Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:44

Ramzan Qodirov Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janozasida qatnashdi​


Rossiya diniy va siyosiy arboblari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafoti munosabati bilan barcha musulmonlarga va hazratning yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda. Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov marhumning otasi Ahmad Qodirov bilan yaqin do‘st bo‘lganini ta‘kidlab, poytaxt Grozniy shahri ko‘chalaridan biriga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishini bildirdi.

Toshkentdagi Ozodlik manbalari va Rossiyadagi ba‘zi ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Ramzan Qodirov otasi ustozining janozasida ishtirok etish uchun Toshkentga safar qildi.

Ramzan Qodirov ma‘muriyati matbuot xizmati xavfsizlik choralari sabab ushbu xabarni na tasdiqlashi va na inkor etishini bildirdi.

Shohidlarga ko‘ra, janoza marosimida dunyoning boshqa o‘lkalari taniqli diniy ulamolari ham qatnashdilar.

Rossiya musulmonlari o‘z hamdardligini bildirmoqda

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar idorasi, Rossiya va Osiyo musulmonlari diniy boshqarmalari hamda Rossiya muftiylar kengashi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafot etgani munosabati bilan barcha musulmonlarga chuqur ta‘ziya bildirdi.

Rossiyaning barcha masjid-madrasalarida shayx hazratlari xotirasiga duolar o‘qildi.

“Bu ayriliq nafaqat O‘zbekistondagi birodarlarimiz uchun achchiq. Rossiya musulmonlari jamoaviy duolarda Yaratgandan bu olamni tark etgan muftiy shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni o‘z dargohiga qabul qilishi va unga Rahmli va Mag‘firatli bo‘lishligini so‘rab qoladi”, deyiladi Rossiya Muftiylar Kengashi rasmiy saytida.

Mamlakat musulmonlari diniy yetakchisi, Rossiya Muftiylar kengashi raisdoshi shayx Ravil G‘aynuddin Toshkentga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan xayrlashuv marosimi va janoza namozida ishtirok etishga o‘zining birinchi o‘rinbosari Damir hazrat Muhiddinovni yubordi.

“Ustoz Muhammad Sodiq o‘zidan yuzlab va minglab shogirdlar, ilmiy kitoblar qoldirdi. U umrini Islomning haqiqiy yo‘lini o‘rganish va tushuntirishga bag‘ishladi. Uning shogirdlari orasida O‘zbekistonning islomiy o‘quv yurtlarida o‘qigan zamonaviy Rossiyaning o‘nlab musulmon arboblari va olimlari mavjud. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf doimo xalq bilan birga edi, oddiy dindorlardan o‘zini olib qochmasdi”, deb hamdardlik izhor etdi Ravil G‘aynuddin.

Rossiya Musulmonlari diniy boshqarmasining Osiyo qismi bo‘yicha muftiysi Nafig‘ulla Ashirov Ozodlik bilan suhbatda Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Islom dini uchun murakkab bo‘lgan bir davrda bevaqt hayotdan ko‘z yumganini gapiradi.

- Bu, albatta, biz uchun juda katta judolik: u kishi bizning Buxoro madrasasidagi tahsil olishimiz vaqtidan ustozimiz edi... Uning ilmiy merosi ko‘plab avlodlar tomonidan o‘rganiladi. Ayniqsa, Islomga bo‘layotgan turli hurujlar, uni noto‘g‘ri talqini bo‘layotgan bir davrda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf din to‘g‘risida shunday to‘g‘ri tasavvurlarni hosil qildiki, ko‘plab yoshlarimizni yo‘lga qaytardi, qanchadan-qancha hayotlarni saqlab qoldi. Uning ko‘plab asarlari rus tiliga tarjima qilinmoqda va Rossiya ummasi uchun juda dolzarbligini saqlab qolmoqda. Chunki bu asarlar Rossiya va umuman sobiq Sovet davlatlari hayotini yaxshi bilgan va tushungan odam tomonidan yozilgan,- dedi muftiy Nafig‘ulla Ashirov.

Муфтий Нафиғулла Аширов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:01 0:00
Бевосита линк

Muftiy yaqinda, 2014 yilning dekabrida, Moskvada marhumning “Hadislar va Hayot” to‘plamidan asarlar prezentatsiyasi bo‘lib o‘tgani va uchrashuv davomida u kishi o‘zining “Tafsir Hilol” asarining 10 jildidan uchtasini allaqachon rus tiliga tarjima qilganini aytganini esladi.

Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari muovini, “Madrasat-ul-Zehra” madaniy-ma‘rifiy jamg‘armasi prezidenti Ilhom Merajov shayx hazratlari bilan bir necha marotaba bo‘lgan uchrashuvlarini butun umrga eslab qolganini Ozodlikka gapirib berdi.

- Olloh rahmat qilsin, u kishi bilan men bir necha bor hamsuhbat bo‘ldim. Juda olim kishi edilar – sobiq SSSR hududida u kishiga teng keladigani yo‘q edi! Liviyada konferentsiyada uchrashganimizda juda yaxshi taassurotlarni qoldirgan, ko‘p xotirlab turaman. Har bir kishi o‘zini olim deb bilsa, u kishi unday emas edi. U kishi Rossiyadagi din xizmati to‘g‘risida savol berdilar. Javobimni yaxshilab eshitib, “men bu argumentlardan to‘rttasini bilar edim, siz yana uchtasini aytingiz, xursand bo‘ldim”, dedilar,- deydi u kishining o‘ta kamtarinligini eslagan domla Ilhom Merojev.

Имом Илҳом Меражов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:24 0:00
Бевосита линк

Grozniydagi ko‘chalardan biriga shayx nomi beriladi

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf vafotiga o‘z munosabatini Rossiya siyosiy arboblari ham bildirdi.

Jumladan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning umr yo‘li tugagani munosabati bilan Instagram dagi o‘zining sahifasida hamdardlik bildirdi.

“Allohning irodasi bilan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hayot yo‘li o‘z intihosiga yetdi. Butun umrini Qur‘oni Karimni va Muhammad payg‘ambarimiz (s.a.v.) sunnatlarini o‘rganishga bag‘ishlagan buyuk inson boqiy dunyoga ketdi. U o‘zining bebaho bilimlarini butun dunyodagi shogirdlariga ulashib ketdi. Shayx mening qadrli padari buzrukvorim, butun olamda taniqli bo‘lgan din arbobi, Chechenistonning birinchi prezidenti, Rossiya qahramoni Ahmad Hoji Qodirovning yaqin do‘sti edi. Ular o‘rtasidagi do‘stlik otamning Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida o‘qib yurgan kezlarida boshlangan. Muhammad Sodiq hazratlari otamning ustozlari bo‘lgan. Shayx otam haqidagi xotiralarni oxirigacha saqlab qoldi, u bizning barcha tadbirlarimizga kelar edi, oilamizning aziz mehmoni edi. Shayxning vafoti butun islom dunyosi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi!” - deb yozdi Ramzan Qodirov.

Xabarlarga ko‘ra, Checheniston rahbari Toshkentdagi shayx janozasida ham shaxsan ishtirok etgan.

Checheniston prezidentining matbuot kotibi Alvi Karimov Ozodlik bilan suhbatda Grozniydagi markaziy ko‘chalardan biriga shayxning nomi berilishini tasdiqlab, bunday dedi:

- Ramzan Ahmatovich kecha o‘z hamdardligini bildirgan edi. Bugun ertalabki namozdan keyin ham o‘zining tarmoqlardagi sahifasida u shayx Islom dinini targ‘ib etishga katta hissa qo‘shgan inson ekanini ta‘kidlab o‘tdi. Kechayoq Ramzan Qodirov Grozniy shahri ko‘chalaridan biriga shayx nomi berilishini aytdi,- dedi Ramzan Qodirov yordamchisi Ozodlikka.

Chechenistonning barcha masjidlarida va aholi punktlarida ham o‘zbekistonlik shayx xotirasiga duolar o‘qildi.

XS
SM
MD
LG