Линклар

Xitoydan kelayotgan mollarning asosiy tashuvchisi bo‘lgan Abu Saxiy shirkatiga qarashli kargo xizmatlari orqali¸ Ozodlik manbalari ta‘kidicha¸ o‘zbek bozorlarida inson salomatligiga salbiy ta‘sir o‘tkazish ehtimoli yuqori bo‘lgan arzon va sifatsiz kiyim-kechak ko‘payib bormoqda. Sotib olayotgan molining aslida nima ekanidan bexabar qolayotgan o‘zbekistonlik iste‘molchi haqqini kim himoya qiladi¸ degan savol javobi oxir-oqibatda Abu Saxiyning bu yuklarni O‘zbekiston ichkarisiga olib kirish mexanizmiga borib taqaldi.

Abu Saxiy kargo xizmatlari orqali O‘zbekiston bozorlariga kirib kelayotgan kiyim-kechak sifati uchun kim javob beradi¸ degan savol javobini Ozodlik muxbiri iste‘molchilardan tushgan murojaat asosida o‘rganishga qaror qildi.

Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonlik iste‘molchi o‘z sarguzashti yaqinda Toshkentdagi Abu Saxiy bozoridan ichiga silikon gel solingan ayollar siynabandi sotib olganidan boshlanganini bildirdi.

Mana ushbu siynaband foto surati. Suratni ziyrak tadbirkor dalil sifatida Ozodlik radiosiga yubordi

Mana ushbu siynaband foto surati. Suratni ziyrak tadbirkor dalil sifatida Ozodlik radiosiga yubordi

Uyga borib¸ siynaband ichidagi liqildoq moddaning nima ekani bilan qiziqib¸ uni ochib ko‘rgan ayol¸ silikon gel deb atalayotgan moddaning o‘ta shubhali yopishqoq suyuqlik ekanini ko‘rib¸ xavotirga tushgan.

Ko‘krakka yopishib turadigan bu modda tarkibini o‘rganib¸ xulosa chiqarishni so‘rab xususiy tibbiy xizmatlarga murojaat qilgan iste‘molchiga mutaxassis siynaband ichiga toksik modda solingani va uni kiyish ko‘krak saratoniga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Ozodlik ixtiyorida Abu Saxiyda sotilayotgan bu ichkiyim va uning tarkibiga oid mutaxassis rasmiy xulosasi hozircha yo‘q va shu bois mavzuga turtki bo‘lgan bu mahsulot sifati haqida hukm chiqarishga erta.

Ammo "Abu Saxiy orqali O‘zbekiston bozorlariga kirib kelayotgan mahsulotlar sifatini kim va qanday tekshiradi? Bu sifat uchun oxir-oqibat kim javobgar?" degan savollarga javob izlashga turtki bo‘ldi.

Molning egasi kim?

Ozodlik bilan suhbatda Abu Saxiy bozorida ayollar ichkiyimi¸ xususan¸ ichiga liqildoq modda solingan siynaband savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor bu mollar sifati¸ ular tarkibiga oid rasmiy sertifikat yo‘qligini e‘tirof etdi:

- Biz molni Urumchidagi katta bozordan ko‘tarasiga naqd pulda olamiz. Olayotgan molimizni kim¸ qanday sharoitda ishlab chiqargan¸ uning materiali nimayu uning kimyoviy tarkibi qanaqa¸ bu haqda bizga hech qanday rasmiy sertifikat berilmaydi¸ so‘ramaymiz ham. Bunaqa sertifikatlangan mol bor Xitoyda¸ lekin uni Pekindan olish kerak va narxi ancha qimmat bo‘ladi. Shuning uchun deyarli hech kim sertifikatlangan mol olmaydi Urumchidan. Biz bu molni Abu Saxiy kargoga keltirib¸ har mingta byusgalterni presslatib¸ topshiramiz. Pulini to‘laymiz¸ bo‘ldi. Abu Saxiy ham bizdan buning sertifikati qani¸ deb so‘ramaydi. Molni aytilgan kunda Toshkentdagi Abu Saxiy bozoridan olamiz.

Bu mol O‘zbekistonga kirishda bojxona nazoratidan o‘tgangani¸ boj to‘langani haqida bizga hech qanday hujjat berishmaydi. Bu mol aslida kontrabanda. Shuning uchun oyiga 700 ming so‘m patent to‘lab, uni faqat Abu Saxiyning o‘zida sotishga majburmiz¸ chunki soliqchi o‘ziniki¸ hujjat so‘ramaydi¸ bosdi-bosdilardan himoyalangan. Lekin Abu Saxiy hududidan chiqishi bilan bu molni kontrabanda deb bosib¸ uni musodara qiladi. U yog‘iga Abu Saxiy garantiya bermaydi¸- deydi bozor savdogarlaridan biri xavfsizlik bois o‘z ismi ochiqlanmasligi sharti bilan.

Abu Saxiy kargo

Ozodlik mavzuni o‘rganish jarayoni Urumchidagi Abu Saxiy kargo xizmati bilan bog‘lanib¸ O‘zbekistonga yuboriladigan kiyim-kechak¸ xususan¸ silikonlik siynabandlar uchun sertifikat talab qilinish-qilinmasligi bilan qiziqdi.

- Siz bizga faqat pasport va pul bilan keling¸ bo‘ldi. Sertifikatning keragi yo‘q¸- dedi kargo xizmati vakili.

"O‘zbekistonga kirishda bojxona xodimlari bu mahsulot uchun sertifikat so‘ramaydimi?" degan savolga shirkat xodimi:

- Bundan hech ham xavotir olmang. Siz molni Urumchida topshirib¸ Toshkentda Abu Saxiy bozoridan olasiz. U yog‘ini o‘zimiz eplaymiz¸- deb javob berdi.

Bojxona sertifikat so‘raydimi?

O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ mamlakatga import qilinadigan aksar mahsulot uchun sertifikat talab qilinishini bildirdi:

- Agar siz¸ deylik¸ Xitoydan ayollar ichki kiyimi¸ ayniqsa¸ ichiga gel solingan siynaband jo‘natsangiz¸ bu mollar bojxona omboriga kelib tushadi. Bu yerda mollar, birinchi navbatda, xavfsizlik tekshiruvidan o‘tadi¸ ya‘ni ular ichida qurol-yarog‘¸ narkotik kabi noqonuniy narsalar bor-yo‘qligi tekshiriladi. Undan keyin¸ siz olib kelgan molning standartga¸ sanepidnadzor talablariga javob berish-bermasligi tekshiriladi. Agar ular siz olib kelgan molni salomatlik uchun bexatar deb topsa¸ tegishli bojxona to‘lovlari to‘lab¸ molingizni olib chiqishingiz mumkin¸- dedi bojxona qo‘mitasi rasmiysi.

Abu Saxiy kargo orqali Xitoydan kelayotgan kiyim-kechak sifati¸ uning tegishli tekshiruvlardan o‘tish-o‘tmasligi haqidagi savolga bojxona xodimi:

- Abu Saxiy endi butunlay boshqa masala. Bu bilan bizga emas¸ yuqoridagilarga murojaat qiling¸- deya javob qildi.

O‘zbekiston sanitarchilari nima deydi?

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologiya bosh boshqarmasi mutaxassisi kattalar kiyim-kechagi¸ xususan¸ ayollar siynabandining Vazirlar Mahkamasi tomonidan sertifikat talab qilinadigan import mollari ro‘yxatida yo‘qligini bildirdi.

- Agar Vazirlar Mahkamasi ayollar ichki kiyimi¸ xususan¸ siz tilga olgan silikonli siynabandni gigiyena sertifikati zarur deb topilgan mollar ro‘yxatiga kiritmagan bo‘lsa¸ biz nima qilaylik? Lekin bunday mollar¸ har qanday import kabi¸ bojxona tekshiruvidan o‘tishi kerak. Bojxonachilar bu mollarni qaysi gigiyenik talablar asosida tekshiradi¸ bunisi bizga qorong‘u. Bu siynaband ichidagi suyuqlik tarkibini biz aniqlay olmaymiz¸ chunki buni tekshirish mexanizmi yo‘q bizda. Bu ishni O‘zbekistonda faqat tibbiy ekspertiza aniqlashi mumkin¸- deydi Sanitariya-epidemiologiya bosh boshqarmasi mutaxassisi.

Iste‘molchi haqqini kimdan so‘raydi?

O‘zbekiston Iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakili¸ Urumchi bozorida sertifikatsiz sotib olinib¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentdagi Abu Saxiy bozoriga kelib tushayotgan mahsulot sifati haqida kim qanday kafolat beradiyu¸ uning salomatlikka ziyoni uchun kim javobgar¸ degan savol javobi chigal ekanini e‘tirof etdi:

- O‘zbekistonga har xil yo‘llar bilan kirib kelayotgan mollar ko‘pligi hech kimga sir emas. Qonuniy yo‘l bilan kirib keladigan tovar bojxonada tegishli tekshiruvdan o‘tadi. Ichkiyim bevosita inson salomatligiga aloqador bo‘lgani bois¸ uning talabga javob berish-bermasligini aniqlash Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli boshqarmasi zimmasida. Har bir bojxona postida ularning vakillari o‘tiribdi va sertifikat va boshqa hujjatlarni tekshirishi kerak. Bevosita bozorda sotilayotgan mol sifati uchun kim javobgar degan savol javobi soliqchilarga borib taqaladi. Chunki bozor hududida sertifikatlangan va bojxona tekshiruvidan o‘tgan mol sotilishini soliq inspektsiyasi nazorat qiladi. Ko‘rib turganingizdek¸ bitta siynaband sifatiga oid savol javobi bojxona¸ soliq¸ sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatiga borib taqaladi. Ko‘p hollarda ular bu masalani bir-biriga to‘nkaydi va kim javobgar degan savolga bir og‘zi gap bilan javob berish qiyin bo‘ladi¸- deydi iste‘molchilar haqqining himoyachisi.

Abu Saxiy

O‘zbekistonda ko‘tara savdo va savdogarlar mollarini mamlakatga olib kirish sohasini nazorat qiladigan Abu Saxiy konglomerati prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva va uning eri Timur Tillayev tomonidan nazorat qilinishi aytiladi. Bu shirkat orqali mamlakatga olib kiriladigan tovarlar bojxona, sanitariya va boshqa idoralar nazoratidan o‘tmasligiga doir iddaolar bor.

Xususan, bu iddaolarni Lola Karimova-Tillayevaning opasi Gulnora Karimova Turkiyaning “Hurriyat” nashriga bergan intervyusida ilgari surgan edi.

"...har oy tovar aylanmasi 20 million dollarni tashkil etadigan Abu Saxiy bozorining faoliyatidan davlat solig‘i olinmaydi”, deya iddao qilgan edi Gulnora Karimova 2013 yilda intervyusida.

Lola Karimova-Tillayeva va Timur Tillayevlar oilasi o‘tgan yilning dekabrida Gulnora Karimovaning bu iddaolari qat‘iy rad etib, uni sudga berish bilan tahdid qilgan edi.

"Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida diffamatsiya, bo‘hton va po‘pisalar tarqatilayotganligi, bizga huquqshunoslarimiz bilan maslahat boshlab, Gulnora Karimovaga qarshi sudga da‘vo qilish kabi qonuniy choralarni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishdan o‘zga chora qoldirmayapti”, deya bayonot e‘lon qilgan edi Karimova-Tillayeva o‘z rasmiy vebsaytida.

Ayni paytda, Gulnora Karimovaning o‘zi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tarafidan "uyushgan jinoiy guruh"ga a‘zolikda ayblanib, uy qamog‘iga olingan.

Ozodlik muxbiri, Lola Karimova-Tillayevaning vakillariga Abu Saxiy bozori bilan bog‘liq masalalr xususida izoh berishni so‘rab murojaat qildi. Lekin bu so‘rov hozircha javobsiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG