Линклар

Putinning sog‘-salomat ekanligi 16 mart kuni ayon bo‘ldiyu lekin uning boshqaruvidagi tuzum sog‘lom emas. “Kollektiv Putin”, ya‘ni norasmiy rus hukmron doirasida jiddiy muammolar paydo bo‘lgan.

27 fevral kuni muxolifatchi Boris Nemtsov o‘ldirib ketilganidan beri hukmron bu doira bo‘hron ichida qolgandek. Norasmiy qoidalar buzildi, hukmron doira boshidagilar orasidagi ziddiyat ochiq to‘qnashuvga aylanib ketdi.

Kreml ichida nimalar bo‘layotganini tashqaridagilar bila olishmasa ham, Putinning o‘n kunga g‘oyib bo‘lishiga ikki narsa turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Putin Nemtsovning o‘ldirilishi ketidan parda ortidagi guruhlar o‘rtasida yuzaga kelgan jangni to‘xtatish ustida qattiq ishlagan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda u chindan xastalanib qolib, davolangan bo‘lishi ham mumkin.

Yangi qoidalar?

Rossiyaning siyosiy tizimida rasmiy muassasalar kuchsiz va shaxsiy aloqalar o‘ta muhim bo‘lib, tushunarsiz hatti-harakatlar va signallar katta ahamiyatga ega. Norasmiy qoidalar ham muhim rol o‘ynaydi.

Qaysidir ma‘noda norasmiy qoidalar muhim ahamiyatga ega bo‘lishga majbur, sababi - eng yuqori tabaqadagilar qonunga bo‘ysunmaydi.

Shuning uchun ham Nemtsovning o‘ldirilishi juda g‘alvali bo‘ldi. Bu qadar taniqli kishini o‘ldirish, boz ustiga qotillikni Qizil maydon yaqinida amalga oshirish qoidaga zid edi.

Lenta.ru nashrining sobiq jurnalisti Ivan Yakovina yaqinda Ukrainada chiqadigan “Novoye vremya” gazetasida yozganidek, “Moskvaning aytilmagan qoidalari” boshqa yetakchi siyosatchilarni o‘ldirishni man qiladi. Hatto avval bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab, keyin muxolifatga o‘tgan Nemtsov kabi siyosatchilarni ham.

Yakovinaning aytishicha, Nemtsovning o‘ldirilishi “mazkur sinfning barcha vakillariga signal” bo‘ldi.

Nemtsovning o‘ldirilishi putinizmning muhim qoidalaridan birini buzgan bo‘lsa, uning oqibati yana boshqa qoidani buzdi: elita guruhlar a‘zolari o‘rtasidagi tortishuvlar ommaga oshkora qilinmasligi kerak.

FSB Ramzan Qodirovga yaqin bo‘lgan Zaur Dadayevni Nemtsovni o‘ldirishni uyushtirishda ayblashi chechen boshlig‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan zarba deb tushunildi.

Qodirov kuchli. Balki u Rossiyadagi eng kuchli kishilardan biri. Qodirovning o‘ziga sodiq minglab qurollangan odami bor. Bundan tashqari, u Ichki ishlar vazirligida kuchli ta‘sirga ega va Kremlning muhim shaxslaridan biri bo‘lmish Vladislav Surkov bilan yaxshi aloqada. Nihoyat, Putin Qodirovni ko‘pdan beri qo‘llab kelyapti.

Ammo Qodirovning kuchli dushmanlari ham bor, jumladan, Rossiya prezidenti administratsiyasi boshlig‘i Sergey Ivanov, prezident administratsiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Volodin hamda FSB boshlig‘i Aleksandr Bortnikov.

Aftidan, Qodirovning dushmanlari Nemtsovning o‘ldirilishidan uni chetlatish niyatida foydalanmoqdalar.

Kremlni kuzatib boruvchi jurnalist Oleg Kashin yaqinda bergan intervyusida Dadayev va boshqa gumonlanuvchilar FSB tomonidan qo‘lga olinganiga va bu haqida Bortnikovning o‘zi xabar berganiga e‘tibor qaratdi.

“Bundan avval Bortnikov biror shaxsning qo‘lga olingani haqida omma oldida e‘lon qilmas edi. Bu ishni odatda Tergov qo‘mitasi boshchisi Vladimir Markin qiladi”, dedi Kashin.

Kashinga ko‘ra, bu narsa “siloviklar jangi”dan dalolat beradi. Sababi, Dadayev Checheniston ichki ishlar vazirligi qoshidagi nufuzli batalonning sobiq qo‘mondon o‘rinbosari bo‘lgan.

Jurnalist va siyosiy sharhlovchi O‘rxon Jamol “Exo Moskvi” radiosi bilgan qilgan suhbatida “Bortnikov Qodirovga qarshi zarba berdi”, dedi.

Kremlning ikki mashhur minorasini nazarda tutib “Hozir jang ketyapti. Spasskaya Borovitskaya bilan kurashmoqda”, dedi Jamol majoziy ma‘noda.

Buyuklar jangi

Ommaviy axborot vositalarida Nemtsovning o‘ldirilishi yuzasidan olib borilayotgan tergov haqida berilgan xabarlarda ham kurash alomatlari seziladi. Kremlparast “Moskovskiy Komsomolets” gazetasi Dadayev aybiga qiynoq ostida iqror bo‘lganini ta‘kidladi.

Muxolif “Novaya gazeta” nashri ismi oshkor etilmagan huquq-tartibot idorasi xodimlarining Nemtsovni o‘ldirishni kim uyushtirganini bilishlari haqidagi iddaolarini chop etdi. Ularga ko‘ra, jinoyatni “Mayor Ruslan” nomi bilangina ma‘lum, Qodirovga aloqasi bor chechen xavfsizlik xizmati xodimi uyushtirgan.

FSB Qodirovga hujum qilishni Nemtsov o‘ldirilishidan avval boshlagan. Fevral oyida Dog‘iston sudi ikki chechen shaxsni Qodirovning raqibi bo‘lmish dog‘istonlik siyosatchi Saygidpasha Umaxanovga suiqasd uyushtirishda ayblab, to‘qqiz va o‘n ikki yil qamoq jazosiga hukm qildi.

Bu ishda FSB boshchilik qildi. FSB rasmiylari bergan ma‘lumotga tayanib, o‘tgan haftada “Novaya gazeta” nashri suiqasdni Qodirovning qarindoshi va yaqin do‘sti Adam Delimxanov buyurtirgani haqida xabar berdi.

Agar Qodirov va FSB o‘rtasidagi kurash kuchaysa, bu buyuklar jangi bo‘ladi. Bu bo‘lsa, o‘z navbatida, Putin tizimiga katta zarba bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG