Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:57

Shohjahon Jo‘rayevning aybini ma‘muri o‘z bo‘yniga oldi​


O‘zbekistonlik mashhur xofiz Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li, 28 yashar Shohjahon Jo‘rayevga 17 martdan boshlab "kontsert faoliyati va qo‘shiq kuylash" rasman taqiqlab qo‘yilishiga sabab bo‘lgan voqealar tafsilotlarini uning ma‘muri Shuhrat Usmonov ochiqladi.

Ma‘murning aytishicha¸ haqiqatan ham Shohjahon Jo‘rayevning konsert faoliyati 17 martdan boshlab to‘xtatilgan. Suhbatdoshga ko‘ra, Shohjahon Jo‘rayev sahnaga ko‘pi bilan olti oydan keyin qaytishi mumkin.

Ozodlik bilan suhbatda Shuhrat Usmonov Shohjanhon litsenziyadan mahrum qilinayotgan paytda janjal-to‘polon qilmagani va “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining barcha e‘tirozlariga "ho‘p", deb rozi bo‘lib, "aybiga iqrorlik tilxatini yozib berganligini" ta‘kidladi.

Suhbatdoshning aytishicha, Shohjahon Jo‘rayev “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan izn olmasdan Rossiyada konsert bergani bois litsenziyadan mahrum qilingan:

- Aslida, bu Shohjahonning emas, balki ma‘mur sifatida mening aybim. Rossiyada konsert berishdan 10 kun oldin “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan izn olmaganman. Aslida, Rossiyada konsert ham bo‘lmagan. Shohjahon Jo‘rayev Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun bepul xayriya konserti bergan edi xolos¸ dedi suhbatdosh.

Usmonovning fikricha, tilga olingan konsertdan pul tushmagan, demak bu holatda “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan izn olishga zarurat ham bo‘lmagan.

Shunga qaramasdan O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Shohjahon Jo‘rayevga qo‘shiq aytish va konsert tashkil qilish huquqini beradigan litsenziya “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining maxsus qarori bilan 2015 yilning 17 martidan boshlab bekor qilindi va shu kuniyoq bu haqdagi hujjat nusxasi Ozodlikka kelib tushgan edi.

18 mart kuni “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining saytida rasmiy bildirish sifatida Shohjahon Jo‘rayevning litsenziyadan mosuvo qilinganligi e‘lon qilindi.

E‘londa “Xonanda Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-sonli Qarori hamda litsenziya bitimida nazarda tutilgan talablar va shartlarni buzganligi sababli, xonandaga 2015 yil 6 yanvar kuni berilgan AA-1747-sonli litsenziyaning amal qilishi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-24 moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 noyabrdagi 498-son Qarorining 1-ilovasi 35-bandiga asosan, 2015 yil 17 martdan amal qilish muddati tugatilganligi” ma‘lum qilinadi.

​Ayni qarorda “O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talabini bajarish har bir xonanda va san‘atkorning burchi” ekani alohida ta‘kidlangan.

O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Shohjahon Jo‘rayevning litsenziyasi bekor qilinganligini “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasining ismini aytmagan mulozimi ham Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tasdiqlagan edi.

Mulozimning aytishicha, Shohjahon Jo‘rayev “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan izn olmasdan Rossiyada konsert bergan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Shohjahon Jo‘rayev bundan oldin ham janjallar markazida qolgani bois “O‘zbeknavo“ estrada birlashmasidan ogohlantirish olgan:

- Masalan, o‘tgan yili Shohjahon Jo‘rayev bo‘yniga "pulchambar" taqqan video tarqaldi. Shohjahon O‘zbekistondagi to‘ylardan birida bo‘yniga puldan bo‘lgan chambarak taqib qo‘shiq aytgan. O‘zbekiston milliy valyutasi sanalgan so‘mni chambarak qilib bo‘yinga osish pulga hurmatsizlik sanaladi va qonunda milliy valyutaga hurmatsizlik uchun jazo mavjud. Ilgari san‘atkorlarga gullar taqdim etilar edi. Oxirgi paytlarda bu odat biroz boshqacharoq tus olayotgandir-da! Buni qarangki, to‘y egasining pulchambar taqib qo‘ygani Shohjahonga ham yoqib tushgan shekilli, yechgisi ham kelmapti. Biz o‘z vaqtida Shohjahonga san‘atkorning san‘ati pul bilan emas, olqish bilan o‘lchanishi kerak deb tushuntirishga harakat qildik, ammo nasihatlartimiz kor qilmadi¸ degan edi suhbatdosh.

Jo‘rayevning janjallar markazida qolgani borasidagi iddaolarni O‘zbekistondagi shou-biznes muammolarini yoritadigan yana bir jurnalist ham ismi aytilmaslik sharti bilan aytgan edi.

Shohjahon Jo‘rayevning ma‘muri Shuhrat Usmonov to‘yda ashulachiga puldan to‘n yasab kiydirilgani bois tanbeh olganligini Ozodlik bilan suhbatda tasdiqladi.

***

Shohjahon Jo‘rayevning ma‘muri Shuhrat Usmonovning Ozodlik savollariga bergan javoblari matni bilan tanishing:

Ozodlik: 17 martdan boshlab litsenziya to‘xtatilgani haqida bizda hujjat nus[asi bor, qolaversa, “O‘zbeknavo“ saytida ham bildirgi turibdi. Shunday bo‘lsa ham Shohjahon Jo‘rayev ba‘zi nashrlarga suhbat berib litsenziyadan mosuvo bo‘lganligi voqeasini haspo‘shlashga uringan. Agar litsenziya to‘xtatilmagan va Shohjahon bemalol qo‘shiq aytmoqda, deya raddiya bersangiz marhamat:

- Yo‘q, raddiya nimaga beraman men? Bo‘lgan fakt bo‘lib turibdiku. Janjalli narsa bo‘lgani yo‘qku. Shunaqa narsa bo‘ldi, bo‘ldi.

Ozodlik: O‘zbek ko‘ngilochar matbuoti aybni siz tomonga ag‘daryapti. Sizning xatoyingiz bilan Rossiyadagi konsertga ruxsat olinmagan. Shunaqami?

- Ha. Bilmagandik uni.

Ozodlik: Mavjud qonunchilikni bilmagansiz, qo‘shiqchi 10 kun oldin borib ruxsat olishi kerakligi haqidagi talabdan bexabarmidingiz ?

- Ha. U bitimni men ham, Shohjahon ham bilmaganmiz. konsert yo‘q edi. U konsert xayriya konserti bo‘lgan. Borgandan keyin o‘zbek xalqiga xayriya konserti. U yerda bir so‘m pul ishlagani yo‘q Shohjahon.

Ozodlik: Biz ham maqolada xayriya konserti. deb yozdik. Zero tug‘ilgan kunda ashula aytish uchun izn zarur emas, menimcha?

- konsert yo‘q edi. O‘sha konsert bo‘lmaganda bular bilmasdi ham balki. Prosto tanishining tug‘ilgan kuniga borilgani uchun, endi o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Keyin yurtdoshlarimga pulli emas xayriya konserti deb.

Ozodlik: Men bilan gaplashgan mulozim “Ryazandagi konsertda ortiqcha gap bo‘ldi” deydi. Hukumat siyosatiga qarshi gap aytildimi? Yana bir savol “O‘zbeknavo”dagi "razborka" paytida janjal chiqdimi?

- Yo‘g‘-e. Aka qarang, bunaqa narsa bor, har bitta insonning ichida savol-javob qiladigan yurak, vijdoni bo‘ladiyu. Men haqiqatni aytsam, balki bu sizga erish tuyulishi mumkin, lekin men haqiqatni aytaman. Men Shohjahonni o‘zim olib bordim. Birga bordik. Kirib ketdi ichkariga. Men eshikda qoldim¸ prosto o‘zlari gaplashib olsin deb. U yerda zam o‘tiribdi Furqat, Odil aka o‘tiribdi. Qanaqa qilib janjal bo‘lishi mumkin u yerda? Keyin janjal qilishga nima haqimiz bor u yerda? Hech qanaqa janjal, daje men ichkariga keyin kirdim. Faqat Shohjahonga tushuntirish xatini yozib olish uchun bo‘ldi. Agar tushuntirish xatini men yozganimda, Shohjahon kelmay qo‘ysa ham bo‘laverardi. O‘zi kelsin degani uchun shunaqa g‘alva bo‘ldi.

Ozodlik: Endi yana bir masala. Puldan to‘n kiygani uchun tanbeh berilgan holatlar bo‘lganmi?

- Bu ish uchun tanqid qilindik. Lekin birinchidan, u rasmni biz tarqatmaganmiz. Odamlarning to‘yida bo‘lgandan keyin bo‘ladi. Tanbeh beriladi albatta. O‘zbeknavo bo‘lgandan keyin chaqiriladi. Meni chaqirtirgan nima bo‘lgan deb. To‘yda hozir hammaning qo‘lida telefon borku. Puldan bo‘lgan to‘n 10 sekund ham Shohjahonni egnida turmagan deb tushuntirilgan "O‘zbeknavo"ga.

Ozodlik: Mana qo‘limda O‘zbeknavoning hujjati turibdi. Litsenziya butkul to‘xtatildi¸ ashula aytishga izn yo‘q, deyilgan. Endi nima qilmoqchisizlar? Qanaqa xulosa chiqardingizlar bu holatdan?

- Xatolik bo‘ldi. Qaytib u narsa qaytarilmaydi. Beriladi bu narsa. Hammaga kelgan qonun. Haqiqatan nizomda ko‘rsatilgan. "O‘zbeknavo"ning nimasida. O‘sha tashkilotga bo‘ysunamiz biz. Boshqa qonunni buzganimiz yo‘qku biz. Bizdan oldin ham boshqa san‘atkorlarga jazo berilgan. Litsenziya olib qo‘yilgan, keyin yana qaytarib olgan.

Ozodlik: Qaytarib olish jarayoni qanday bo‘ladi?

- Ular ma‘lum muddat belgilab o‘zlari aytadi.

Ozodlik: Hujjatda muddat belgilanmagan ekanda?

- Unda muddat belgilanmaydi. Faqat to‘xtatiladi. Tilxatda ko‘rsatilganda Shohjahon 3 oy muddatga deb yozgan. Ko‘riladida endi bu narsa. O‘zi 3 oydan 6 oygacha ekan. Chetga ruxsatsiz chiqib ketish 3 oydan 6 oygacha muddatda jazosi bor ekan. Ularning litsenziyani to‘xtatib qo‘yish jazosida endi.

Ozodlik: Shohjahonning muxlislariga nima deylik? Sizlar bilan Xudo xohlasa 6 oydan konsertda yuz ko‘rishadi, muloqot qiladi deylikmi?

- Litsenziya bekor bo‘ldi degani uydan chiqarmaydi degani emasku. Teleradiokompaniyalarga, konsert berish nimasiga ega emasmiz.

Ozodlik: To‘y, tug‘ilgan kunchi?

- Endi u boshqa masala.To‘yga izn yo‘q. Televideniye, katta joylarda konsert berishi kerakku. O‘sha narsalarga ruxsat yo‘q. Maqola chiqarishdan oldin shuni bir so‘ranglar. Biz bilasizku bunaqa narsalarga, haqiqat baribir chiqqani yaxshida. Iloji bo‘lsa, qo‘linglardan kelsa, iltimos qilib aytaman, qanaqadir chiroyli holatda qilib, ham muxlislarga foydasi tegadigan, mana shunaqa bo‘lgan deb chiroyli qilib yozinglar, unaqa mushtlashibdi, boshqa bo‘libdi deb muxlislarni qo‘rqitmanlar mana bugun telefonim tingani yo‘q. Hamma davlatda borda muxlislarimiz. Boshqa davlatlardan ham telefon qilib so‘rayapti nima bo‘ldi deb. Faqat ma‘lum muddatga to‘xtatildi. Qonun bo‘yicha san‘atkorga jazosi 3 oydan 6 oygacha ekan. Balki uch oydan keyin berishi mumkin Xudo xohlasa. Yaxshi umid qilib turaylik¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Shohjahon Jo‘rayevning ma‘muri Shuhrat Usmonov.

"O‘zbek Preslisi" deb nom chiqargan hofiz

O‘zbekistonlik mashhur xofiz Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev “Gulnora”, deb nomlangan qo‘shig‘i bilan yosh tomoshabinlar olqishini olgan edi.

Shohjahon Jo‘rayev olifta kiyingani va bakenbardlari bois "o‘zbek Elvis Preslisi" deya nom qozongan.

Shohjahon Jo‘rayev tomonidan ijro etilgan “Birinchi bo‘sa”, “Layli”, “Ayo soqiy” kabi qo‘shiqlar muxlislar tomonidan yaxshi kutib olingan edi.

Shohjahon Jo‘rayevning otasi 68 yoshli o‘zbek xofizi Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta konsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, Sherali Jo‘rayevning katta sahnada qo‘shiq kuylashiga yuqoridan “norasmiy taqiq” qo‘yilgan.

Bugunga kelib Sheralining o‘g‘li rasmiy taqiqqa noil bo‘ldi.

Shohjahon Jo‘rayev "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tarafidan jazolangan ilk san‘atkor emas.

"O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tarafidan o‘z vaqtida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, "Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jayev, xonanda Dilshod Rahmonov, qo‘shiqchi Abdulla Qurbonov ¸ "Ummon” va "Mango” guruhlari xonandalarining ham "nomaqbul hulqi" bois litsenziyalarining amal qilish muddati tugatilgan edi.

XS
SM
MD
LG