Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:31

Prezident saylovi arafasida Samarqandda qishloqlar gazdan uzib qo‘yilmoqda​


Samarqand viloyati hokimi qishloqlarni gazdan uzib qo‘yishni buyurgani aytilmoqda.
Samarqand viloyati hokimi qishloqlarni gazdan uzib qo‘yishni buyurgani aytilmoqda.

Samarqand viloyati Ishtixon tumani qishloqlari tabiiy gazdan uzilmoqda. O‘zbekiston prezidenti saylovi arafasida tuman qishloqlarini umuman gazsiz qoldirish chorasi Samarqand viloyati hokimi qarori bilan amalga oshayotgani aytilmoqda. Rasmiylar bu qarorni aholining gazdan qarzi ko‘payib ketgani bilan izohlamoqda. Lekin Samarqand viloyati gaz boshqarmasi vakili, Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, qishloq hududlarining tabiiy gazdan uzib qo‘yilishi O‘zbekiston gaz eksporti hajmini oshirayotgani bilan bog‘liqligini bildirdi.

18 mart kuni Ishtixon tumanining kamida beshta qishlog‘i aholiga gaz yetkazib berish tizimi quvurlaridan uzib qo‘yildi. Bu qishloqlardan birida istiqomat qiluvchi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Shayxul Islom, Rovot, Damariq, Tangatepa va Chaqa qishloqlarida chorshanba kuni quvurlarni asosiy gaz trassalaridan uzib qo‘yish ishlari bitkazilgan. Uning aytishicha, joriy oy oxiriga qadar, ya‘ni O‘zbekiston prezidenti saylovi kunlari Ishtixon tumanining aksar qishloqlari tabiiy gazdan uziladi.

Ishtixon tumani qishloqlari prezident saylovi arafasida tabiiy gazdan uzilmoqda.
Ishtixon tumani qishloqlari prezident saylovi arafasida tabiiy gazdan uzilmoqda.

“Aprelgacha tuman markazidan tashqari barcha qishloqlarda gaz trubalarini asosiy trassadan uzib tashlashar ekan”, deydi ishtixonlik.

Uning aytishicha, qishloqlarni tabiiy gaz tizimidan uzish ishlari boshqa tumanlarda ham amalga oshirilmoqda. “Yuqoridan shunday topshiriq bo‘lgan, deyishmoqda”, deya qo‘shimcha qildi ishtixonlik manba.

Samaraqand viloyati hokimligining aholini gaz bilan ta‘minlash uchun mas‘ul bo‘limi xodimlari Ozodlik bilan bu haqda gaplashishni istamadi. Lekin Ishtixon tumani hokimligining o‘zini Jamshid, deb tanishtirgan mulozimi qishloq aholisi tabiiy gazdan uzib qo‘yilayotganini tasdiqladi. Uning aytishicha, bunga aholning gazdan qarzi oshib ketayotgani sabab bo‘lgan.

- Qarzdorlik ko‘payib ketgani uchun uzyapmiz. To‘lmaganlarni uzinglar, deb topshiriq berganmiz. Agar siz to‘lagan bo‘lsangiz va sizning uyingizni uzishayotgan bo‘lsa, tuman gaz bo‘limi boshlig‘iga murojaat qiling,- deydi Ishtixon tuman hokimiligi mulozimi.

“Aprelgacha tuman markazidan tashqari barcha qishloqlarda gaz trubalarini asosiy trassadan uzib tashlashar ekan”, deydi ishtixonlik.
“Aprelgacha tuman markazidan tashqari barcha qishloqlarda gaz trubalarini asosiy trassadan uzib tashlashar ekan”, deydi ishtixonlik.

Lekin Ozodlikning ishtixonlik manbasiga ko‘ra, qarzi bor-yo‘qligidan qat‘iy nazar, qishloqlarni butunlay uzib qo‘yish to‘g‘risida topshiriq berilgan.

Ozodlikning Samarqand viloyati gaz ta‘minoti boshqarmasidagi manbasi ham viloyatdagi aksar qishloqlarni tabiiy gaz quvurlaridan uzib qo‘yish vazifasi hukumat tomonidan qo‘yilganini tasdiqladi. Shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan manbaga ko‘ra, qishloq aholisiga gaz yetkazishni to‘xtatish to‘g‘risida viloyat gaz ta‘minoti boshqarmasi so‘nggi paytlarda o‘tkazayotgan majlislarda tuman mas‘ullariga uqtirilmoqda. Buning boisi O‘zbekiston gaz eksportini oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotganida, deydi suhbatdoshimiz.

“Aholining qarzdorligi oshib ketgani bor gap. Lekin bu yerda asosiy sabab qarzdorlik emas. Bizga majlislarda aytishmoqda, respublika gaz eksportini oshirmoqda, aholi gaz haqini to‘lamagandan keyin gazni chetga sotish foydaliroq, deb ochiq aytishyapti. Biz “aholidan gaz haqini majburan undirib, odamlarga sotsak bo‘lmaydimi”, deb taklif qilsak. “Bu sizning aqlingiz yetadigan gap emas, shuning uchun qisib o‘tiring. Bu davlat siyosati”, deb aytishdi. Biz ham katta siyosatga aralashmay qo‘ya qoldik”, deydi Ozodlik manbasi.

Uning yana aytishicha, gaz ta‘minoti sohasi xodimlari orasida joriy yilda O‘zbekiston hukumati gaz eksportini qazib olinadigan umumiy hajmning 70 foiziga chiqarishni rejalayotgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar tarqalgan.

“Eksport hajmi hozircha 50 foizgachani tashkil qiladi. Bu yil shuni 70 foizga chiqarishmoqchi ekan. Majlislarda shu haqda aytishyapti”, deydi Samarqand viloyati gaz ta‘minoti boshqarmasi vakili.

O‘zbekiston dunyoning gaz qazib oluvchi eng yirik davlatlar yigirmaligiga kiradi. Bu mamlakat yiliga 55-60 milliard kub metr gaz qazib oladi. O‘zbekiston rasmiylarga ko‘ra, tabiiy gaz eksporti hajmi 10-13 milliard kub metr, ya‘ni umumiy ishlab chiqarish hajmining taxminan 20 foizini tashkil qiladi. Hukumat o‘z hisobotlarida qazib olingan tabiiy gazning asosiy qismi ichki iste‘mol uchun ishlatilishini iddao qiladi.

Shunga qaramasdan, O‘zbekiston aholisining aksari qish mavsumini gaz taqchilligi vaziyatida o‘tkazmoqda. Keyingi 4-5 yilning voqeligiga aylangan bu muammo, joriy yilda, ayniqsa, keskin tus oldi.

O‘zbekiston 2010 yilda Markaziy Osiyoni Xitoy bilan bog‘laydigan gaz quvuri loyihasida faol ishtirok eta boshladi. 2014 yilda “O‘zbekneftegaz” Turkmanistondan boshlanib O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Xitoygacha yetib boradigan yirik gaz quvuri orqali 10 milliard kub metr gazni eksport qildi.

O‘zbekiston mamlakat aholisiga gazning har ming kub metrini taxminan 70-75 dollardan sotadi. Eksportga ketadigan o‘zbek gazning narxi esa 200-300 dollarni tashkil qiladi, ya‘ni gazni tashqariga sotish kamida 3 barobarga foydaliroqdir.

Bundan bir necha oy avval, O‘zbekiston eneregetika sohasi mulozimlaridan biri Rossiya matbuotiga bergan intervyusida 2021 yilga kelib, Xitoy o‘zbek gazi eksportining asosiy yo‘nalishiga aylanishini bildirgan edi. Xitoyning o‘zi yiliga 100 milliard kub metr gaz qazib olishi, 2020 yilga kelib esa uning ehtiyoji 300 milliard kub metrga chiqishi inobatga olinsa, o‘zbek gazining asosiy qismi yaqin kelajakda qayerga oqishini faraz qilish qiyin emas.

XS
SM
MD
LG