Линклар

O‘zbekistonlik mashhur xofiz Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li, 28 yashar Shohjahon Jo‘rayevga 17 martdan boshlab "konsert faoliyati va qo‘shiq kuylash" rasman taqiqlab qo‘yildi.

O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Shohjahon Jo‘rayevga qo‘shiq aytish va konsert tashkil qilish huquqini beradigan litsenziya “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining maxsus qarori bilan 2015 yilning 17 martidan boshlab bekor qilindi.

“O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining qarori aks etgan hujjat Ozodlikka kelib tushdi.

Hujjatda “Xonanda Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li tomonidan O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qarori va litsenziya bitimida nazarda tutilgan talab va shartlar buzilgani sababli xonandaga 2015 yilning 6 yanvarida berilgan AA 1747 sonli litsenziya 2015 yilnig 17 martidan boshlab to‘xtatilgani” ta‘kidlanadi.

"O‘zbeknavo" hujjati

"O‘zbeknavo" hujjati

​Ayni qarorda “O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qarorlarini bajarish har bir xonandaning burchi ekani alohida ta‘kidlangan.

O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Shohjahon Jo‘rayevning litsenziyasi bekor qilinganligini “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining ismini aytmagan mulozimi ham Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tasdiqladi.

Mulozimning aytishicha, Shohjahon Jo‘rayev “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan izn olmasdan Rossiyada konsert bergan.

Bundan tashqari, mulozimning iddao qilishicha¸ Shohjahon Jo‘rayev "bir hafta oldin “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining vakillaridan birini haqorat qilgan yana biriga esa qo‘l ko‘targan".

- Bu janjal kattayib militsiya ham chaqirildi. Shohjahon Jo‘rayev manmanligi¸ takabburligi hamda janjalkashligi bois haqli ravishda jazolandi. Bu jazo boshqa san‘atkorlarga ham dars bo‘lishi kerak dedi¸ ismini aytmagan mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Shohjahon Jo‘rayev bundan oldin ham janjallar markazida qolgani bois “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan ogohlantirish olgan:

- Masalan, o‘tgan yili Shohjahon Jo‘rayev bo‘yniga "pulchambar" taqqan video tarqaldi. Shohjahon O‘zbekistondagi to‘ylardan birida bo‘yniga puldan bo‘lgan chambarak taqib qo‘shiq aytgan. O‘zbekiston milliy valyutasi sanalgan so‘mni chambarak qilib bo‘yinga osish pulga hurmatsizlik sanaladi va qonunda milliy valyutaga hurmatsizlik uchun jazo mavjud. Ilgari san‘atkorlarga gullar taqdim etilar edi. Oxirgi paytlarda bu odat biroz boshqacharoq tus olayotgandir-da! Buni qarangki, to‘y egasining pulchambar taqib qo‘ygani Shohjahonga ham yoqib tushgan shekilli, yechgisi ham kelmapti. Biz o‘z vaqtida Shohjahonga san‘atkorning san‘ati pul bilan emas, olqish bilan o‘lchanishi kerak deb tushuntirishga harakat qildik, ammo nasihatlartimiz kor qilmadi¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonlik mashhur xofiz Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevga 17 martdan boshlab konsert berish va qo‘shiq aytish rasman taqiqlab qo‘yilgani uning shu yil 20 fevralda Rossiyada konsert bergani ham sabab o‘laroq keltirildi.

Xonanda Shohjahon Jo‘rayev Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun bepul xayriya konserti bergani bildirilgan edi.

Ryazandagi konsertda qiziqchi Valijon Shamsiyev ham chiqish qilgani aytilgan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Valijon Shamsiyev ham "O‘zbeknavo" tarafidan ogohlantirilgan ammo uning litsenziyasi bekor qilinmagan.

Shohjahon Jo‘rayevning janjallar markazida qolgani borasidagi iddaolarni O‘zbekistondagi shou-biznes muammolarini ëritadigan yana bir jurnalist ham ismi aytilmaslik sharti bilan tasdiqladi.

O‘zbekistonlik mashhur xofiz Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev “Gulnora”, deb nomlangan qo‘shig‘i bilan ësh tomoshabinlar olqishini olgan edi.

Shohjahon Jo‘rayev tomonidan ijro etilgan “Birinchi bo‘sa”, “Layli”, “Ayo soqiy” kabi qo‘shiqlar muxlislar tomonidan yaxshi kutib olingan edi.

Shohjahon Jo‘rayevning otasi 68 yoshli o‘zbek xofizi Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta konsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, Sherali Jo‘rayevning katta sahnada qo‘shiq kuylashiga yuqoridan “norasmiy taqiq” qo‘yilgan.

Bugunga kelib Sheralining o‘g‘li rasmiy taqiqqa noil bo‘ldi.

Shohjahon Jo‘rayev "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tarafidan jazolangan ilk san‘atkor emas.

"O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tarafidan o‘z vaqtida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, "Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jayev, xonanda Dilshod Rahmonov, "Ummon” va "Mango” guruhlari xonandalarining ham "nomaqbul hulqi" bois litsenziyalarining amal qilish muddati tugatilgan edi.

XS
SM
MD
LG