Линклар

logo-print

Toshkentdagi bog‘chada 6 yoshli bolakayni zo‘rlagan qorovul hibsga olindi


Ozodlikka keyingi paytlarda yosh bolalarni zo‘rlash holatlari borasida bir qancha xabarlar kelgan

Ozodlikka keyingi paytlarda yosh bolalarni zo‘rlash holatlari borasida bir qancha xabarlar kelgan

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan 343-sonli bolalar bog‘chasining qorovuli, 22 yashar yigit bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 6 yoshli o‘g‘il bolani zo‘rlaganlikda ayblanib hibsga olindi. Ushbu voqea ortidan poytaxtdagi barcha bog‘cha va maktablarda ota-onalardan bolalarining xavfsizligi uchun o‘zlari kafil ekani borasida tilxat olinmoqda.

Ushbu voqea joriy yilning 11 mart kuni sodir bo‘lgan. Voqea tafsilotlaridan xabardor manbaning Ozodlikka aytishicha, 22 yashar qorovul o‘sha kuni kechqurin hibsga olingan:

“O‘tgan chorshanba kuni tarbiyachi ayol uyiga ketishga shoshilgan. Soat yettigacha o‘sha bolaning ota-onasini kutgan. Lekin ular kelishmagach, bolani qorovulga tashlab ketgan. Qorovul esa bolani zo‘rlagan”, dedi voqea tafsilotlaridan xabardor manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Shayxontohur tuman huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 22 yashar qorovul yigit voqeadan bir necha soat o‘tgach hibsga olingan:

“1993 yilda tug‘ilgan fuqaro hibsga olindi. U dastlabki tergov jarayonidayoq 6 yashar o‘g‘il bolani zo‘rlaganligini bo‘yniga olib, ko‘rsatma berdi. Hali ish yopilgani yo‘q”, dedi huquq-tartibot idoralaridagi ismini ochiqlamayotganimiz Ozodlik manbasi.

Hozirda 22 yashar qorovulga nisbatan ochilgan jinoyat ishini Shayxontohur tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari o‘rganmoqda. Tergov-surishtiruv ishlari davom etayapti.

Ozodlikka 6 yashar bola, qorovul va tarbiyachining ismi sharifi ma‘lum. Lekin tergov jarayoni nihoyasiga yetmagani va ahloqiy sabablarga ko‘ra, ularning shaxsini ochiqlamayapmiz.

Toshkent shahar xalq ta‘limi boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 6 yoshli bolakay tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, unga ruhiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda:

“Bolachaga to‘la tibbiy yordam ko‘rsatildi. Med-tekshiruvdan o‘tkazilib, psixologlar biriktirilgan, ular hali ham ishlayapti. Bola o‘ziga kelib qolgan. Bugun, dushanba kunidan boshlab bola yana bog‘chaga chiqa boshladi. O‘zini juda yaxshi his qilayapti”, dedi ta‘lim boshqarmasidagi manba.

Ushbu voqea bo‘yicha 343-bolalar bog‘chasining rahbariyati va tuman xalq ta‘limi bo‘limi mutasaddilari bir necha bor tergovga chaqirtirilgan. Biroq Ozodlik manbalariga ko‘ra, bog‘cha ma‘muriyatidan hech kimga ushbu voqea bo‘yicha ish qo‘zg‘atilmagan. Hech bir xodim, jumladan, 6 yashar bolaning tarbiyachisiga ham hech qanday chora ko‘rilmagan.

Toshkentlik manbalarga ko‘ra, ushbu voqeadan so‘ng poytaxtdagi barcha bolalar bog‘chalari va maktablarning boshlang‘ich sinflarida ota-onalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan:

“Hozir hamma maktab-bog‘chalarda ota-onalarni chaqirib, bo‘lgan voqeani aytib berayapti va farzandiga xushyor bulishni aytishayapdi. Maktab- bog‘chalarda ota-onalardan tilxat yozdirib olinmoqda. “Farzandimga biron kor-hol bo‘lib qolsa, o‘zim javobgarlikni zimmamga olaman”, degan mazmunda. Tilxatni bugun olishdi. Maktab rahbariyati ma‘suliyatni o‘zidan soqit qilish uchun shunday qilayapti”, dedi farzandi uchun tilxat yozganini aytgan toshkentlik manba.

Ozodlikka keyingi paytlarda yosh bolalarni zo‘rlash holatlari borasida bir qancha xabarlar kelgan

Shu kunlarda 11 yashar singlisini zo‘rlagan Xorazmning Gurlan tumani Guliston qishlog‘ida yashovchi 18 yashar kollej o‘quvchisining tergov jarayoni davom etmoqda.

13 yashar singlisining nomusiga tegib, uni homilador qilgan Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 25 yashar yigit 13,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘tgan oyda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi 7 yashar qizaloqni zo‘rlagan 15 yashar o‘smir to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. O‘smir Beshariqdagi maktablardan birining 9-sinf o‘quvchisi, qizcha ham shu maktabning 1-sinfida o‘qiydi. Hozirda ushbu voqea uchun maktab rahbariyatini jazolash masalasi ko‘rilmoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG