Линклар

Mashinada uch kishini bosib o‘ldirgan militsioner avf qilindi​


O‘zbekistonda o‘tgan yil dekabrida e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq, mamlakat qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan o‘ndan ortiq militsiya xodimi avf qilingan.

O‘zbekistonda o‘tgan yil dekabrida e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq, mamlakat qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan o‘ndan ortiq militsiya xodimi avf qilingan.

O‘tgan yilning iyul oyida mashinani mast holda boshqarib, uch kishini bosib o‘ldirgan xo‘jaylilik militsiya xodimi qamalishidan 8 oy o‘tmay ozodlikka chiqdi. O‘zbekistonda o‘tgan yil dekabrida e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq, mamlakat qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan o‘ndan ortiq militsiya xodimi avf qilingan.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida militsiya xodimi bo‘lib ishlagan 27 yashar G‘ayrat (familiyasi oshkor qilinmasligi so‘raldi - tahr.) mast holda mashinasida uch kishini bosib o‘ldirgani uchun 8 yilga qamalgan edi.

Xo‘jaylidagi Ozodlik manbalarining aytishicha¸ sobiq militsioner oradan 8 oy o‘tmasdan amnistiya akti qo‘llanib, ozod etilgan.

O‘tgan yilning 6 iyul kuni 27 yoshli militsiya xodimi “Neksiya” rusumidagi avtomobilni mast holda boshqargani oqibatida uch kishini bosib ketgan edi. Qurbonlarning ikki nafari voqea joyida halok bo‘lgan, yana biri esa kasalxonada jon bergan edi.

Voqea ortidan xo‘jaylilik militsioner hibsga olingan va O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha sud tomonidan aybdor, deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Uch odamning yostig‘ini quritgan sobiq militsioner qamoqqa olinganidan 8 oy o‘tib, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 22 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiya bo‘yicha qamoqdan ozod qilingan.

O‘zbekistonda o‘tgan yil dekabrida e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq mamlakat qamoqxonalaridagi 3135 nafar mahbus ozodlikka chiqarilgan.

Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidagi manbalarning aytishicha, amnistiya tufayli ozod qilinganlar ichida o‘ndan ziyod sobiq militsiya xodimlari bor.

Toshkentning Chilonzor tumanida uch kishini bosib ketgan, pirovardida 5 yashar qizcha va 33 yoshli erkak o‘limiga sabab bo‘lgani uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan militsiya xodimi Baxtiyor Tolipov qamalganidan yarim yil ham o‘tmay amnistiya aktiga ko‘ra ozodlikka chiqarilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining shu yil 14 noyabrida o‘tkazilgan 16-yalpi majlisida mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 22 yilligi munosabati bilan “Amnistiya to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingandi.

Amnistiyaga ko‘ra, ilk bor jinoyat sodir qilgan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlat fuqarolari jazodan ozod qilinishi lozim edi.

Ayni paytda O‘zbekistonda kishi o‘limiga sabab bo‘lmagan bo‘lsa-da, rasmiylar istagiga ko‘ra amnistiyaga tushmaydigan mahbuslar borligi aytiladi. Bu asosan diniy va siyosiy sabablarga ko‘ra qamalgan shaxslardir.

O‘zbekiston hukumati qonunchilikda siyosiy jinoyat moddasining yo‘qligi bois mamlakatda “siyosiy motivlar” bilan qamalganlar yo‘qligini aytib keladi. Rasmiylar fikricha, fuqarolar taqiqlangan tashkilotlarga a‘zo bo‘lib, tinchlik va xavfsizlikka yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston va xorijdagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari hamda siyosiy muxolifat vakillari yillar davomida O‘zbekiston JKning 159, 244-1, 244-2 moddalari asosida qamalgan va "siyosiy mahbus" deb ataladigan mahbuslarga nisbatan amnistiya qo‘llanmay kelayotganiga oid hisobotlarini chop etib keladilar.

Bu hisobotlarda Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov, Muhammad Bekjonov, Rustam Usmonov, Ruhiddin Faxriddinov, Solijon Abdurahmonov, A‘zam Turg‘unov, Dilmurod Saidov va boshqalarning ismlari tilga olinadi.

XS
SM
MD
LG