Линклар

logo-print

Ozodbekning disklari ishchilarga majburan sotildi​


Ozodbek Nazarbekovning tekin konserti disklarda zavod ishchilariga pullanyapti.

Ozodbek Nazarbekovning tekin konserti disklarda zavod ishchilariga pullanyapti.

Jizzax Akkumulyator zavodining ishchilariga dekabr oyida bepul konsert bergan Ozodbek Nazarbekovning o‘sha konsert yozilgan diski zavod ishchilariga majburan sotildi. Zavod ishchilariga ko‘ra, bu disklarning har biri o‘n ming so‘mdan o‘tkazilgan. Zavod ma‘muriyati disklar sotilayotganini inkor qilmoqda.

O‘zbekistonda taniqli san‘atkor Ozodbek Nazarbekov o‘tgan yilning 23 dekabrida Jizzax akkumulyator zavodining ishchilariga bepul konsert qo‘yib bergan edi.

Lekin oradan ikki oy o‘tmay, tekin konsert tomosha qilgan ishchilarga o‘sha konsert yozilgan video disklar majburiy sotila boshladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan zavod ishchilaridan birining aytishicha, tekin konsert ko‘rdim, deb xursand bo‘lgan ishchilarning Ozodbekdan hafsalasi pir bo‘lgan:

“O‘tgan yilning 23-dekabr kuni Jizzax Akkumulyator zavodida yangi yil konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Hamma zavod hodimlari xursand bo‘ldi, sababi kimsan Ozodbek Nazarbekov tekinga konsert berdi, deb. Lekin ushbu xursandchilik ko‘pga cho‘zilmadi. konsertning chillasi chiqishi, ya‘ni 40 kun o‘tishi bilan odamlar konsert nega tekinga berilganini anglab yetdi”, deb yozdi zavod ishchisi.

Uning aytishicha, o‘sha kungi konsert yozilgan video disklar zavod ishchilariga majburiy sotilgan:

“konsertdan so‘ng “Delfin Studio” studiyasida konsert montaj qilinib disklarga ko‘chirilgan. Endi ishchilarga bu disklar majburiy o‘tkazildi. Har bir diskning bahosi o‘n ming so‘m ekan. Pul berish majburiy, olish esa ixtiyoriy. Shunday zaharli zavod ishchilariga Ozodboy xayr qilib tekin konsert berdi, deb o‘ylagan edik. Yo‘q, tekin emas ekan, konsert qarzga berilgan ekan. Mana endi undirib olishyapti”, deyiladi zavod ishchisi Ozodlikka yuborgan maktubda.

Ismi sir qolishini so‘ragan zavodning boshqa bir ishchisi, Ozodlik bilan telefon suhbatida disklar majburan sotilganini tasdiqladi:

“Profsoyuz tashkil qildi bu narsani. “konsertini ko‘rdik diskini nima qilamiz” desak ham, “o‘n ming so‘mga o‘lib qolmaysan, olasan” deb majburlashdi. Nima ham derdik, oldik”, dedi zavod ishchisi.

O‘zini Jizzax akkumulyator zavodining kasaba uyushmasi raisi Shuhrat Xolbo‘tayevich deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda konsert disklari majburan sotilayotganini inkor qildi:

- To‘g‘ri Ozodbek Nazarbekov kelib yangi yilga tekin konsert qo‘yib berdi. Bu bizning korporativ tadbirimiz edi. Lekin o‘sha konsert diski ishchilarga majburan sotilyapti, degan gap noto‘g‘ri. Bunaqasi bo‘lmagan, deydi zavod kasaba uyushmasi raisi Shuhrat Xolbo‘tayevich.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish maqsadida, Ozodbek Nazarbekovning ma‘muri bilan bog‘landi. Ammo ma‘mur Ozodlik bilan gaplashishni istamadi.

Bundan avval ham O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bir qancha janjal yuzaga kelgan.

O‘tgan yilning 14 iyul kuni O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning Termizdagi “Alpomish” o‘yingohida belgilangan va avvaldan rosa reklama qilingan konserti bo‘lmagan va bu muxlislar g‘alaëniga sabab bo‘lgan edi.

2013 yilning boshida Ozodbek Nazarbekovning “tinglovchilar jonli ijro bilan fonogrammaning farqiga borishmaydi” deb bayonot bergani muxlislarning ko‘ngliga og‘ir botib, xonandaning bu gaplari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan edi.

XS
SM
MD
LG