Линклар

Rossiyaning Mineralniye Vodi xalqaro aeroportida sakkiz kundirki pasportiga qalbaki “kirdi-chiqdi” shtampi urilganlik aybi bilan jizzaxlik aka-uka Berdiyevlar ushlab turilibdi. Hujjatsiz, issiq ovqatsiz¸ noinsoniy sharoitda aeroport terminalida kun kechirayotgan Diyor va Jahongir o‘zlari kabi ahvoldagi o‘zbeklar ko‘pligini aytmoqda.

Bundan 10 yil oldin Hollivud rejissyori Stiven Spilberg suratga olgan “Terminal” komediyasi ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak.

Film qahramoni Viktor Krakovskiyning (Tom Henks) AQSh vizasi vatanida siyosiy vaziyat o‘zgargani tufayli to‘satdan bekor qilinadi va u aeroport terminalida bir necha oy qolib ketishga majbur bo‘ladi. Aytishlaricha, Spilberg bu filmni Parij aeroportida 1988 yildan 2006 yilgacha yashab kelgan eronlik bir qochqin hikoyasi asosida sahnalashtirgan.

Hozirgi kunda Stavropolning Mineralniye Vodi xalqaro aeroporti terminalida sakkiz kundirki qalbaki shtamp bilan chegarani kesib o‘tishga uringanlikda ayblanib tashqariga chiqarilmayotgan aka-uka Diyor va Jahongir Berdiyevlar boshiga Spilberg qahramoni kuni tushganiga guvoh bo‘lish mumkin.

“Pasportimiz Ukrainaga o‘zi chiqib kelgan...”

2014 yilda Jizzaxdan Moskvaga ish izlab kelgan Diyor va Jahongir Berdiyevlar kvartira ta‘mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelgan.

Hujjatlarni Rossiya qonunlari asosida rasmiylashtirgan va mahalliy qurilishda allaqachon bir yil ishlab qo‘ygan yigitlar yangi tartib joriy qilingani va bir yillik muddat tugagani sababli O‘zbekistonga ketishni rejalashtirgan.

"Aviachipta arzonroq bo‘lgani uchun Mineralniye Vodi shahrida ular bir samoletdan ikkinchisiga o‘tayotganda chegara xizmati xodimlarining nazoratiga tushib qoldi va O‘zbekistonga ketayotgan samolyotdan olib qolindi", deydi tafsilotlarni gapirib bergan Berdiyevlarning Moskvadagi amakivachchasi Bobir.

Diër Berdiyev "terminal"da.

Diër Berdiyev "terminal"da.

- 26 fevral kuni bo‘lyapti bu voqea. Oldinroq men bir jo‘ram orqali ularga dokument qilib berganman – prosto pasportining o‘zini Ukrainaga chiqartirib kelganman. Ulgurmagani uchun vaqtida hujjat qilishga, kirdi-chiqdini yangiladik. Bu migratsionniy bilan 4 kishi borgan edi. Chegarada esa faqat bularning migratsionniysini qalbaki deyapti. Aeroport chegarachilari O‘zbekistonga jo‘natgan zaprosiga javob kelgan, endi Ukrainadan kutayapti ekan. Bular hozir binoning ichkarisida o‘tiribdi. Bizga hech bo‘lmasa deportini urib, chiqarib yuborsin! Bunaqa odamlar ko‘p, deyapti. Puli qolmagan, yeb-ichish aeroport hisobidan berilmas ekan, deydi yigitlardan pasportlari olib qo‘yilgani sababli pul jo‘natish imkoni ham yo‘qligini gapirgan Bobir.

Bu voqeani o‘z nazoratiga olgan moskvalik huquq faoli Bahrom Ismoilov Rossiya Bosh prokurori va Prezident huzuridagi Inson huquqlari vakili nomiga aka-uka Berdiyevlar masalasida maxsus murojaatnoma tayyorlagan.

“Bunaqalar juda ko‘p!”

Ma‘lum bo‘lishicha, aka-uka Berdiyevlardan tashqari Mineralniye Vodi aeroporti terminalida ular kabi turli bahonalar bilan ushlab turilgan boshqa o‘zbekistonliklar ham bor.

Jahongir Berdiyev.

Jahongir Berdiyev.

- Unaqa bolalar juda ko‘p deyapti. Aynan shunday masalalar bilan ushlangan¸ hammasi yotibdi. Hatto 70 kunlab kutib yotganlar bor ekan. Ularga suddan keyin “o‘zlaring ketinglar”, bo‘lmasa lagerga jo‘natamiz¸ der ekan. U yerdan esa navbat kelsa, keyin jo‘natar ekan. Ular bu markazga iloji boricha bormaymiz deyapti. Lekin qancha vaqt o‘tib ketdi, qarang! deya yaqinlari och-nahor yotganidan kuyinadi Bobir.

Ozodlik bilan WhatsApp tarmog‘i orqali ulanishga muvaffaq bo‘lgan Diyor va Jahongir aeroport tutquniga aylangan o‘zbeklardan ayrimlari bir necha oydan buyon o‘z taqdiri hal etilishini kutib yotganini aytadi:

"Ikki oydan beri yurgan samarqandlik bollar bor – ular bu yerda hatto oylikka ishga joylashib olgan: biri oshpazga yordamchi, ikkinchisi svarshchik”, deb yozdi Berdiyevlar.

Ozodlik bilan suhbatda aeroport Chegara xizmati vakili Igor Sinelnikov Diyor va Jahongir Berdiyevlar ham Mineralniye Vodi aeroportida qolayotgan ko‘plab xorijliklar kabi pasportidagi qalbaki shtamplar tufayli ushlab turilibdi, deydi:

- Siz so‘ragan shaxslar sudda bo‘lganicha yo‘q. Bu yerda bunday holatda bo‘lgan odamlar juda ko‘p. Shu jumladan o‘zbek millatiga mansub. O‘zbekistondan tashqari Tojikiston, Armaniston, hatto Nigeriya fuqarolari ham bor. Ular pasportlarida chegarani kesib o‘tganlik to‘g‘risida soxta muhrlar urilgan. Aslida ular chegarani kesib o‘tmagan, muayyan pul evaziga pasportlarini firibgarlarga bergan, ular esa Moskvada o‘tirib ham shtamp urib beravergan. Har holda, biz qalbaki shtamplarni tekshirish uchun o‘sha chegara punktlariga so‘rovnoma yuborganmiz, FSB va FMSdan javob kelishini kutayapmiz. Qancha vaqtda javob kelishi noma‘lum, dedi Igor Sinelnikov.

Tergovchiga ko‘ra¸ Diyor va Jahongir Berdiyevlar ayblanayotgan hujjatlarni qalbakilashtirish uchun Rossiya Federatsiya Jinoyat Kodeksining 327--moddasi 3-qismida belgilangani kabi 80 ming rublь jarimadan to olti oylik qamoqqacha jazolanishi mumkin.

Ma‘lum bo‘lishicha, sud qarori chiqmagunga qadar o‘zbek mardikorlarini oziq-ovqat va boshpana bilan ta‘minlash majburiyatini hech kim o‘z zimmasiga olmaydi.

Aeroport terminalida yashashga moslashib qolgan Stiven Spilberg qahramoni Krakovskiy bir necha oydan keyin o‘z yurtiga jo‘nab ketadi; “Sharl de Goll” aeroportida 16 yil yashagan eronlik Mehran Karimi Nosiriy esa nihoyat qochqinlik maqomini olib, hozir Parijda istiqomat qilmoqda.

Mineralniye Vodi aeroportidagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining yana qancha vaqt terminalda qolishi hozircha noma‘lumligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG