Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:12

Uy qurish uchun yer uchastkasi olish tartibi qanday?


Yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olish tartib-qoidalarini OzodJavobning navbatdagi sonida o‘rganamiz.

Namanganlik Sherzod ismli mushtariy OzodJavobga murojaat qilib, uy qurish uchun yer maydoni olmoqchi bo‘lgani, biroq kimga murojaat qilishni bilmayotgani haqida yozdi:

“Men ota-onam bilan birga yashayman. Uylanganman, bir farzandimiz bor. Yaqinda ukamni uylantirmoqchimiz. Shuning uchun men alohida uyga chiqishim kerak. Mahallaga uy qurish uchun yer so‘rab borsam, hokimiyatga bor, dedi. Hokimiyat esa yer auktsionda sotiladi, degan javobni berdi”, dedi namanganlik Sherzod.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30 dekabrdagi 272-sonli qaroriga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkasini faqat kimoshdi savdosi orqali sotib olishi mumkin.

Joylardagi mahalliy hokimliklardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori 2008 yildan boshlab kuchga kirgan va shundan buyon uy-joy qurish uchun yer uchastkalari kimoshdi savdolarida sotilmoqda.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hokimligi mas‘uliga ko‘ra, uy-joy qurish uchun yer uchastkasi qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi tarkibiga kirmaydigan yerlardan ajratiladi:

“Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ma‘lum chegaraga, maydonga, huquqiy rejimga va davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa tavsiflarga ega bo‘lishi lozim. Avvalo yer me‘yorlari aniqlanadi. Keyin auksionga qo‘yiladi”, dedi hokimlik mas‘uli.

Amaldagi tartibga ko‘ra, aholiga yakka tartibda uy-joy qurish uchun 6 sotix (0,06 gektar)gacha beriladi.

“Tuman hokimligi uy qurish uchun ajratilgan yer uchastkasi bo‘yicha qaror chiqarib, viloyat hokimligiga o‘rganish uchun jo‘natiladi. Viloyat hokimligi belgilangan tartibda o‘rganib chiqib, qaror chiqarganidan keyin kim oshdi savdosi o‘tkaziladi. Kimoshdi savdosi o‘tkazadigan tashkilot bor. O‘shalar kelib o‘tkazadi”, dedi Sherobod tumani hokimligi mas‘uli.

Kimoshdi savdolari tuman hokimining qarori asosida tuman arxitektura va qurilish organlari tomonidan "Ergeodezkadastr" davlat qo‘mitasining hududiy organlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Sherobodlik mas‘ul kimoshdi savdosida qatnashish tartibiga ham aniqlik kiritdi:

“Kimoshdi savdosi haqida oldindan gazetada e‘lon beriladi. E‘lon chiqqan kundan boshlab ma‘lum muddat qo‘yiladi. Yer olmoqchi bo‘lgan odam hokimiyatga murojaat qilishi shart emas. Gazetalarni o‘qib tursa, bo‘ldi. Gazetada kimoshdi savdosi o‘tadigan joyning adreslari yoziladi. Kimoshdi savdosi qayerda bo‘lishini aytadi. O‘sha adresga borib, ariza yoziladi”, dedi mas‘ul.

Tartibga ko‘ra, arizachi avvalo kimoshdi savdosiga kirish badalini to‘lashi lozim bo‘ladi:

“Kirish vznosi 10 foizlik. Maslalan, 6 sotix uyning narxi 1 million so‘m bo‘lsa, 100 ming so‘m to‘lab kiradi. Erning narxidan 10 foizi to‘lanadi. Bu pul qaytarib berilmaydi. Bu kimoshdi savdosini o‘tkazish harajatlariga sarflanadi”, dedi sherobodlik mas‘ul.

Suhbatdoshga ko‘ra, kim oshdi savdolari har yili yoki ikki yilda bir marta o‘tkazildi:

“Er maydonlarini aniqlab turib, 100 ta xo‘jalik yoki 50 ta xo‘jalikka bitta qilib, qaror chiqariladi. Konturlarini aniqlab, chizmalarini chizib, nomerlab qo‘yadi. 1dan 100gacha. Deylik, u odam 1 nomerga ariza bersa, bu yerga da‘vogarlik qilayotgan 3-4 ta odam bo‘lishi mumkin. Kim g‘olib bo‘lsa, yer o‘shanga beriladi. Yer boniteti qancha yuqori bo‘lsa, uning narxi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Deylik, 6 sotix bo‘lsa, taxminan 900 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Kim oshdi qadamlari bilan 1 million, 1 milliondan oshadi. Agar er xaridorgir bo‘lsa, narx ham shunga qarab oshadi”, dedi sherobodlik mas‘ul.

Mamlakat qonunlarida O‘zbekiston fuqarosining yashash joyidan qat‘iy nazar yer uchastkasi uchun kimoshdi savdosida ishtirok etishiga ruxsat berilgan:

“Masalan, Farg‘ona yoki Toshkentdan kelib, Sheroboddan yer olishi mumkin. Bu kimoshdi savdosi bo‘lgani uchun propiskaga qaralmaydi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa bo‘ldi”, dedi mas‘ul.

******

Vazirlar Mahkamasining 272-sonli qaroriga ko‘ra, "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi ishtirokida qurilgan uy-joy joylashgan yer uchastkasi tuman hokimining qaroriga binoan, kimoshdi savdosi o‘tkazmasdan xaridorga sotiladi.

******

Mahalliy hokimliklardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, qishloq joylarida ayrim fuqarolar tomonidan tegishli ruxsatsiz uy qurish holatlari ham ko‘plab uchraydi.

Vazirlar Mahkamasining 272-sonli qarorida, o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan:

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat sudning qaroriga ko‘ra uni qurgan shaxs tomonidan yoxud uning hisobiga buzib tashlanadi.

*****
Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG