Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:37

O‘zbek muxolifatchilari veb sahifasi xakerlarning "porno" hujumiga uchradi​


O‘zbekiston Virtual Saylov Komissiyasi (VSK) sayti xakerlar hujumiga uchrashi natijasida, Internetda borayotgan virtual prezident saylovi hisoblagichi ishdan chiqdi. Tashkilot matbuot kotibi Ulug‘bek Bakirovning Ozodlikka aytishicha, komissiya veb sahifasi "yovuz kuchlar" tomonidan navbatdagi xakerlik hujumiga uchragan.

Uning aytishicha, "aftidan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan uyushtirilgan xakerlik hujumi" natijasida VSK veb sahifasiga "porno videolar" qo‘yib tashlangan.

VSK veb sahifasi - saylov2015.org O‘zbekistonda 29 martga belgilangan prezident sayloviga parallel ravishda muhojiratdagi bir guruh o‘zbekistonlik faollar tomonidan ta‘sis etilgan.

VSK mas‘ullariga ko‘ra, veb sahifa bilan bir qatorda VSK imeyl manzili ham yakshanba kunidan buyon ochilmayotir.

O‘zbekiston prezident sayloviga parallel ravishda global tarmoqda o‘tkazilayotgan saylovda ishtirok etish uchun Virtual saylov komissiyasi tomonidan 12 nomzod ro‘yxatga olingan edi.

Nomzodlarning uch nafari O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasman ro‘yxatga olingan nomzodlar, qolgan to‘qqiz nafari esa, O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisida rasmiy Toshkentga muxolifatda bo‘lgan nomzodlardir.

VSKga ko‘ra, ro‘yxatga olingan nomzodlar uchun ovoz berish 1 martdan boshlangan va 29 martgacha davom etishi kutilayotgandi.

Ammo, VSK mas‘ullariga ko‘ra, yo‘lga qo‘yilgan virtual ovoz berish dasturi qaytadan tiklanmasa, yakshanba kuniga qadar to‘plangan ovozlar yakuniy hisoblanishini mumkin.

- Agarda, ushbu Hisoblagich dasturi qayta tiklanmasa, ovoz berish jarayoni o‘z-o‘zidan yakunlanadi va 22 martdagi saylov natijalari VSKning so‘nggi saylov natijasi bo‘lishi ehtimoli bor,- deydi VSK matbuot kotibi.

Ammo, Ulug‘bek Bakirovning aytishicha, davomli xakerlik hujumlariga qaramasdan, VSK o‘z oldiga qo‘ygan eng asosiy maqsadga erishdi – dunyo jamoatchilgi e‘tiborini o‘ziga qarata oldi.

- VSK tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab, dunyo jamoatchiligi e‘tiborini o‘ziga qarata oldi. VSK tashkil etilganligi to‘g‘risida va uning faoliyati haqida bir qator nufuzli dunyo ommaviy axborot vositalari xabarlar tarqatdi, maqolalar nashr qildi,- dedi Ulug‘bek Bakirov.

Navbatdagi nishon

VSK veb sahifasi xakerlar hujumiga uchrayotgan ilk muxolifat veb sahifasi emas.

Bir oy muqaddam Islom Karimov rejimiga muxolifatda bo‘lgan O‘zbekiston Xalq Harakati (O‘XH) rasmiy nashri – uzxalqharakati.com sayti ham berkilib qolgandi.

Bir kun ichida O‘zbekistondagi ko‘plab IP adreslaridan millionlab spamlar yuborildi, deydi O‘XH matbuot kotibi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘XH raisi Muhammad Solih esa harakat veb sahifasi O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari tomonidan nishonga olinganiga “shubha yo‘q”, deydi.

O‘XH raisiga ko‘ra, uzxalqharakati.com cahifasining xakerlik hujumiga uchrashiga sahifaning so‘nggi paytlarda ommaviylashib borayotgani sabab bo‘lgan.

- Chunki sahifamizga kuniga 45 mingdan 55 mingga qadar odam kira boshlagandi,- dedi Muhammad Solih.

O‘tgan yil oxirida muxolif qarashda bo‘lgan yana bir ommaviy axborot xizmati – Uznews.net sahifasi ham davomli xakerlik hujumlari tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘layotganini ma‘lum qilgandi.

So‘nggi yillarda rasmiy Toshkentga muxolif qarashda bo‘lgan qator veb nashrlar xakerlik hujumlari natijasida berkitildi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari hech qachon xakerlik hujumi haqidagi da‘volarga munosabat bildirmagan.

XS
SM
MD
LG