Линклар

Bir necha yil avval frantsuz rejissyori Manon Luazo Grozniyga yangi hujjatli film olish uchun borganida shaharni tanimadi.

Luazo avval ham Chechenistonga bir necha marta safar qilgan va Rossiyaning separatchilarga qarshi olib borgan ikki urushining oqibatlari haqida to‘rtta ko‘ngilni buzadigan hujjatli film olgan edi.

Ammo Luazo so‘nggi safarida ko‘rinishidan urush xotiralarini unutgan xalqni hamda baland imoratlaru savdo markazlari qad ko‘targan va qachonlardir asosiy dushman bo‘lgan shaxs - Vladimir Putinning portretlari bilan bezatilgan shaharni ko‘rdi.

“Bu gazak olgan shizofreniya”, deydi Luazo. Men u yerda birinchi urush paytida va ikkinchi - “konstitutsion tartibni tiklash” deb nomlangan davrda bo‘lganman. U paytda chechenlar “Yo o‘lim, yo ozodlik!” qabilida gapirar edilar. Endi bo‘lsa katta yo‘lga Putin nomini berishibdi. Uning tug‘ilgan kunini ham nishonlashadi”.

Luazo his qilgan shizofreniya uning “Checheniston: Izsiz urush” deb nomlanuvchi eng oxirgi hujjatli filmida ufurib turadi. Bu filmda Ramzan Qodirov boshchiligidagi urushdan keyingi Chechenistonda ro‘y berayotgan zo‘ravonlik va qo‘rqitishlar aks etgan.

Film ilk bor Jeneva va Pragada bo‘lib o‘tgan inson huquqlariga bag‘ishlangan kinofetivallarda, 3 mart kuni esa ARTE farang-olmon kanalida namoyish qilindi.

So‘nggi paytlarda Qodirovning Putin bilan juda yaqin ekani ko‘pchilikning e‘tiborida. O‘tgan haftada Qodirovni Vladimir Putin Hurmat ordeni bilan taqdirladi.

Orden muxolifatchi Boris Nemtsovning o‘ldirilishida Qodirovga yaqin kishilar ayblanayogan bir paytda berildi.

Luazo Nemtsovni chechenlar o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan yiroq, deb hisoblaydi. Ammo bu bilan Qodirovning qo‘lidan bunday ish kelmaydi, demoqchi emas. Qodirovda kuchli xavfsizlik xizmati bor. Bu xizmat xodimlari bir qancha xunrezliklarda, jumladan mahalliy kishilarni o‘g‘irlashda va qiynoqqa solishda ayblanib keladi.

“Checheniston: Izsiz urush” filmini suratga olish jarayonida Chechenistoda yashab turishni rejalashtirgan Luazo uning iziga tushishganini payqaganidan keyin fikrini o‘zgartirdi va mamlakatdan chiqib ketdi. So‘ngra hammasi bo‘lib o‘n ikki marta qisqa muddatga Chechenistonga bordi. Safarlari davomida yashirin tarzda mumkin qadar material yozib oldi.

“Filmni odamlarni xavf-xatarga qo‘ymasdan olish uchun juda topqir bo‘lishga to‘g‘ri keldi”, dedi Luazo. Kuzatuvdan qochish muommolarning bittasi edi, xolos. Luazoning aytishicha, yillar davomida kuchayib borayotgan bosimlar sabab chechenlarning aksari, hatto rejissyor 15-20 yildan beri taniydigan do‘stlari ham kamera qarshisida jurnalist bilan suhbatlashishdan juda hayiqishadi.

“Ular hozir urush paytidagidan ham ko‘proq qo‘rqishadi. Chunki hozir ularni o‘zlarining odamlari o‘ldiryapti. Rus armiyasi ularni bombardimon qilayotgani yoki dushmandan tozalash amaliyotlarini olib borayotgani yo‘q. Ammo chechenlar chechenlarni o‘ldiryapti”, dedi Luazo.

“Hamma o‘zining qo‘shnilari yoki hatto qarindoshlari chaqimchilik qilishidan qo‘rqadi. Har kech kimdir kelib eshiklarini qoqishi mumkinligidan qo‘rquvda yashashadi. Shuning uchun bu “izsiz urush”dir. Urush hanuzgacha davom etyapti”, deb so‘zini davom ettirdi farang rejissyori.

Luazo filmida 2013 yili mashina yuvish shoxobchasida ishlayotgan ikki ayolning o‘g‘irlab ketilishi kabi yaqinda sodir bo‘lgan voqealar tasvirlangan.

Shoxobcha boshchisi ayollarning qichqirganini eshitgan va chiqib qon ko‘lmakchalarini ko‘rgan. Ammo aybdorlar topilmadi. Ayollarni topishga behuda uringan ukasiga agar u opalarini izlashda davom etadigan bo‘lsa, ularning o‘limida ayblanib qamalishini aytishdi.

Filmning yana bir manzarasida Gorzniyda belgilanmagan umumiy qabrlarni izlayotgan ayollar aks ettirilgan. Checheniston hududida o‘nlagan shunaqa qabr borligi aytiladi. U erlarga rus qo‘shinlari tomonidan qiynoqlarga solingan va so‘ngra o‘ldirilgan yuzlab shaxs hech bir marosimsiz ko‘milgan.

Yo‘qolgan odamlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi kam sonli guruhlarning biri bo‘lmish Chechen onalari qo‘mitasiga ko‘ra, urush paytida 18 mingga yaqin odam bedarak yo‘qolgan. “Bu onalar bunday xotiralarni yoddan chiqarmagan oxirgi odamlar ekanliklarini, bu narsani keyingi avlodga yetkizishlari kerakligini aytishdi. Ular bizdan keyin bu yerlarda sodir bo‘lgan narsalarni hech kim eslamaydi, degan fikrdalar”.

Luazoning aytishicha, Qodirov “yaqin do‘sti” Putinga iltifot qilib Chechenistonning yaqin tarixini xaritalardan o‘chiryapti. Hozirda chechen urushlarini oshkora muhokama qilish mumkin emas. Grozniyda halok bo‘lganlar xotirasiga hech qanday yodgorlik yo‘q. Urushning “chechenlashtirilishi” sabab endilikda mahalliy xalq ruslar o‘rniga chechenlardan qo‘rqadi.

O‘tgan yili Qodirov milliy xotirani o‘chirish yo‘lida yana bir qadam tashladi: Stalinning 1944 yilda yuz minglagan chechen va ingushlarni O‘rta Osiyoga deportatsiya qilganini xotirlab har yili o‘tkaziladigan tadbirlarni bekor qildi.

O‘tgan yili bu tadbirlar 23 fevralga, Sochida Qishki Olimpiada o‘yinlari bo‘layotgan paytga to‘g‘ri keldi.

“Qodirovning o‘z oilasi surgun qilingan! Ammo u Stalin chechenlarni deportatsiya qilib to‘g‘ri qilgan, deyishgacha bordi. Bu juda ko‘p chechenni ranjitdi. Putin Qodirovdan shu ishni qilishini so‘ramagan, deb o‘ylayman. Buni Qodirovning o‘zi qilgan, Putinga qanday yaxshi shogird ekanini ko‘rsatish uchun”, dedi Luazo.

Qodirovning qaroriga qarshi chiqib deportatsiyani muhokama qilish uchun kichik konferentsiya uyushtirgan faol Ruslan Kutayevni tez orada qo‘lga olishdi. Qo‘lga olinganidan keyin qiynoqqa solingani aytilgan faolni to‘rt yilga qamashdi.

Kutayevning himoyasini uyushtirgan qiynoqlarqa qarshi chechen qo‘mitasi Gorzniydagi ofisiga atayin o‘t qo‘yilganidan keyin ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bu qo‘mita bedarak yo‘qolganlarning oila a‘zolariga yordam beradigan oxirgi manbalardan edi.

Luazo film yevropaliklarni Chechenistonda davom etayotgan qiynoqlar va zo‘ravonliklardan xabardor qilishidan umidvor. Uning aytishicha, afsuski “bundanda qora kunlar hali oldinda”.

“Chechenistonlik bir kishi ular [Putin va Qodirov] natijasini ko‘rish uchun chechenlar ustidan tajriba o‘tkazishayotganini, keyin bu narsani butun Rossiyaga tatbiq qilishlarini aytdi”, dedi Luazo.

“Menimcha bu narsa hali Rossiyada amalga oshirilgani yo‘q, ammo bunday qilish yo‘llari allaqachon ishlab chiqilgan. Men yaxshi bilgan Anna Politkovskaya Chechenistondagi konflikt rus jamiyatining barcha sohasiga kirib borganini aytgan edi. Ukrainada bo‘layotgan hodisalarning ham bunga aloqasi bor”.

XS
SM
MD
LG