Линклар

Tatariston sud-tibbiy ekspertlari 11 mart kuni Qozon shahridagi “Admiral” savdo markazida chiqqan yong‘inda o‘lganlarning kim ekanligi aniqlanganini xabar qildi. O‘t o‘chiruvchilar vayronaga aylangan savdo markazidan 17 kishining jasadini olib chiqdi, yana ikki kishi bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. 17 mart kuni 14 kishi jasadi yaqinlariga dafn etish uchun topshirildi.

Tatariston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Oygul Salimzyanova o‘lganlar va jarohatlarganlar bo‘yicha Ozodlikka quyidagi ma‘lumotlarni berdi:

- Bugunga kelib Qozon shahri shifoxonalarida turli darajadagi jarohatlar bilan 14 kishi qolmoqda. Sud-tibbiy ekspertizasi uchun hodisa joyidan jami 14 jasad va 3 ta o‘lik qoldiqlari keltirildi – jami 17 kishi. Bulardan hammasining shaxsi aniqlandi – aniqlanmagani qolmadi. Hozir qarindoshlariga jasadlarni dafn etish uchun topshirish ishlari olib borilmoqda: 14 kishi allaqachon yaqinlariga berildi, dedi vazirlik rasmiysi Oygul Salimzyanova.

Yonayotgan "Admiral" savdo markazi

Yonayotgan "Admiral" savdo markazi

U shaxsi aniqlangan oxirgi, 17-chi yong‘in qurboni -1962 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik ayol ekanini bildirdi. Suhbatdosh Qozon shahrining 7- va 12- shifoxonalarida jarohat olganlar qatorida O‘zbekiston fuqarolari ham borligini tasdiqlab berdi.

Ozodlik so‘roviga Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Tatariston bo‘yicha boshqarmasi vakili Andrey Rodigin o‘lganlar jami 17 kishi ekani, jumladan 9 nafari xorijlik ekanini ma‘lum qildi.

- Jami o‘lganlar soni 17 kishi. Ular turli mamlakat vakillari. Boshqa o‘liklar topilmadi. Yana ikki nafar Rossiya fuqarosi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Hozir savdo markazi vayronalarida qidiruv va tozalash ishlari davom etmoqda. Qurbonlardan to‘rt kishi O‘zbekistondan, ikkita - Tojikistondan, bir kishidan Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Turkiya fuqarolaridir, dedi so‘nggi ma‘lumotlarni bergan Andrey Rodigin.

Ozodlik olgan ma‘lumotlarga binoan nobud bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari bulardir:

1. Matqurbonov Umidbek, 1996 yilda tug‘ilgan;

2. Hamidov Shokir, 1968 yilda tug‘ilgan;

3. Ro‘zaliyev Bekzod, 1994 yilda tug‘ilgan.

Qozon o‘zbeklar jamiyati rahbari Abdumannob Abdusattorovdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, oxirgi bo‘lib identifikatsiya qilingan 53 yoshli o‘zbekistonlik ayol – xorazmlik Qurbonova Muborakdir.

Tatariston hukumati halok bo‘lgan Rossiya fuqarolariga 1 million rubldan moddiy yordam ko‘rsatishini ma‘lum qildi. Shu miqdordagi yordam, shuningdek, ikki fuqaroligi bor shaxslarga ham beriladi.

11 mart kuni Qozonning “Admiral”savdo markazida ro‘y bergan yong‘in oqibatida markazning 12 ming kvadrat metr maydoni yonib kul bo‘ldi. Qutqaruvchilar vayronalar ostida yana odamlar jasadlari qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. O‘lgan 17 kishi va bedarak yo‘qolgan yana ikki kishidan tashqari 60 dan ortiq odam turli jarohat olgani ma‘lum.

Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda. Savdo markazidagi yong‘in qasddan sodir etilgan bo‘lishi ham mumkin, degan taxminlar ham bor.

O‘t ketgan savdo markazida ijara asosida ishlagan tadbirkorlarga 14 milliard rubl miqdorida moddiy zarar keltirilgani qayd etildi.

Fojeaga aloqadorlikda gumonlanib allaqachon Tergov qo‘mitasi tomonidan 6 kishi jinoiy javobgarlikka jalb qilindi: uchta yirik biznesmen va Davlat qurilish nazorati inspektori hibsga olindi, Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri - milliarder Yuriy Syomin va sobiq sud pristavi qidiruvga berildi.

XS
SM
MD
LG