namanganga yuborgan.

Jinoiy guruh kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda Davlat test markazi hujjatlarini soxtalashtirgan. Xabar qilinishcha, soxta hujjatlar bilan imtihonga kirayotgan “desantlar” qo‘lga olingan.

Sud hukmiga ko‘ra, Otabek Qosimov 5,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Guruhning qolgan a‘zolari A.Nizomov, D.Do‘stov va Z.Ilyosov 5 yilu bir oyga qamalib, amnistiya bilan ularning jazo muddati qisqartirilgan. "Desantchi" talabalar taqdiri borasida ma‘lumot berilmagan.

“Toshkentda ichimlik suviga xlor qo‘shish zararli deb topildi”

Toshkentdagi xonadonlarga berilayotgan ichimlik suvi tarkibidagi xlor miqdori oshib ketmoqda (“Noviy vek”, 26 fevral).

Suvning me‘yoridan oshiq xlorlanishi, shuningdek, ichimlik suvi quvurlarining eskirgani sababli ayrim xonadonlarda krandan suv ichib bo‘lmay qolgan.

Gazetaga ko‘ra, suvga xlor qo‘shish zararli bo‘lgani sababli rivojlangan mamlakatlarda bu amaliyotdan voz kechilgan. Ularda suv xlor o‘rniga ozon, ultrafiolet va natriy gipoxlorit bilan tozalanadi.

“Xo‘sh, uy va xonadonlardagi krandan oqayotgan suvni ichsa bo‘ladimi?” deya savolga tutiladi “Suvsoz” idorasi mas‘ullari.

“Navoiy viloyatida opa-singil chaqaloqfurushlar jazoga tortildi”

Navoiy viloyatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan chaqalog‘ini sotayotgan ayol qo‘lga olindi (“Inson va qonun”, 24 fevral).

Nomi oshkor etilmagan ayol shar‘iy nikohdagi eri tashlab ketgach, 20 kunlik chaqalog‘ini sotishga uringan. Bolaga xaridor topishda unga singlisi yordam bergan.

Opa-singillar chaqaloqni sotish paytida qo‘lga olinib, ularga tegishli jazo berilgan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

“...Qo‘lida so‘nggi rusumdagi telefon, barmoqlarida qimmatbaho taqinchoqlar, qoshu ko‘zlar go‘yo sahnaga chiqayotgan kabi bo‘yalgan ayrim onalarning “Sharoitim og‘irligi sababli bolamni mehribonlik uyiga topshirishim uchun hujjat tayyorlab bersangiz”, deb mahallalar eshigida turganiga ham ko‘pchiligimiz guvohmiz”, deya bu kabi holatlarni tanqid qiladi jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi sudyasi Zafar Bobonov.

“Internet orqali diniy oqimga a‘zo bo‘lgan toshkent viloyatilik ikki ayol jazonlandi”

Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi Robia Bo‘ribekova va Yangiyo‘l tumanida yashovchi, uch farzandning onasi Nilufar Ubaydullayeva internet orqali taqiqlangan diniy oqimga a‘zo bo‘lgani uchun jazoga tortildi (“Adolat ko‘zgusi”, 26 fevral).

Bosh prokuratura vakili Dilshod Ahmedovga ko‘ra, R.Bo‘ribekova “WhatsApp” aloqa tarmog‘ida “Hukm Allohniki”, “Imonlashamiz inshaalloh” kabi virtual guruh yaratib, O‘zbekiston va xorijdagi jinoiy sheriklari bilan muntazam muloqot qilib turgan, “Hizbut-tahrir” diniy tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib qilgan.

N.Ubaydullayeva ham Bo‘ribekova tashkil qilgan virtual guruhga ilinib qolgan. Qayd etilishicha, bu ikki ayol ilm ahli, diniy ulamolar va davlat arboblariga nisbatan virtual olamda ig‘vo va bo‘hton tarqatgan.

Ularga sud oldida javob bergani va ularga jazo muqarrarligi ta‘minlangani xabar qilingan.

“Buxorolik erkak rashk tufayli xotinini davolagan shifokorni otib tashladi”

Buxorolik Salohiddin To‘xtasinov rashk tufayli xotinini davolagan shifokor O‘ktam Barakayevning joniga qasd qildi (“Huquq”, 26 fevral).

To‘xtasinov shifokor Barakayev uning xotinini gipnoz qilib qo‘yib, jinsiy ehtiyojini qondirgan deb gumon qilgan. O‘z oriyati va xotinining nomusi uchun qasos olishni maqsad qilgan To‘xtasinov shifokor Barakayevni otib tashlagan, so‘ng benzin quyib jasadini yoqib yuborgan.

Buxoro viloyat prokuraturasi vakili Abdullo To‘rayevga ko‘ra, sud noo‘rin rashk tufayli bir inson umriga zomin bo‘lgan To‘xtasinovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.

“Aktrisa Saida Rametova o‘z “o‘lim”i yuzasidan izoh berdi”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova o‘z “o‘lim”i haqidagi mishmishlarga munosabat bildirib, bu ovozadan kayfiyatini tushganini ma‘lum qildi (“Darakchi”, 26 fevral).

Yaqinda “Saida Rametova avtohalokatga uchrab olamdan ko‘z yumibdi” degan xabarlar tarqalgan. Rametovaga ko‘ra, hatto dugonalaridan biri mishmishlarni rost deb o‘ylab uning uyiga hovliqib qo‘ng‘iroq ham qilgan.

Saida Rametova bir yilcha avval spektaklni tashlab, to‘yga ketgani uchun O‘zbek milliy akademik drama teatri Mahmud Ismoilov tomonidan ishdan bo‘shatilgan edi.

Yaqinda Ismoilovning o‘zi ishdan ketib, teatr direktorligiga aktyor Fathuli Mas‘udov tayinlangan. Saida Rametova direktor yangilanishi ortidan bir yildan oshiq tanaffusdan keyin yana teatrga qaytgan.

XS
SM
MD
LG