Линклар

Samarqand shahri markazidagi xiyobonda 50-60 yillik chinorlar kesila boshladi. Ikki kishining qulochi bazo‘r yetadigan sog‘lom daraxtlarning kesilishi mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Rasmiylar buning sababini daraxtlarning kasallangani bilan izohlamoqda.

Samarqand shahri markazidagi bog‘da, Amir Temur xiyobonida va boshqa hududlarida o‘nlab chinor, kashtan singari ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlandi.

Bu haqda xabar bergan Ozodlikning Samarqanddagi manbasiga ko‘ra, yuz yillik chinorlar kesilyapti:

“Amir Temur haykali turgan joyda juda ham chiroyli va ko‘rkam uzun xiyobon bor. Ana shu joyda katta-katta chinorlarni kesib mashinalarga yuklab olib ketishyapti. Hech qayeriga qurt tushmagan, sog‘lom daraxtlar. Odamlar bundan norozi bo‘lmoqda”, dedi manba.

Samarqand shahrida yashaydigan 74 yoshli otaxon Rahmon bobo yuz yillik daraxtlarning uvol bo‘layotganidan qayg‘urayotganini aytdi:

- Katta daraxtlarni kesayotganini ko‘rdim. Bu yuz yillardan buyon shaharga ko‘rk bag‘ishlab turgan chinorlar. Bir necha yildan buyon chinorlarni kesish davom etyapti. O‘rniga bir metrlik archalar ekilyapti. Bu archalar bir yilda quriydi, yana ekadi, yana quriydi. Har yili millionlab ko‘chat ekdik, deb maqtanishadi. Agar bu ko‘chatlar ko‘karganda edi, O‘zbekiston o‘rmon bo‘lib ketardi. Bunga qancha mehnat, qancha mablag‘ ketadi, qancha ko‘chat uvol bo‘ladi. Bu kattalar hech narsani o‘ylashmaydi, dedi Rahmon bobo.

Samarqand shahridagi ko‘p yillik daraxtlarni kesish ishlarini shahar hokimligi qoshidagi obodonlashtirish departamenti olib bormoqda.

Departament boshlig‘ining yordamchisi Oybek Yusupovning aytishicha, daraxtlar Samarqand viloyati tabiatni muhofaza qilish boshqarmasining roziligi bilan kesilyapti:

- Viloyat tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi bizga ruxsat bergan, o‘sha asosida biz daraxtlarni kesayapmiz, dedi Oybek Yusupov.

Samarqand viloyati tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi mulozimi Shavkat Elnazarov Ozodlik bilan suhbatda chinorlar kesilayotganini tasdiqlar ekan, bu ish komissiya xulosasi asosida amalga oshirilayotganini ta‘kidladi:

- Viloyat hokimi, shahar hokimi, obodonlashtirish boshqarmasi, viloyat ekologiyasi boshliqlari va boshqa mutaxassislardan iborat 22 kishilik komissiya bu daraxtlarni birma-bir ko‘rib chiqishgan. Yuz yillik chinorlar kesilmagan, faqat bittasi bor edi chirib qolgan, o‘sha kesildi. Qolganlari 50-60 yillik chinorlar. Faqatgina kasallangan va yaroqsiz bo‘lgan, egilib qolgan daraxtlar kesildi. 74 daraxtni kesishga ruxsat berilgan, dedi mulozim.

Elnazarovning aytishicha, kesilgan daraxtlar obodonlashtirish departamentiga kirim qilingan:

- Bu daraxtlardan xiyobon uchun har bittasi 450-500 ming so‘m turadigan skameykalar yasaladi. Bizga 12 ta daraxtga to‘lov qilingan, qolganlariga esa to‘lov qilinmagan. Chunki, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, kuchli zararlangan, yaroqsiz bo‘lib qolgan daraxtlarga to‘lov qilinmaydi. Bular o‘tin sifatida kirim qilingan, dedi Shavkat Elnazarov.

O‘zbekistonda kesilgan daraxtzorlar tarixi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining shaharlarni obodonlashtirish dasturiga binoan soya beradigan yuzlab qadim chinor va boshqa daraxtlar kesilib tashlandi.

2009 yilning noyabr oyida Toshkentning "eng keksa fuqarolari" – Amir Temur xiyobonidagi yoshi 100 dan ortgan daraxtlar kesib tashlandi.Bir asrdan ziyod vaqt davomida qadimiy shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib kelgan, shahar markazi iqlimini mo‘‘tadillashtirib turgan xiyobonga archalar ekildi.

2010 yilning yanvarida Samarqand shahri ko‘chalari va shahar parkidagi chinorlar kesildi.

2010 yilning avgustida Chirchiq shahri markazidagi yuzdan ortiq daraxtlar kesildi. Sanoat shahri bo‘lgan Chirchiqda toza havoga katta ehtiyoj sezayotgan shaharliklardan ayrimlari Ozodlikka bu qarordan noroziliklarini bildirdi.

2011 yilning mayida Toshkent shahrining Do‘mbirobod mahallasidagiqabristonda ko‘p yillik chinorlar kesildi.

2011 yilning yozida Toshkentning "Paxtakor" metrosi va o‘yingohi atrofidagi o‘rmon deyishga arzirlik daraxtzor chopib tashlandi.

Shuningdek, Namangan, Andijonda ham shaharga soya-salqin tashlab turgan juda ko‘p manzarali daraxtlar kesib tashlandi.

XS
SM
MD
LG