Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:56

Alyans o‘z faolini mukofot uchun Koreyaga uchirib yuborishga muvaffaq bo‘ldi​


O‘zbekiston inson huquqlari alyansi vakillari Yelena Urlayeva (o‘) va Adelaida Kim (ch).
O‘zbekiston inson huquqlari alyansi vakillari Yelena Urlayeva (o‘) va Adelaida Kim (ch).

O‘zbekiston inson huquqlari alyansi vakilasi Adelaida Kim Koreyaning Tji Hak-Soon jamg‘armasi tomonidan o‘z hamkasblariga berilajak mukofotni olish uchun Seulga uchib ketdi. Mazkur mukofot o‘zbekistonlik huquq faollariga 11 mart oqshomida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda topshirildi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlayeva ma‘lum qildi.

Mamlakatdan chiqish vizasini ololmagani uchun o‘tgan oy ikki marta prezident qarorgohlarini piket qilgan Urlayeva o‘zi va Koreya safarida unga hamroh bo‘ladigan hamkasbi Shuhrat Rustamovga OVIR vizasi berilmagani uchun Seulga Alyans faoli Adelaida Kimni yuborishga qaror qilganlari va bunga muvaffaq bo‘lganlarini aytadi.

- Bizdan Koreyaga ikki kishi – men va Shuhrat Rustamov borishi kerak edi, Adelaida Kim esa har ehtimolga qarshi zahirada turgandi. Ammo menga ham, Shuhratga ham viza berishmadi. Ada Mixaylovna esa avvalroq chiqish vizasini olishga muvaffaq bo‘lgandi. Koreys millatiga mansub bo‘lgani uchun unga Koreya elchixonasida ham birpasda viza qilib berishdi. Shunday qilib u Seuldagi anjumanga ulgurib boradigan bo‘ldi. U kishi bo‘lmaganda, mukofotni olish uchun bizdan hech kim borolmagan bo‘lardi Koreyaga, - dedi Yelena Urlayeva.

Urlayevaga ko‘ra, Tji Hak-Soon jamg‘armasining “Adolat va tinchlik” xalqaro mukofotiga Alyans faollari O‘zbekistonda inson huquqlarini muhofaza qilish yo‘lida amalga oshirgan ishlari uchun loyiq ko‘rilgan. Bu mukofotga ularni o‘tgan yili O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnatini monitoring qilishga kelgan koreyalik hamkasblari ko‘rsatganlar.

Eslatib o‘tamiz, Yelena Urlayeva va uning bir necha hamkasbi mamlakatdan chiqish vizasini olish uchun anchadan beri urinib keladi. O‘ziga OVIR vizasi berilmaganiga norozilik sifatida Urlayeva o‘tgan oy ikki marta prezident qarorgohlari oldida piket uyushtirgan.

Xususan, 12 fevral kuni Toshkentdagi prezident devoni binosi oldida piket o‘tkazgan Urlayeva va to‘rt hamkasbi aktsiya boshlanganidan ko‘p o‘tmay Toshkent shahar Yakkasaroy tuman ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan va yetti soatdan so‘ng ozod qilingan.

20 fevral kuni Islom Karimovning Ko‘ksaroy rezidensiyasi oldida piket o‘tkazgan Yelena Urlayeva u yerda 20 daqiqa ham turolmagan. O‘shanda huquq faoli Qibray tuman ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan va yana 7 soat ushlab turilgan.

Urlayevaga ko‘ra, o‘zbek rasmiylari unga va Shuhrat Rustamovga nima uchun viza berilmayotgani haqida biror-bir izoh bermayaptilar.

- Bu borada hech qanaqa izoh yo‘q. Ammo bizga vaqti-vaqti bilan “viza olish uchun bergan arizangiz ko‘rib chiqilayapti” qabilida javob berib turishibdi. Ada Mixaylovnaning viza bermaydigan mansabdorlarni sud berish bo‘yicha yaxshigina tajribasi bor. U kishi Koreyadan qaytib kelganidan keyin balki bu borada sudga murojaat qilarmiz, - dedi Yelena Urlayeva.

So‘z so‘ngida Alyans rahbari, O‘zbekistonda duch kelayotgan qiyinchiliklarga qaramay, o‘zi va hamkasblarining mehnati xalqaro miqyosda taqdirlanganidan xursand ekanini va bu kabi e‘tiroflar o‘zbekistonlik huquq faollarini yanada faolroq ishlashga ilhomlantirishini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG