Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:22

Nemtsovning o‘ldirilishini Putin telekanallari qanday yoritdi?


Rossiyalik muxolifatchi Boris Nemtsov 27 fevral kuni Kreml yaqinidagi ko‘prik ustida otib ketilgandi.
Rossiyalik muxolifatchi Boris Nemtsov 27 fevral kuni Kreml yaqinidagi ko‘prik ustida otib ketilgandi.

27 fevral kuni sodir bo‘lgan qotillikdan keyin bu mavzu rus telekanallarida qanday yoritilganini kuzatish juda qiziq bo‘ldi.

Tomoshabinlar avvaliga voqeani barcha kanallar yorita boshlaganidan hayron qolishdi. Qizig‘i, teleboshlovchi va muxbirlarning har biri “Nemtsov rus siyosatida muhim rol o‘ynamagani”ni tinmay ta‘kidlardi.

Teletomoshabinlar mavzuning keng yoritilishi Nemtsovning muhim shaxs bo‘lganidan dalolat, deb o‘ylashlari mumkin edi. Ammo bu yerda bir savol tug‘iladi: u holda nega avvalgi yillarda Nemtsov hukumat telekanallarida umuman ko‘rsatilmagan?

Rus umummilliy televideniyesi hech nimani “shunchaki” qilmasligi, biror mavzuda bekordan-bekorga soatlab tok-shou bermasligi hammaga ayon.

Qotillikdan keyingi ilk kunlarda berilgan xabarlarni tahlil qilar ekansiz, ularning maqsadi tomoshabinlarning ongiga Nemtsov g‘arb mamlakatlarining “qurboni” bo‘ldi qabilidagi fikrni singdirish bo‘lgan, deya xulosa qilishingiz mumkin. Bunday fikrning foydali tomoni bor edi: mabodo Nemtsovning qotillari topilmaydigan bo‘lsa, omma bunga tayyorlangan bo‘lar edi. Axir g‘arb josuslarini topish oson ish emas.

Ilk kunlardagi xabarlarda yana Nemtsovni o‘ldirgani aytilayotgan josuslar 1 martga belgilangan vidolashish marshini davlat to‘ntarilishiga aylantirish niyatida ekani ta‘kidlandi hamda tomoshabinlar Rossiyaning hiylakor dushmanlari yolg‘onlariga ishonmaslikka chaqirildi. Ba‘zi olib boruvchilar hatto Nemtsov xotirasi uchun o‘tkaziladigan marshni bekor qilishga chaqirishdi. Marsh tinch-totuv o‘tganidan keyin aynan o‘sha olib boruvchilar rus ommasini xavf-xatar haqida oldindan ogohlantirishganini aytib, o‘zlarini tabriklashdi, jamiyatning chet el josuslari tomonidan parchalanishiga yo‘l qo‘ymagan xalqni maqtashdi.

Hukumat televideniyesi xodimlari Nemtsov Putinga qarshi bo‘lgani yoki Ukrainadagi urushni tanqid qilgani uchun o‘ldirgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni rad qilishga astoydil urinishdi. Yana ular Nemtsov “beshinchi kolonna”ga nisbatan nafrat qurboni bo‘lgani mumkinligi haqidagi shubhalarni ham rad etishdi. Shu o‘rinda aytish joizki, “beshinchi kolonna”ga bo‘lgan nafratning shakllanishida hukumat kanallari muhim rolь o‘ynagan.

“Tasavvur qiling-a, ular hatto meni shunday “ob-havo” yaratishda ayblashmoqda! Meni-ya!” dedi Rossiya telekanali olib boruvchisi Vladimir Solovьyov.

Ammo Nemtsovni yovuz g‘arb kuchlari qurboni sifatida olqishlash uzoqqa cho‘zilmadi. G‘arb mamlakatlari uyushtirishi kerak bo‘lgan to‘ntarish haqidagi xavotirlar kamayganidan keyin Rossiya umummilliy televideniyesi o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi va marhum haqida yaxshi emas, yomon ohangda gapira boshladi. Xususan, endi e‘tibor Nemtsovning nikohsiz farzandlari, bir necha ayoli, shubhali o‘ynashlari, puli va hokazolari bo‘lganiga qaratildi.

NTV kanali Natalya ismli qo‘shiqchini olib chiqdi. Qo‘shiqchi ayol Nemtsov uni bokiralikdan mahrum qilganini aytdi. Qora charm shim va charm kurtka (motam kiyimlari, aftidan) kiyib olgan Natalya Nemtsov bilan dunyoning ko‘p shahrida, jumaladan, Vashingtonda uchrashganini aytib berdi. Gap orasida qo‘shiqchi Nemtsov bilan kurortlarda hordiq chiqarganini ham qistirib o‘tdi.

Telekanal yana bir huquqshunosni ko‘rsatdi. Nemtsovga qanaqa aloqsi borligi noma‘lum bo‘lsa-da, huquqshunos marhum siyosatchi to‘rt farzandiga qoldirgan ishonch fondlari haqida gapirdi.

Rossiya kanalining “Jonli efir” dasturida Nemtsov o‘zining 23 yoshli hamrohi Anna Duritskaya bilan “butun tanasini moy bilan uqalatgani” haqida aytildi. Olib boruvchi Nemtsov uqalash paytida ko‘p hazil qilgani haqida so‘zladi.

Nemtsovning ayollari va farzandlari ko‘p bo‘lgani, marhum ularning barchasini yaxshi ko‘rgani haqida ko‘p va xo‘p gapirildi. Gap orasida Nemtsov bir o‘g‘lini yetti yoshga to‘lgunicha tan olmagani, alimentni muntazam to‘lamaganini iddao qilishdi. Uning Duritskayani Shveytsariyada abort qilishga majburlaganini, buning uchun 2 300 dollar to‘laganini ham ta‘kidlashdi.

Rossiya kanalining dasturlarida negadir Nemtsovning ayollari, farzandlari yoki do‘stlaridan birortasi ham ishtirok etmadi. Shuning uchun eski materiallardan foydalanishlariga to‘g‘ri keldi, ma‘sum chehrali olib boruvchi esa Nemtsovning mudhish gunohlarini o‘zi aytib o‘tishga majbur bo‘ldi. Olib boruvchi ba‘zi gaplarini tasdiqlash uchun ismi oshkor qilinmagan massajistlarni manba sifatida aytib o‘tgan bo‘lsa, qolgan gaplarini tasdiqlash uchun manba ham keltirib o‘tirmadi.

Teledasturni ajratilgan vaqtga cho‘zish muammoli bo‘ldi. Tomoshabinlar orasidan bir shaxs o‘zini “Yuriy Kot, ukrainalik jamoat arbobi” deb tanishtirdi va Nemtsovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqeani mustaqil ravishda o‘rganayotganini aytdi. Kot so‘zini odamlarni g‘arb targ‘ibotiga ishonmaslikka va erta xulosa chiqarmaslikka chaqirishdan boshladi. Keyin Kot milliy xavfsizlik bo‘yicha AQSh prezidentiga maslahatchi bo‘lib ishlagan Zbignev Bjezinskiy AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi hamda Ukrainaning xavfsizlik xizmatini ayblaganini, o‘zi buni to‘liq qo‘llashini aytdi. Hamma tasdiqlab boshini chayqadi. Ammo hech kim, hatto olib boruvchi ham, bu gap ijtimoiy tarmoqlardan olingan yolg‘on gapligi, uning yolg‘onligi allaqachon isbotlangani haqida hech nima demadi.

Studiyada o‘tirganlar turli fikrlarni bildirishdi: “Ukrainalik model josus bo‘lgan”, “Bu voqeadan anglo-saksonlar hidi kelayapti”, “Vidolashuv marshida ularning hammasida Ukraina bayrog‘i bor edi. Nega? Ularning maqsadi fursatdan foydalanib marshni siyosiylashtirish edi”, “Ukraina bilan bizning o‘rtamizda viza tartibi yo‘q! Qotillar osonlikcha poyezdga mina olgan. Ular allaqachon Ukrainada” kabilar shular jumlasidandir.

Birozdan keyin hamma kecha mavzusi Nemtsovning shubhali xarakteri ekanini eslab qoldi.

“Qayerdadir Nemtsov sayentologiyaga qiziqishi haqida o‘qigandim”. “[Ukraina bosh vaziri] Yatsenyuk ham sayentolog ekani qiziq emasmi?”

Shuncha gapdan keyin olib boruvchi kameraga qarab, Nemtsovning onasi va boshqa yaqinlariga ta‘ziya bildirdi. Studiya asta qorong‘ulashdi. Tomoshabinlarga aytilmasa-da, ularning hammasi birdaniga o‘rinlaridan turib, sukut saqladilar.

Ular hozirgina o‘zlari tayyorlagan shouni Nemtsovning onasi hech qachon ko‘rmasin, deb duo qilishdimikin-a?

Elena Rikovtseva qalamiga mansub mazkur maqola Nodir Atayev tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi.

XS
SM
MD
LG